Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash masalasi nafaqat davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, balki jamiyat barqaror rivojining asosiy shartiga aylangan. Ayniqsa, globallashuv kuchayib borayotgan bir davrda korrupsiya har qanday sohaning rivojiga jiddiy to‘sqinlik qiluvchi omil sifatida baholanmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan “Biz korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida o‘tkazilgan davra suhbati mazkur illatga qarshi kurashda muhim tashkiliy-amaliy qadam bo‘ldi. Unda korrupsiyaning mohiyati, uning jamiyat va davlat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, shuningdek, unga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazolash bilan cheklanib qolmasligi, balki uning oldini olish, ya’ni korrupsion xavflarni oldindan aniqlash va bartaraf etishga qaratilishi zarur. Bu borada “halollik vaksinasi” tushunchasi alohida ahamiyat kasb etadi. U jamiyatda halollik, adolat, mas’uliyat va qonunlarga hurmat kabi fazilatlarni shakllantirish orqali korrupsiyaga nisbatan mustahkam immunitet hosil qilishni nazarda tutadi.
Bugungi islohotlar doirasida ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va resurslardan oqilona foydalanish bilan bir qatorda, aynan korrupsiyasiz muhitni yaratish ham ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda. Chunki korrupsiyadan xoli tizimgina adolatli, samarali va xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi boshqaruvni ta’minlay oladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash — bu faqat davlat organlarining vazifasi emas, balki har bir fuqaroning ongli tanlovi va mas’uliyatidir. Jamiyatda halollik ustuvor qadriyatga aylangan taqdirdagina bu illat ustidan haqiqiy g‘alabaga erishish mumkin.
A.Meliqulov,
Viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi

