Viloyatimizda transport infratuzilmasini tubdan yangilash va hududning logistika salohiyatini oshirishga qaratilgan yana bir yirik loyiha amaliy bosqichga o‘tdi.Bu nafaqat temir yo‘l tizimidagi texnik yangilanish, balki viloyat iqtisodiy taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ish-laydigan strategik qadam sifatida e’tirof etilayotgani bilan ahamiyatli.
Prezidentimizning joriy yil 26–27-fevral kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida 103 kilometr uzunlikdagi “Qumqo‘rg‘on – Quduqli” temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlari boshlandi.
Mazkur loyiha yuk va yo‘lovchi tashish tizimini zamonaviy-lashtirish, harakat tezligi va xavfsizligini oshirish, eng muhimi, tezyurar poyezdlar qatnovi uchun zarur infratuzilmani yaratishga xizmat qiladi. Elektrlashtirish orqali energiya samaradorligi oshib, ekspluatatsiya xarajatlari kamayishi kutilmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov loyiha taqdimoti bilan yaqindan tanishib, uning texnik-iqtisodiy asoslari, bosqichma-bosqich amalga oshirish rejasi hamda yakuniy natijalari yuzasidan mutasaddilar hisobotini tingladi.
E’tiborlisi, loyihaga viloyat hokimi tomonidan tantanali tarzda start berildi. Viloyat rahbari boshchiligida, ko‘pni ko‘rgan pir-u badavlat otaxonlarning duolari va ezgu niyatlari ila boshlangan ish esa, albatta, barakali yakun topib, hudud taraqqiyoti va xalq farovonligiga xizmat qiladigan yirik bunyodkorlik ishlaridan biriga aylanadi. Bu esa mazkur tashabbus nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini anglatadi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu temir yo‘l liniyasining elektrlashtirilishi natijasida hududda yangi ish o‘rinlari yaratiladi, yuk tashish hajmi ortadi va eksport-import operatsiyalari uchun qulay sharoit shakllanadi. Eng muhimi, aholi uchun tezkor, xavfsiz va qulay transport xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
“Qumqo‘rg‘on – Quduqli” temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish loyihasi Surxondaryoning transport xaritasini tubdan yangilash bilan birga, uni mamlakatimizning muhim logistika markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa viloyatning iqtisodiy raqobatbardoshligini oshirib, kelajak taraqqiyotiga mustahkam zamin yaratadi.
“Surxon tongi”

