Insoniyat taraqqiyoti qanchalik ildamlamasin, ayrim illatlar borki, ular ham hamnafas ravishda o‘z qiyofasini o‘zgartirib, jamiyat tomiriga bolta urishda davom etmoqda. Shulardan eng xatarlisi — giyohvandlikdir. Bugun bu illat shunchaki tibbiy muammo emas, balki millat genofondini yemiruvchi, oilalar baxtiga raxna soluvchi va iqtisodiyotga ulkan zarar yetkazuvchi global xavfga aylandi.
Raqamlar ortidagi fojia
O‘zbekistonda oxirgi besh yillikda kuzatilayotgan statistik ko‘rsatkichlar har qanday kishini sergak torttiradi. Raqamlarga nazar tashlasak, vaziyatning jiddiyligi yaqqol namoyon bo‘ladi:
Narkojinoyatlar: Oxirgi 5 yilda 2 baro-barga ortganligi vaziyat jiddiylashganligini izohlay oladi.
Musodara qilingan moddalar: Umumiy giyohvandlik vositalari 8,5 barobarga, sintetik vositalar esa hayratlanarli darajada — 400 barobarga ko‘paygan.
Dispanser nazorati: Bugungi kunda 8,5 mingga yaqin fuqaro narkologik bemor sifatida ro‘yxatda turibdi. Bu ko‘rsatkich ham so‘nggi yillarda ikki barobardan ziyodroqqa oshgan.
Sintetik og‘ular — yashirin qotil
Ayniqsa, “sintetika” deb ataluvchi sun’iy kimyoviy moddalarning yoshlar o‘rtasida tarqalayotgani eng achinarli holatdir. Ular an’anaviy giyohvandlik vositalaridan ko‘ra arzonroq, lekin inson ruhiyati va jismiga yetkazadigan zarari bir necha barobar kuchliroqdir. Bir marta iste’mol qilishning o‘ziyoq insonni umrbod nogironlikka yoki aqliy zaiflikka yetaklashi mumkin.
Davlat va jamiyat zimmasidagi mas’uliyat
Giyohvandlik nafaqat shaxsning o‘zini, balki davlat byudjetini ham og‘ir yuk ostida qoldiradi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bir nafar narkobemorni davolash uchun davlat byudjetidan yiliga 60 million so‘mgacha mablag‘ sarflanmoqda. Bu mablag‘lar aslida ilm-fan, ta’lim yoki ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilishi mumkin edi.
Hukumatimiz tomonidan ushbu illatga qarshi kompleks chora-tadbirlar belgilanmoqda, qonunchilik takomillashtirilyapti. Biroq, faqat huquq-tartibot idoralari kuchi bilan bu baloni yengish mushkul. Har bir mahalla, maktab va ota-ona o‘z farzandining xulq-atvori va davrasiga e’tiborli bo‘lishi shart.
Giyohvandlikka qarshi kurashish faqat mutaxassislarning emas, balki har bir vijdonli fuqaroning burchidir. Yoshlarimizni bu botqoqdan asrash — kelajagimizni asrash demakdir.
Akmal BABAYAROV,
Denov tuman adliya bo‘limi YXKM boshlig‘i

