Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlariga oid normalarning bir necha baravar oshirilgani bejiz emas. Bu, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, uning sha’ni va erkinligini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini anglatadi.Ayniqsa, Konstitutsiyaning 28-moddasida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qator muhim kafolatlar mustahkamlandi. Bu normalar jinoyat protsessida shaxs huquqlarini ta’minlash, adolat mezonlarini mustahkamlash va odil sudlovni ro‘yobga chiqarishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
28-moddaga ko‘ra: “Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak”.
Mazkur qoida aybsizlik prezumpsiyasining mantiqiy davomi hisoblanadi. Jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvchi va tergovchi tergov harakatlari orqali, sud esa sud tergovi jarayonida dalillar to‘playdi. Ayrim hollarda to‘plangan dalillarni baholashda shubhalar yuzaga kelishi mumkin. Shunday vaziyatda shubha ayblov tomoniga emas, himoya foydasiga talqin etilishi shart.
Shaxsni aybli deb topish uchun yetarli va ishonchli dalillar mavjud bo‘lishi lozim. Aks holda, shubhali yoki yetarli bo‘lmagan ma’lumotlarga asoslanib shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emas. Agar tergov jarayonida ayb e’lon qilingan bo‘lsa-yu, sudda bu aybni tasdiqlovchi yetarli dalillar topilmasa, oqlov hukmi chiqariladi. Chunki “isbotlanmagan ayb — isbotlangan aybsizlikka teng” degan tamoyil amal qiladi. Bunday konstitutsiyaviy kafolatlar Ozarboyjon, Chexiya, Gruziya, Xorvatiya, Yaponiya va Slovakiya konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yana bir muhim norma belgilandi: “Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin”.
Bu norma jinoyat protsessida isbotlash majburiyati to‘liq tergov organlari zimmasida ekanini qat’iy belgilay-di. Jinoyatni fosh etish va aybdorni aniqlash vazifasi davlat organlariga yuklatilgan bo‘lib, shaxs o‘zini himoya qilish jarayonida faol ishtirok etishga majbur emas. U ushlangan vaqtidan boshlab hukm chiqarilgunga qadar sukut saqlash huquqiga ega.
Eng muhimi, sukut saqlash huquqi shaxsning erkinligi cheklangan zahoti unga tushuntirilishi shart. Bu huquq shaxsga advokati bilan maslahatlashmaguncha hech qanday ko‘rsatuv bermaslik imkonini beradi va uni ehtimoliy bosim hamda majburlashdan himoya qiladi.
Konstitutsiyaning 28-moddasida yana bir muhim kafolat belgilandi: “Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas”. Bu qoida bir necha muhim maqsadlarga xizmat qiladi. Birinchidan, u shaxsni tezkor-qidiruv xodimlari, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan bosim o‘tkazilishidan himoya qiladi. Ikkinchidan, majburan aybni tan oldirish amaliyotining oldini oladi. Uchinchidan, shaxsdan qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv olishni taqiqlaydi. Mazkur prinsip Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Paktda ham mustahkamlangan.
Yana bir muhim yangilik: “Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas”.
Huquqiy davlatda shaxsni faqat iqrorlik ko‘rsatuviga asoslanib aybdor deb topish odil sudlov tamoyillariga ziddir. Iqrorlik boshqa dalillar bilan tasdiqlanmasa, u yetarli asos bo‘la olmaydi. Shuning uchun tergovchi, prokuror va sud jinoyat sodir etilganligini, aybdor shaxsni va barcha muhim holatlarni har tomonlama, to‘liq va xolisona aniqlashi shart.
Yangilangan Konstitutsiya uzoq yillar davomida jamiyatda og‘riqli muammo bo‘lib kelgan masalaga ham nuqta qo‘ydi. 28-moddada: “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas”, deb belgilandi.
Ilgari ayrim hollarda qarindoshlaridan biri sudlangan bo‘lsa, boshqa oila a’zolarining ishga qabul qilinishi yoki yuqori lavozimlarga tayinlanishi cheklangan. Bu esa adolat va shaxsiy javobgarlik prinsiplariga mutlaqo zid edi. Jinoyat uchun butun bir oila yoki avlod javobgar bo‘lishi mumkin emas.
Sudlanganlik muayyan huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi, biroq bu oqibatlar faqat sudlangan shaxsning o‘ziga tegishli bo‘lishi lozim. Boshqa shaxslarning huquq va erkinliklariga ta’sir ko‘rsatishi insonparvarlik va adolat tamoyillariga ziddir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 28-moddasi inson huquqlarini himoya qilishning mustahkam konstitutsiyaviy poydevorini yaratdi. Bu o‘zgarishlar nafaqat huquqiy tizimni takomillashtiradi, balki fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini oshiradi.
B.Shadiqulov,
Sho‘rchi tuman prokurorining katta yordamchisi
A.Qirg‘izboyev,
tuman prokurori yordamchisi

