Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Zero, har qanday sohada adolat va shaffoflik ta’minlanmas ekan, rivojlanish va xalq roziligiga erishib bo‘lmaydi.Bu borada yurtimizdagi eng yirik moliyaviy muassasalardan biri bo‘lgan — Xalq banki tizimida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xalq bankida korrupsiyaga qarshi kurashish shunchaki shior emas, balki kundalik ish jarayonining ajralmas qismiga aylandi. Bank tizimida xalqaro standartlarga mos keluvchi “Komplayens-nazorat” tizimi joriy etilgan bo‘lib, bu tizim bankning barcha bo‘g‘inlarida qonunbuzilish holatlarining oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Xususan, bank xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish borasida salmoqli ishlar qilindi:
Kredit ajratish jarayoni: Endilikda kredit olish uchun bank xodimining “subyektiv” xulosasi emas, balki skoring tizimi (inson omilisiz baholash) xulosasi asos qilib olinmoqda.
Pensiya va nafaqalar: Millionlab vatandoshlarimizning ijtimoiy to‘lovlari bank kartalari orqali manzilli va shaffof yetkazib berilmoqda. Shuningdek, fuqarolarga naqd pul ko‘rinishida pensiya mablag‘lari Face-ID tizimi orqali tarqatilmoqda.
Mobil ilovalar: Bank xizmatlaridan masofaviy foydalanish imkoniyati mijoz va bank xodimi o‘rtasidagi bevosita muloqotni kamaytirdi.
Bank faoliyatida ochiqlikni ta’minlash maqsadida jamoatchilik bilan qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir mijoz bank tizimidagi noqonuniy xatti-harakatlar yoki tamagirlik holatlari bo‘yicha maxsus “Ishonch telefonlari” va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy (komplayens@xb.uz) aloqa kanallari, “Tezkor xabar” mobil ilovasi, ishonch telefoni, shuningdek, bank rasmiy veb-saytining “Anticorruption” sahifasi orqali murojaat qilishi mumkin. Har bir murojaat qat’iy nazoratga olinib, tezkor choralar ko‘rilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat jazolash emas, balki xodimlarda “halollik vaksinasi”ni shakllantirish hamdir. Shu maqsadda bank xodimlari o‘rtasida muntazam ravishda o‘quv-seminarlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Har bir xodim o‘z faoliyatida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatini his qilishi tizimning bosh mezonidir.
Zero, tizimdagi islohotlarning bosh maqsadi — xalqimizga halol, sifatli va zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatishdir.
Chori Mamatmurodov,
AT Xalq banki viloyat Mintaqaviy
markazi Ichki nazorat va komplayens xizmati menejeri

