O‘zbekistonda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish maqsadida “Issiqlikta’minoti” AJ va Koreyaning HSCMT kompaniyasi o‘rtasida 2,3 mln dollarlik hamkorlik memorandumi imzolandi.
Loyiha doirasida Angren shahrida sun’iy intellektga asoslangan “aqlli boshqaruv” tizimi sinov tariqasida joriy etiladi. Ushbu tizim orqali issiqlik va issiq suv ta’minoti raqamlashtirilib, energiya sarfi optimallashtiriladi hamda xizmat sifati oshiriladi.
Koreya kompaniyasi zamonaviy ultratovushli hisoblagichlar, avtomatlashtirilgan nazorat uskunalari va AI yechimlarini taqdim etadi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislarni o‘qitish va texnik qo‘llab-quvvatlash ham ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyiha 2 yil davom etadi va muvaffaqiyatli natijalar asosida uni butun respublika bo‘ylab joriy etish imkoniyati o‘rganiladi.

