Qarz

Date:

Ushbu voqeani odamlarning mehr-oqibati haqida faxr va hayrat bilan aytilgan gurunglardan birida eshitganman. 1980-yillarda Bandixon tumaniga borganimda qishloq ahli shu hodisani so‘zlab berishgan edi. Ular bir musulmonning janozasida yuz bergan voqeani hikoya qilishdi. Odamlar janoza o‘qish uchun saf tortib turishgandi. Imomlik qilayotgan mulla odatdagidek marhumning farzandlarini oldinga chaqirib, shunday dedi:

— Marhumning biror kimsadan qarzi bo‘lsa, ikki guvoh bilan kelsa, uni to‘lashni kim zimmasiga oladi?

Bu savoldan so‘ng sukut cho‘kdi. Ammo marhumning farzandlari bu mas’uliyatni zimmasiga olishmadi. Bir zumlik jimlikdan so‘ng pichir-pichir boshlandi. Marhumning o‘g‘illari qarzni bo‘yniga olish uchun oldinga chiqishmadi. Safda turgan bir kishi oldinga chiqib dedi:

— Marhum mening do‘stim edi. U qo‘li qisqaroq bo‘lgani uchun farzandlariga sunnat to‘yi qilish maqsadida mendan to‘rt ming so‘m qarz olgandi. Guvohlarim ham bor. Farzandlari qarzni zimmasiga olmaguncha janozani o‘qimang.

Buni eshitgan o‘g‘illari oldinga chiqishga jur’at eta olishmadi. Ko‘zlarini yerdan uzmay jim qoldilar. Mullaning ham chaqiriqlari havoga singishgandek bo‘ldi. Shu payt o‘n besh-o‘n olti yoshlar atrofidagi qiz oldinga chiqib, qat’iyat bilan dedi:

— Otajonimning qarzini men uzaman. Kim bu qarzni to‘lasa, voyaga yetganimda o‘sha kishiga turmushga chiqaman.

Bu so‘zlardan hamma larzaga keldi.

Shunda safda turgan sovxoz direktori kassirga qarab:

— Kassadan pul olib keling, kechgacha o‘rniga qo‘yib qo‘yamiz, — dedi.

Odamlar orasida pichir-pichir boshlandi: “Rais yosh qizni ko‘zlab qoldimi?” degan gumonlar paydo bo‘ldi.

Kassir pulni olib kelgach, direktor qizni chaqirib dedi:

— Mana, qizim, bu pulni ol. Mening oltita qizim bor edi, sen esa yettinchisi bo‘lding.

So‘ng marhumning do‘sti ham gapga qo‘shilib:

— Men roziman. Do‘stimning farzandlari qiynalmasin. Bilaman, ahvollaring og‘ir. Bu pulni olib, otalaringning ma’rakalarini o‘tkazinglar, — deb pulni bolalarga berdi.

Janozada qatnashganlarning barchasi bu insonlarning mardligi va saxovatiga qoyil qolishdi. Shu voqea orqali insoniy mehr-oqibatning naqadar kuchli ekanini yana bir bor his qilishdi.

Marhum so‘nggi manzilga kuzatildi. Biroq mahallada hech kim o‘g‘illar haqida ham, oriyatli qiz haqida ham bir og‘iz so‘z demadi. Hamma safda jim ekanligidan uyaldi, nochor oilaning qarziga ko‘mak bera olmaganidan xijolat bo‘ldi. Bu voqeani qayerda bo‘lsam ham so‘zlab bersam, ko‘zimga yosh keladi.

Shomirza USMONOV,

Termiz tumani,

“Qahramon” mahallasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

UMR — ILM, XIZMAT VA SHARAF YO‘LI

Ustoz haqida so‘z yuritish — bu shunchaki bir insonning...

SO‘Z VA SHAXSIYAT

So‘z – har qanday ulug‘ san’atkor ijodida muallif ko‘zlagan...

ZAMON  BILAN  HAMNAFAS

Bugungi tezkor va axborotga boy davrda inson ongini shakllantirish,...

“XABEAS KORPUSI” —  KECHADAN BUGUNGA

Inson erkinligi — har qanday demokratik jamiyatning eng oliy...
KunTun
KunTun