Bugun vohamizda, xususan Termiz tumanida bo‘layotgan o‘zgarishlar oddiy hodisa emas. Bu — yillar davomida orzu qilingan taraqqiyotning amaliy ko‘rinishi, Yangi O‘zbekiston g‘oyalarining hayotga ko‘chayotgan dalilidir. Ammo achinarlisi shundaki, ayrim hollarda biz bu o‘zgarishlarni odatiy holdek qabul qilamiz, boriga shukr qilish, qilinayotgan mehnat va mas’uliyatni anglash tuyg‘usi esa yetarli darajada sezilmaydi.
Holbuki, bugun Surxondaryo viloyatiga, xususan Termiz tumaniga qaratilayotgan e’tibor — tarixiy imkoniyatdir. Prezidentimiz tomonidan joriy yilni Surxondaryo uchun alohida e’tibor yili sifatida belgilash borasida bildirilgan fikrlar hududda olib borilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini yanada teranlashtirmoqda. Bu e’tibor qog‘ozdagi shior emas, balki aniq loyihalar, real bunyodkorlik va xalq farovonligiga xizmat qilayotgan amaliy ishlar bilan namoyon bo‘lmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi bugun Termiz tumanida yangi sahifani ochmoqda. Ushbu dastur doirasida qo‘shimcha beshta mahalla tanlab olinib, ularda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” konsepsiyasi asosida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi.
Bu — shunchaki asfalt yotqizish yoki devorlarni bo‘yash emas. Bu — mahallani yashash uchun qulay, bolalar uchun xavfsiz, keksalar uchun osoyishta, tadbirkor uchun imkoniyatga boy makonga aylantirishdir. Bu — kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni bugundan ado etishdir.
Ushbu ezgu tashabbus ijrosi doirasida vilyat hokimi Termiz tumanidagi infratuzilma loyihalarini joyida ko‘zdan kechirmoqda. Yo‘lbo‘yi xonadonlarining shaharsozlik talablari asosida ta’mirlanishi, ko‘chalar qiyofasining yangilanishi, mahallalardagi o‘zgarishlar — bularning barchasi rahbarning masalani kabinetdan turib emas, balki joyiga chiqib, ahvolni ko‘z bilan ko‘rib baholayotganidan dalolatdir.
O‘rganishlar davomida elektr tarmoqlarini yangilash, ichimlik suvi quvurlarini tortish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, piyodalar yo‘laklarini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Har bir loyiha bo‘yicha “qanday qilinyapti?”dan ko‘ra “nima uchun va kim uchun qilinyapti?” degan savol ustuvor bo‘ldi.
Viloyat hokimi tomonidan belgilab berilgan vazifalar faqat infratuzilma bilan cheklanib qolmadi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish — bular taraqqiyotning eng muhim mezonlaridir. Chunki yo‘l va bino odam uchun bo‘ladi, odam esa ish va daromad bilan farovon yashaydi.
Shu o‘rinda bir haqiqatni tan olishimiz kerak: bugun qilinayotgan ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Ularning ortida siyosiy iroda, rahbarning tashabbusi, mutasaddilarning mas’uliyati va minglab insonlarning mehnati turibdi. Ammo ba’zan jamiyatda “yana nimadir yetmayapti?” degan kayfiyat ustun kelib, bor ne’matni qadrlash, shukr qilish hissi yetarli darajada sezilmaydi.
Aslida esa shukr — ko‘z yumib maqtash emas, balki qilinayotgan yaxshilikni anglash, asrash va davom ettirish mas’uliyatidir. Agar bugungi o‘zgarishlarni qadrlamasak, ertangi taraqqiyotning qadriga ham yetmasligimiz mumkin.
Termiz tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari Surxondaryo viloyatini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqmoqda. Viloyat hokimi boshchiligida olib borilayotgan tizimli va mas’uliyatli ishlar nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Endi navbat jamiyatda — har birimizda qilinayotgan ishlarni qadrlash, shukr qilish, asrash va o‘z hissamizni qo‘shish orqali bu taraqqiyotga munosib bo‘lishdir. Chunki taraqqiyot faqat qurilishda emas, balki ongda, shukrda va mas’uliyatda davom etadi.
Komila Abdullayeva
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi, tuman Kengashi deputati

