“O‘zbekiston-2030” strategiyasi va davlat dasturida ustuvor maqsad va vazifalar belgilanmoqda. Strategiyada davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmi va yil yakunlari bo‘yicha erishiladigan aniq natijalar bayon etilgan.
Dasturda 5 ta ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha muhim islohotlar nazarda tutilgan. Jumladan, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar va “O‘zbekiston-2030” strategiyasining amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasi doirasidagi har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur farmon loyihasi uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz veb-saytlariga joylashtirildi va 2026-yil 1-fevralga qadar keng jamoatchilik va ekspertlar muhokamalaridan o‘tkaziladi.
Jamoatchilik muhokamasidagi dasturning 83-maqsadida “Erkin fuqarolik jamiyatini va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha habga aylantirish” qayd etilgan. Unda,
- fuqarolik jamiyati institutlariga muloqot maydonini yaratish va ularning faolligini munosib rag‘batlantirish;
- Xayriya tashkilotlari va jamg‘armalarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirishning zamonaviy mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish,
- Nodavlat notijorat sektorda faoliyat yuritayotgan yosh va istiqbolli kadrlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish;
- BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ta’sis etilgan Xalqaro demokratiya kuni munosabati bilan demokratik boshqaruvda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va o‘rni mavzusida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumini tashkil etish;
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari uchun “Ijtimoiy ta’sirlar va notijorat tashkilotlarni boshqarish” qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini joriy etish;
- Davlat ijtimoiy buyurtmasi va autsorsing mexanizmlari orqali nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
- Xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida fuqarolik jamiyati institutlari doimiy vakili (maslahatchi) institutini joriy etish;
- Tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy jarayonlardagi faolligini rag‘batlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
- Sun’iy intellektga asoslangan “O‘zA foto banki”ni yaratish va O‘zAning arxiv fotosuratlarini raqamlashtirish asosiy vazifa etib belgilangan.
Muhokamadagi vazifalar ijrosi bo‘yicha Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mas’ul etib belgilangan.
Jamoatchilik muhokamasida faol ishtirok etib, har bir fuqaro o‘z takliflarini yuqorida qayd etilgan veb-saytlar orqali bildirishi mumkin.
Asomiddin Mamayusupov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi
bosh mutaxassisi

