Termiz — strategik muloqot maydoni

Date:

O‘zbekistonning janubiy darvozasi bo‘lgan Termiz shahri muhim xalqaro muloqot markaziga aylandi. “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida “O‘zbekiston — Rossiya: Yevrosiyo makonida strategik sheriklik” mavzusida nufuzli konferensiya o‘z ishini boshladi. Mazkur anjuman ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan doimiy ekspertlar platformasi doirasida tashkil etilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Rossiyaning “Valday” xalqaro munozara klubi o‘rtasidagi hamkorlik asosida o‘tkazilib, unda siyosiy, iqtisodiy va ilmiy doiralarning yetakchi vakillari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi raisi Andrey Bistritskiy, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzinlar jam bo‘ldi. Konferensiya doirasida yalpi majlis, tematik sessiyalar hamda ekspertlar muhokamalari tashkil etildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan mutasaddilar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotganini, ularning mustahkam shartnomaviy-huquqiy bazaga tayanishini alohida ta’kidladi. Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida 400 dan ortiq hujjat amal qilayotgani, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari esa uzoq muddatli barqaror hamkorlikning asosi bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
— Eng muhim yo‘nalish — bu amaliy natijalarga yo‘naltirilgan hamkorlikdir, — deydi Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin. — Biz savdo, logistika va sanoat kooperatsiyasi orqali o‘zaro manfaatli loyihalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Bu esa aloqalarimizni yanada mustahkamlaydi.
Alohida e’tibor iqtisodiy hamkorlik ko‘rsatkichlariga qaratildi. So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshib, 2016-yildagi 4,2 milliard dollardan 13 milliard dollarga yetgani hamkorlikning amaliy natijalarini yaqqol ifodalaydi. Bu jarayonda transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish, savdo zanjirlarini kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash ustuvor yo‘nalish sifatida ilgari surildi.
Anjumanning Termizda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Qadimiy shahar bugun Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim nuqtaga aylanib bormoqda. Zamonaviy infratuzilma loyihalari, yangi savdo maydonlari va logistika markazlari esa hududning geoiqtisodiy ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Termizda o‘tkazilayotgan mazkur konferensiya ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni nafaqat mustahkamlash, balki uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Eng asosiysi, bu kabi muloqotlar real loyihalar, aniq natijalar va keng qamrovli iqtisodiy integratsiya uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Suhrob BOBOYEV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tafakkurning tirik tizimi

Globallashuv va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda har...

Eng kuchli himoya

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash masalasi nafaqat davlat siyosatining...

Termiz chorrahasida: turizm va xavfsizlik

So‘nggi yillarda Surxondaryo viloyati, xususan Termiz shahri nafaqat tarixiy-madaniy...

Sud: shakldan mazmunga…

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari mazmun-mohiyati jihatidan...
KunTun
KunTun