Martabani tark etib, komillikka erishgan shoir

Date:

O‘zbek adabiyotining zabardast siymolaridan biri, zullisonayn shoir, adib, faqih, naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi So‘fi Allohyorning tug‘ilgan yili haqida xalqimiz orasida turli-tuman fikrlar bildirilgan.

Ilmiy tadqiqotlar va tazkiralarda qayd etilishicha, alloma 1644-yili Samarqanddagi Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida Allohquli (Temiryor) xonadonida tavallud topgan. Boshlang‘ich ta’limotni mazkur hududda olgan. 12 yoshgacha shu yerda istiqomat qilgan. Bolalik davridanoq aql-idroki tez, zehni o‘tkir, ilmga muhabbati kuchli bo‘lganligi sababli keyinchalik buyuk alloma, mutafakkir va ma’rifat peshvosiga aylangani tasodif emas, albatta.

Yigitlik chog‘larida So‘fi Allohyor ilm izlab va hayot tajribasini oshirish maqsadida Buxoroga yo‘l olgan. Davrning yirik siyosiy va ma’naviy markazi sanalgan Buxoroda u zotning salohiyati va tadbirkorligi e’tibordan chetda qolmagan. Shu bois Buxoro hukmdori Abdulazizxon tomonidan uning zimmasiga mas’uliyatli vazifa – boj mahkamasida to‘ralik lavozimi yuklatilgan.

So‘fi Allohyor o‘ziga topshirilgan vazifani sidqidildan, pok niyat bilan ado etishga intiladi. Ba’zan adolatni ta’minlash va qonun-qoidalarni mustahkamlash maqsadida muayyan qat’iyat va qattiqqo‘llikka yo‘l qo‘ygani haqida manbalarda qayd etiladi. Ana shu holat ayrim vaziyatlarda xalqning noroziligiga ham sabab bo‘lgani ma’lum. Biroq shunga qaramay, bu davr So‘fi Allohyorning hayotdagi muhim tajriba davri bo‘lib, undagi boshqaruv mahorati, adolat tushunchasi va insoniy fazilatlari aynan shu jarayonda shakllangani ta’kidlanadi.

So‘fi Allohyorning dunyoviy ishlarni tark etib, tariqat yo‘liga kirishiga olib kelgan voqea manbalarda tafsilotlari bilan zikr etilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, u Buxoroda bojxona xizmatiga kirib, bir necha yil davomida ma’lum darajada qattiqqo‘l va hatto shafqatsiz amaldor sifatida nom qozongan. Shu davrda Shayx Habibullohning muridlaridan biri savdo yuki bilan Buxoroga kirib kelganida, Allohyor tomonidan qattiq ta’qib va kaltaklanishi uning taqdirida hal qiluvchi burilish bo‘lgani aytiladi. Muridning hol-ahvolini eshitgan Shayx Habibulloh duo qilgani va ana shu duo hamda ruhiy ta’sir tufayli Allohyorning qalbida ilohiy bedorlik paydo bo‘lgani rivoyat qilinadi.

Bu voqeadan so‘ng, Allohyor qalbidagi tafakkur o‘zgaradi va u Naqshbandiya tariqatining mashhur shayxi – Shayx Habibullohning huzuriga borib, to‘liq tavba qiladi hamda tariqatga qo‘shilish istagini bildiradi. Shayx uni qabul qiladi va shundan so‘ng So‘fi Allohyor mansab, martaba, dunyoviy manfaatlarni barchasini tark etib, tasavvuf yo‘liga butun vujudi bilan kirib ketadi.

U zot o‘n yil davomida Buxorodagi Jo‘ybor shayxlari silsilasining namoyandasi – Shayx Habibulloh madrasasida ta’lim oladi, uning qo‘lida tasavvuf ilmini puxta o‘zlashtiradi. Tariqatning turli ruhiy mashqlari, odob va talablarini sidqidildan bajarib, shayxlik martabasiga ko‘tariladi, valiyulloh – Allohning do‘sti, karomat sohibi sifatida taniladi va ahli sunna aqidalarining yirik himoyachilaridan biriga aylanadi.

