Boysun tumanida muborak Ramazon hayiti ko‘tarinki ruh, samimiylik va ezgulik kayfiyatida kutib olindi. Bu yilgi Ramazon oyi har bir inson qalbida chuqur iz qoldirib, sabr-toqat, mehr-shafqat va bag‘rikenglik kabi yuksak insoniy fazilatlarni yanada mustahkamladi.
Bayram tongida tumandagi Boysun jome’ masjidida yuzlab namozxonlar jam bo‘lib, hayit namozini ado etdilar. Ushbu muborak lahzalarda yurtdoshlarimiz Yaratganga shukrona aytib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va kelajagimiz ravnaqi uchun ezgu duolar qildilar.
Tadbirda tuman hokimi Boxadir Shukurov ishtirok etib, barcha aholini Ramazon hayiti bilan samimiy tabrikladi. O‘z nutqida u ushbu muqaddas ayyom insonlarni yaxshilikka undashi, jamiyatda mehr-oqibat va o‘zaro hurmatni yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Bugungi kunda bunday ulug‘ bayramlarning dolzarbligi yanada ortib bormoqda. Zero, Ramazon hayiti insonlarni birlashtiradi, qalblarni poklaydi va jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlaydi. Ayniqsa, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, ota-ona va yaqinlar holidan xabar olish kabi ezgu amallar xalqimizning asriy qadriyatlari sifatida namoyon bo‘lmoqda.

