Sud: shakldan mazmunga…

Date:

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari mazmun-mohiyati jihatidan tub burilish bosqichini boshdan kechirmoqda. Ushbu islohotlarning markazida esa “inson qadri” tamoyili turib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash va adolatli sudlovga erishish darajasini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
O‘tgan davr mobaynida sud-huquq sohasida yuzlab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, yangi protsessual kodekslar joriy etildi, mavjudlari esa zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqildi. Bu esa sudlov jarayonlarini aniq, shaffof va samarali tashkil etishga xizmat qildi.
Islohotlarning eng muhim jihatlaridan biri — sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan institutsional o‘zgarishlardir. Oliy sud va xo‘jalik sudlarining birlashtirilishi, Sudyalar oliy kengashining tashkil etilishi, ma’muriy sudlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi sud tizimini yaxlit va mustaqil institut sifatida shakllantirishga xizmat qildi. Ayniqsa, ma’muriy sudlarning joriy etilishi fuqarolar va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarda mutanosiblikni ta’minlab, davlat qarorlari ustidan samarali sud nazoratini kuchaytirdi.
Jinoyat sudlovini insonparvarlashtirish ham islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Tergov muddatlarining qisqartirilishi, qamoq choralarining cheklanishi, “xabeas korpus” institutining kengaytirilishi, jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish amaliyotining bekor qilinishi kabi choralar fuqarolarning shaxsiy daxlsizligini ta’minlashga qaratildi. Bu o‘zgarishlar sudning protsessual mustaqilligini mustahkamlab, ayblov emas, adolat ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Sud jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali “raqamli sud” tizimi shakllanmoqda. Elektron murojaatlar, onlayn sud majlislari, avtomatik taqsimlash, audioyozuv va ochiq ma’lumotlar bazasi kabi yangiliklar nafaqat sud ishlarining tezkorligini, balki shaffofligini ham ta’minlamoqda. Bu esa fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Sud qarorlarining ijrosini ta’minlash borasida ham jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Majburiy ijro tizimining markazlashtirilishi, raqamlashtirilishi va javobgarlikning kuchaytirilishi sud hujjatlarining “qog‘ozda qolib ketmasligi”ni ta’minlashga qaratildi. Ayniqsa, aliment to‘lovlari nazoratining raqamlashtirilishi ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirdi.
So‘nggi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar esa sud tizimi rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Sudyalar musta-qilligi, ularning daxlsizligi, Konsti-tutsiyaviy sud vakolatlarining kengayishi, fuqarolarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqi — bularning barchasi huquqiy davlat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Sudyalarning qayta saylanish tartibi, tayinlash mexanizmlarining takomillashtirilishi esa tizimda professionalizm va xolislikni ta’minlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, nizolarni sudgacha hal qilish, mediatsiya institutlarini rivojlantirish orqali sud yuklamasini kamaytirish va jamiyatda murosaga asoslangan huquqiy madaniyatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu esa faqat sud orqali emas, balki kelishuv orqali ham adolatga erishish imkoniyatini kengaytiradi.
Yaqin istiqbolda sud tizimida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, interaktiv xizmatlarni kengaytirish, sudyalar korpusini sifat jihatidan mustahkamlash kabi vazifalar belgilangan. Bu esa sud-huquq sohasini nafaqat milliy, balki xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Suhaylo Abdixaliqova,
Termiz tumanlararo ma’muriy sudi
arxiv mudiri

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tafakkurning tirik tizimi

Globallashuv va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda har...

Eng kuchli himoya

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash masalasi nafaqat davlat siyosatining...

Termiz chorrahasida: turizm va xavfsizlik

So‘nggi yillarda Surxondaryo viloyati, xususan Termiz shahri nafaqat tarixiy-madaniy...

Sud: shakldan mazmunga…

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari mazmun-mohiyati jihatidan...
KunTun
KunTun