So‘fi Allohyor o‘z asarlarida ta’kidlashicha, u Shayx Habibullohdan tashqari yana bir qator ulug‘ ustozlar: So‘fi Navro‘z Buxoriy va Xo‘ja Mo‘min kabi ulamolardan ham dars olgan. Shu tariqa u shar’iy ilmlarni, xususan, tafsir, hadis, fiqh va tasavvufni mukammal egallagan; arab va fors tillarini esa yuksak darajada bilib, keyinchalik o‘zining mashhur asarlarini ana shu tillarda ham ijod etgan.

Shuningdek, manbalarda So‘fi Allohyorning aynan shu davrlarda zamonasining otashnafas, ishqiy va irfoniy ruh bilan sug‘orilgan she’riyat sohibi – Boborahim Mashrab (1650–1711) bilan yaqin muloqotda bo‘lgani ham rivoyat qilinadi. Ikki buyuk sofdil shayx va shoirning uchrashuvlari, suhbatlari va ruhiy mushohadalari ularning har ikkalasining ham ma’naviy dunyosida muayyan iz qoldirgani aytiladi. Mashrabning irfoniy muhabbatga asoslangan g‘oyalari va Allohyorning aqidaviy barqarorlikka yo‘naltirilgan ta’limoti o‘zaro mulohazalar orqali yanada boyigani turli tazkira va rivoyatlarda eslatib o‘tiladi.

Manbalarda ta’kidlanishicha, So‘fi Allohyor o‘zbek va fors tillarida bir qator nodir, ilmiy va irfoniy ahamiyatga molik asarlar yaratgan. Ular orasida quyidagilar alohida o‘rin tutadi:

1. “Maslakul muttaqiyn” (“Taqvodorlar maslagi”) — bu asar allomaning shoh asari sifatida e’tirof etilgan. Fors tilida yozilgan ushbu kitobda taqvo egalari yo‘li, axloqiy-irfoniy masalalar, insonning ruhiy kamolga intilishi kabi mavzular chuqur bayon qilingan. So‘fi Allohyorning ilmiy-pedagogik qarashlari aynan shu asarda to‘la namoyon bo‘ladi.

2. “Murodul orifiyn” (“Oriflar murodi”) — mazmuni bilan “oriflar orzusi” yoxud “irfon egalari maqsadi”ni anglatadigan bu asar ham fors tilida ta’lif etilgan. U o‘n besh fasldan iborat bo‘lib, o‘ttizga yaqin risola asosida yozilgan. Kitobda tasavvuf ilmiga oid keng qamrovli masalalar: nafs tarbiyasi, ruhiy mashqlar, zikr odoblari, shayx-murid munosabatlari kabi mavzular sharhlangan. Asarning ko‘plab qo‘lyozma nusxalari mavjud. Shulardan biri O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida 1716 raqam bilan saqlanmoqda.

3. “Maxzanul mutiy’iyn” (“Itoatkorlar xazinasi”, “Itoatkorlar zaxirasi”) — fors tilida yozilgan bu asar ikki asosiy bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘limda aqidaviy masalalar, insonning e’tiqodi, islomiy qarashlar poydevori haqida so‘z yuritilgan. Ikkinchi bo‘limda esa fiqhiy masalalar, amaliy ibodatlar, odob-axloq qoidalari bayon qilinadi. Kitobning o‘ziga xosligi shundaki, u aqida va fiqhni bir asarda uyg‘un tarzda qamrab olgan.

4. “Sabotul ojiziyn” (“Ojizlar saboti”, “Ojizlar matonati”) — ushbu asar aqoid ilmiga bag‘ishlangan bo‘lib, turkiy tilda nazmiy uslubda yozilgan. Muallif bu asarni “Maslakul muttaqiyn”dan keyin yozgan. Fors tilida yozilgan “Maslakul muttaqiyn” keng omma tomonidan katta muhabbat bilan kutib olingach, So‘fi Allohyorning yaqinlari va shogirdlari uni ona tilida ham yozib berishini so‘raydilar. Haq taologa tavakkul qilib, u zot bu iltimosni qabul qiladi va “Sabotul ojiziyn”ni qisqa vaqtda ijod etadi. Asar xalq orasida shiddat bilan tarqalgan, madrasalarda darslik sifatida o‘qitilgan va asrlar davomida musulmonlar uchun muhim ma’naviy dasturilamal vazifasini o‘tab kelgan.

