Ekinlar malikasi

Date:

Qadimgi Xitoy qo‘lyozmalarida oshqovoq — ekinlar malikasi deb ta’riflangan. O‘sha davrlarda Xitoy imperatorining bog‘ida maxsus ajratilgan joylarda oshqovoq yetishtirilgan. Imperator o‘ziga yaqin, hurmat qilgan insonlarini oshqovoq sharbati bilan siylagan. Undan turli xil murabbo, sharbat, chuchvara, somsa, manti va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash mumkin.
Ta’kidlash o‘rinliki, oshqovoq insoniyatga miloddan avvalgi 5000-yillardan beri ma’lum. Uning vatani Markaziy Amerika hisoblansa-da, Buyuk Ipak yo‘li orqali O‘rta Osiyoga kelib, xalqimizning milliy taomlari ajralmas qismiga aylangan. Qadimda oshqovoqning po‘stlog‘idan nafaqat idish-tovoq (ko‘za, qoshiq), balki musiqa asboblari va bolalar uchun o‘yinchoqlar ham yasalgan. Ispaniyada har yili “Qovoq” bayrami o‘tkaziladi. Bu festivalda 30 xildan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlanadi.
Oshqovoq tarkibidagi Fitin moddasi organizmdan zaharli moddalarni haydab chiqaradi va ovqat hazm qilishda samarali modda hisoblanadi. Urug‘ini kungaboqar urug‘i kabi iste’mol qilish mumkin. Uning tarkibidagi “Kukurbitin” aminokislotasi inson ichki a’zolariga in qurgan turli xil qurtlarning kushandasidir.
50 foizga yaqin insonning o‘t qopida shunday parazitlar yashaydi. Ularni yo‘qotish uchun oshqovoq urug‘ini iste’mol qilib turish kerak. 3-4 kun mobaynida nahorda 100 gramdan oshqovoq urug‘i iste’mol qilinib, ustidan qaynatilgan suv ichsangiz, tanangizdagi parazitlardan xalos bo‘lasiz. Sut va oshqovoq urug‘laridan tayyorlangan sharbat buyrak og‘rig‘ini qoldirib, qovuq-tosh va sistit kabi kasalliklarga davodir. Yosh bolalar tanasidagi gijjalarnii yo‘qotish uchun qovoq urug‘ini iste’mol qilishi kerak.
Shuningdek, oshqovoq juda noyob “T” vitamini (karnitin)ga boydir. Bu vitamin ​og‘ir va yog‘li ovqatlarning hazm bo‘lishini tezlashtiradi. ​Moddalar almashinuvini yaxshilab, semizlikning oldini oladi.
​Qon quyulishining oldini oladi va trombotsitlar hosil bo‘lishini me’yorlashtiradi.
Qovoqning yana bir yaxshi tomoni — u bir yilda sifat xususiyatini yo‘qotmasdan yaxshi saqlanadi. Qovoq urug‘ida 55 foiz yog‘ va 22 foiz oqsil bor. Demak, u pista yog‘idan oziqaliroq. Qovoq yog‘i har qanday holatda boshqa iste’moldagi yog‘larga nisbatan foydaliroq bo‘lib, hatto sariyog‘ga nisbatan ko‘proq samara beradi.
Qovoq qaynatmasi chanqovbosdi ichimlikdir. Yaponiyalik dietolog D.Osava qovoq urug‘ini foydali ozuqa mahsuloti sifatida o‘zining ovqatlanish jadvalida birinchi o‘ringa qo‘ygan.
Sababi, qovoq urug‘ida ruh, temir, magniy, kalsiy, fosfor oqsilining ko‘pligidadur. Qovoqning janubiy turlarida hatto olmadagidan ham ko‘proq miqdorda qand moddasi, turli minerallar, karotin va B, E, RR, C vitaminlari bor.
Bu esa yosh bolalarning ovqatlanish ratsionida muhim rol o‘ynaydi.
Olimlarning fikricha, qovoqdan tayyorlangan ovqatlarni iste’mol qilish, xafaqon, semirish va moddalar almashinuvining buzilishi bilan bog‘liq kasalliklarda foydalidir. Uyqusizlikka chalingan bemorlarga azaldan qovoq suvi asal bilan qaynatilgan holatda ichish tavsiya etilgan. Shuningdek, qontomir kasalliklarini, aterosklerozni, buyrak va jigar xastaliklarini davolashda keng qo‘llanilgan.
Qovoq tarkibida ko‘p miqdorda lyutein moddasi bo‘lib, bu modda yurak-qontomir kasalliklarining oldini oladi. Shuningdek, ko‘zni ravshanlashtirishda profilaktik vosita hisoblanadi. Qovoq qaynatmasi peshob haydash xususiyatiga ega bo‘lib, tanadagi shishlarni yo‘qotishda qo‘llab kelingan. O‘smirlarda sochlarning haddan tashqari yog‘lanishi, sochda qazg‘oq ko‘payishining oldini olishda davo sifatida qovoq urug‘i iste’mol qilinishi kerak.
Abu Ali ibn Sino oshqovoq mevasidan tayyorlangan qaynatmani ko‘krak og‘rig‘i va yo‘talni davolashda ishlatgan. Xom (pishirilmagan) oshqovoqdan olingan sharbatni burunga tomizish yo‘li bilan tish og‘rig‘ini to‘xtatishda foydalangan. Qolaversa, Buyuk hakim “Tib qonunlari” asarida oshqovoqni “sovuq va ho‘l” tabiatli ozuqa sifatida ta’riflagan. U oshqovoq sharbatini atirgul moyi bilan aralashtirib, quloq og‘rig‘ida foydalangan.
O‘rta Osiyo xalqlari qadimdan oshqovoq po‘stlogining qaynatmasi bilan teri kasalliklarini davolashgan, kuyganda va sovuq urganida malham sifatida ishlatishgan.

B.Jo‘rayev,
Fan va texnika sohasidagi Abu Rayxon Beruniy nomli O‘zbekiston davlat mukofoti laureyati, Q.X.F.N
X.jumayev,
olim-agronom, mutaxassis
M.Jo‘rayeva,
shifokor-dorishunos
J.Jo‘rayev,
mustaqil izlanuvchi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Voice up” start oldi

“Voice up” (Fikringni ber) yoshlar oromgohi Surxondaryoda start oldi....

Ekinlar malikasi

Qadimgi Xitoy qo‘lyozmalarida oshqovoq — ekinlar malikasi deb ta’riflangan....

Hamkorlik yangi bosqichda

Bugungi globallashuv sharoitida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni...

Tajriba va tarbiya maktabi

Termiz shahridagi 8-sonli umumta’lim maktabida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi...
KunTun
KunTun