“Sabotul ojiziyn” asari o‘z paydo bo‘lgan davridanoq keng kitobxonlar ommasi tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilingan. Uning oddiy xalq tilida ham yodlab yurilishi, dasturxon atrofida, masjid va madrasalarda ohang qilib qilib o‘qilishi – asarning xalq qalbida qanday chuqur o‘rin egallaganini yaqqol ko‘rsatadi.

Mazkur asarning xalq orasida tez ommalashgani, uning mazmuni oddiy, ravon va ta’sirli tili bilan birga, aqidaviy masalalarni jonli, tushunarli tarzda bayon etgani bilan ham bog‘liqdir.

“Sabotul ojiziyn” yuzlab yillar davomida, aniqrog‘i, uch yuz yildan ortiq vaqt mobaynida maktab va madrasalarda darslik sifatida o‘qitib kelingan. U tolibi ilm uchun qo‘llanma, taqvo va odob-axloq istaganlar uchun esa ma’naviy dasturilamal vazifasini o‘tagan. Bu asarning nufuzi faqat Movarounnahr bilan cheklanib qolmagan. “Sabotul ojiziyn” Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Afg‘oniston, Tatariston, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Xitoy, Vengriya va Rossiya kabi ko‘plab davlatlarda nashr etilgan.

Asarning bu qadar keng hududlarda tarqalishi uning ilmiy va ruhiy qimmatini yanada oshiradi. Shu bilan birga, uning tarqalishi moturidiya aqida maktabining mazkur yurtlarda mustahkamlanishi va ommalashuviga ham xizmat qilganini aytish o‘rinlidir. Ba’zi tadqiqotchilar va adabiyotshunos olimlar So‘fi Allohyor merosini o‘rganar ekan, unga tegishli deb qayd etilgan yana bir nechta asarlarga e’tibor qaratadilar. Jumladan, “Najotut tolibiyn”, “Favzun najot” kitoblari hamda “Mevalar munozarasi” nomli manzuma ayrim manbalarda So‘fi Allohyor qalamiga mansub ekani aytilgan. Garchi bu asarlarning muallifligi haqida bahslar mavjud bo‘lsa-da, ularning uslubiy xususiyatlari, mazmun-mohiyati va tasavvufiy ruhi So‘fi Allohyor ijodiga yaqinligi bois, bir qator olimlar ularni shu ulug‘ zot nomi bilan bog‘laydilar.

Oktabr inqilobiga qadar So‘fi Allohyorning asarlari forsiy va turkiy tilda so‘zlashuvchi har bir mo‘min va musulmon uchun aziz va muqaddas ma’naviy meros sifatida qadrlanib kelgan. Har bir xonadon, har bir madrasa va ilmiy muhitda bu asarlar ehtirom bilan o‘qilgan, yosh avlod ular orqali aqida, odob va tasavvuf ta’limotini o‘zlashtirgan. Shunga muvofiq, asarlarga arabiy, forsiy va turkiy tillarda sharhlar yozilgan, mazmunni yaxshiroq anglash uchun maxsus lug‘at va ko‘llanmalar tuzilgan.

Afsuski, sobiq sho‘rolar davridagi mafkuraviy bosim va diniy merosga nisbatan salbiy siyosat natijasida So‘fi Allohyorning boy ilmiy-irfoniy merosi ta’qiqga uchradi. U zot haqida asossiz gap-so‘zlar, soxta ayblovlar tarqatildi, asarlari tanqid qilindi va ularga nisbatan munosabat sun’iy ravishda yomonlashtirildi. Natijada, uzoq yillar davomida bu ulug‘ allomaning nomi va merosi haqiqatdagi qadru qimmatidan uzoqlashtirildi.

Qayta qurish va oshkoralik davri, ayniqsa, Vatanimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng So‘fi Allohyorning nurli merosi yana o‘z qadriga qayta boshladi. Diniy-ma’naviy merosga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi, asrlar davomida xalq qalbida yashab kelgan, ammo taqiqlar oqibatida cheklangan bu buyuk zotning asarlari qayta targ‘ib etildi. Uning bir qator nodir kitoblari nashr etildi, yangi tadqiqotlar, ilmiy tahlillar, sharh va izohlar yozildi.

So‘fi Allohyorning hayoti va ijodiyotini o‘rganish yo‘lida ko‘plab salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ulamolarimiz tomonidan asarlari qayta o‘rganilib, sharhlandi, ziyolilar, muhaqqiqlar va adabiyotshunoslar tomonidan yangi ilmiy izlanishlar olib borildi. Natijada, xalqimiz yana bu asarlarni sevib mutolaa qiladigan, ulardan ma’naviy ozuqa oladigan bo‘ldi. So‘fi Allohyor merosi yana bir bor o‘zining haqiqiy qiymati, irfoniy qudrati va axloqiy ahamiyati bilan yurt ahli uchun ma’naviy manbaga aylandi.

So‘fi Allohyor nafaqat buyuk shoir va tariqat shayxi, balki yirik faqih, shariat ilmlarining mahoratli olim va samarali targ‘ibotchisidir. Uning barcha asarlari insonni haqiqiy islomni tushunishga, dinu diyonatga sadoqat bilan yo‘naltirishga qaratilgan. Muallif asarlari orqali odob-axloq, axloqiy tarbiya va fiqhiy bilimlarni oddiy va tushunarli tarzda bayon qilib, har bir insonni sof tasavvuf yo‘liga qadam qo‘yishga chaqiradi.

Shu bilan birga, So‘fi Allohyor ijodi nafaqat aqliy tafakkur, balki qalb va ruhni poklash, insonni ma’naviy yetuklikka erishtirish yo‘lida ham xizmat qiladi. Uning asarlari har davrda ham kishini ma’naviy boylikka, ibodat va axloq yo‘lida barkamollikka chorlaydigan ustozlik maqomida qadrlangan.

So‘fi Allohyor oyat va hadis ma’nolarini she’riy uslubda kitobxonga yetkazadi, ularning qalb torini chertadi, ruhiyatini ko‘taradi.

Umrining asosiy qismini haq yo‘liga, irfoniy bilimlar targ‘ibiga va tasavvuf ta’limotini keng xalq ommasiga singdirishga safarbar etgan So‘fi Allohyor zulm, zo‘ravonlik, takabburlik, sudxo‘rlik, vafosizlik, loqaydlik, tamagirlik, tanballik va behunarlik, mansab va mol-dunyoning ortidan erishayotgan g‘am-g‘ussa kabi illatlarni qat’iy ravishda qoralab, ularga nisbatan pand-nasihatlar beradi.

Shoir kishilarni kibru havodan voz kechib, hamjihatlik va birodarlikda yashashga, do‘stlik va sadoqatda bir-biriga naf yetkazishga, bir-biridan bahramand bo‘lishga da’vat etadi. U insonga aqli yetadigan ishni qilishi, qo‘ldan keladigan yumushni ado etishi, va’dasiga vafodorligi va ahdida sadoqatli bo‘lishi zarurligini uqtiradi.

So‘fi Allohyor insonga bajara olmaydigan, eplay bilmaydigan ishga qo‘l urmaslik, bergan va’dasini buzmaslik, dunyoga ortiqcha muhabbat qo‘ymaslik kerakligini eslatib o‘tadi. Chunki bu holat insonni har ikki olamda ham badnom va el ichida sharmisor qilishi mumkin. Uning pand-nasihatlari nafaqat shaxsiy axloqni tarbiyalashga, balki xalq orasida hamjihatlik, insoniylik va sof tasavvuf g‘oyalarini mustahkamlashga qaratilgani bois, So‘fi Allohyorning merosi har doim barkamol va ma’naviy yo‘l ko‘rsatuvchi yo‘lnamo sifatida qadrlanadi.

So‘fi Allohyor kishilarni bilim egallashga, kasb-hunar o‘rganishga da’vat etar ekan, ularni halol mehnat bilan, peshona terini to‘kib, rizqu ro‘zini topib yeyishga, pok yashashga undaydi. U har bir insonga birovlar minnati va jabrini tortmaslik, sabr va qanoat bilan yashash,  hayotda tamagirlik va beqarorlikka yo‘l qo‘ymaslikni ta’kidlaydi.

So‘fi Allohyorning bu ta’limotlari nafaqat shaxsiy axloqni tarbiyalash, balki xalq orasida adolatli, mehnatkash va insoniy fazilatlarga ega avlodni shakllantirishga xizmat qiladi.

So‘fi Allohyorning she’rlari kitobxonni halollik, poklik, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik va odamoxunlikka chaqiradi. U yoshlikdan ilm va ma’rifat egallash, sadoqatli, qanoatli va rizoli bo‘lish, ta’zim va tavoze’ bilan yashash, iymon va e’tiqodda mustahkam turish kabi fazilatlarga tarbiyalaydi.

Shoirning asarlari shu bilan birga g‘ayriinsoniy va g‘ayrisha’riy ishlardan parhez qilish, hayotni ma’naviy toza yo‘lda o‘tkazishga da’vat etadi. Bu fazilatlar insonning komilligi va ma’naviy yetukligining asosiy belgilaridir.

So‘fi Allohyorning she’riy merosi insondo‘stlik va islomiy ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan to‘la bo‘lib, kitobxonning qalbini tarbiyalab, ruhini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bobomiz dinimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan, o‘z qimmatli asarlari orqali moturidiya ta’limotining Movarounnahr va undan tashqari boshqa yurtlarga keng tarqalishiga xizmat qilgan buyuk ulamolardan biridir. Uning ilmiy va ma’naviy merosi xalqimiz va musulmon olami uchun nafaqat qadrli, balki ma’rifat va tasavvuf yo‘lining barkamol dasturi sifatida xizmat qiladi.

So‘fi Allohyor Kattaqo‘rg‘onda tavallud topgan bo‘lsa-da, uzoq yillar Buxoroda istiqomat qilgan, keyinchalik Kattaqo‘rg‘on va G‘uzorda yashagan. U oila qurib, farzandlarining tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan, minglab shogirdlar tarbiyalab, xalqning ma’naviy-ma’rifiy yuksalishiga munosib hissa qo‘shgan.

Umrining oxirida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumaniga qarashli Katta Vaxshivor qishlog‘iga kelib joylashgan. Bu yerda o‘zbek mumtoz adabiyoti va tasavvuf ilmi an’analarining davomchisi sifatida o‘ziga xos maktab yaratgan.

So‘fi Allohyor 1721 (ayrim rivoyatlarda 1724)-yili ushbu qishloqda olamdan o‘tgan. Hozirda uning ko‘plab avlodlari ham shu joyda yashab kelmoqda. Yerli aholi bu joyni avliyoning qadamjosi deb bilgan va uning yaqinida kichik masjid bunyod etgan. Natijada bu masjid va atrofi tarixiy ziyoratgohga aylangan hamda xalq orasida muqaddas va qadrli makon sifatida e’zozlanadi.

Oyatulloh AYNIDDIN,

Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Surxonning  samarqandlik  o‘g‘li

Vatan o‘z farzandlarini matonati, sadoqati, shijoati va beorom qalblari...

Novvoyning holiga  voy

Giyohvand moddalarni iste’mol qilish insonni zalolatga, salomatlikdan ayrilish va...

Iste’molchilar  huquqlari: nazorat  va  natija

Bugungi kunda iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish, sog‘lom raqobat...

Beparvolik  kechirilmaydi

Bugungi kunda viloyatimizda yangi bino va inshootlar qurilishi, ko‘p...
KunTun
KunTun