45 kun: statistika muammo tug‘dirmaydi

Date:

Aholini ro‘yxatga olish nima uchun zarur, O‘zbekiston nima sababdan bu islohotni amalga oshirish uchun shuncha tayyorgarlik ko‘rdi, 45 kunlik safarbarlik asosida ro‘yxat shakllantirilishi nima uchun kerak?Eskilarning gapiga tayanmay, keksalarning nimanidir bilishini rad etib-da biror narsaga erishib bo‘lmaydi. Bugun tilimizda muqim o‘rnashgan aholini ro‘yxatga olish zaruratini uyning farishtalari shunday izohlayotir:
— O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida non, moy kabi kundalik oziq-ovqatlar uydagi jon boshiga qarab berila boshladi, — deydi termizlik N.Usmonova. — O‘sha paytlari har bir oilada “yangi chaqaloqlar dunyoga keldi”, bitta daftarchaga oila a’zolarimiz safiga qo‘shimcha ism-familiya kiritib qo‘yganmiz. Yoki Termizda o‘qiyotgan va kvartiraga uyimizda turgan bolalar, qizlar ham ro‘yxatimizda edi. Shuning evaziga bu ro‘yxatga olish juda zarur…
O‘sha daftardagi ismlarning bazada mavjud emasligini navqiron aqlim sezib turgan esa-da, sababini topganday bosh irg‘ayman. Darhaqiqat, shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamas.

Maqsad bor, manfaat bor…

Tan olish kerak, aholini ro‘yxatga olishdan maqsad bor. Shunchaki aholi sonini bilish, uning uyini “google map”dan belgilash asosiy maqsad emas… Ehtimol, eng avvaliga qaytarmiz…
Miloddan avvalgi 3000-yillarda Qadimgi Misrda fir’avnlar soliqlarni belgilash va harbiy kuchni hisoblash uchun aholining sonini qayd etgan. Demak, O‘zbekiston ham soliq to‘lovchilarni aniqlash uchun shunday yo‘l tutdimi?
“Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida berilgan barcha ma’lumotlar qonunga asosan maxfiy saqlanadi hamda soliqqa tortish yoki tekshiruv o‘tkazish uchun ishlatilmaydi. Savolnomada ko‘rsatilgan javoblar boshqa idoralarga taqdim etilmaydi. Ro‘yxatga olishda to‘plangan ma’lumotlar faqat umumiy statistik tahlil uchun xizmat qiladi. Ya’ni, qancha yer bor, qancha chorva mavjud — bular alohida shaxs yoki xonadon kesimida emas, umumlashgan holda e’lon qilinadi. Shu bois, savolnomani xavotirsiz va to‘liq to‘ldirishingiz mumkin”, deyiladi Statistika qo‘mitasi bayonotida. Demak, buyoqda boshqa gap bor.
Qadimgi Xitoyning Han sulolasi davrida miloddan avvalgi
II asrlarda muntazam ro‘yxatlar o‘tkazilib, aholining soni va yer egaligi hisobga olingan. Bu haqiqatga anchagina yaqin. Chunki…
— Men onlayn ro‘yxatdan o‘tish davrida aynan hozirgi paytda istiqomat qilayotgan manzilimni belgiladim, — deydi aslida Qumqo‘rg‘on tumanida ro‘yxatda turuvchi G.Oqboyeva. — Mana 15 yildirki, Termiz shahrida yashayman, bolalarim ham, turmush o‘rtog‘im ham boshqa manzilda doimiy ro‘yxatda turadi. Mazkur so‘rovnomada yashash manzilimizni to‘g‘ri ko‘rsatdik.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tgach, tekshiruvlar uyma-uy o‘tkazilishi vaziyatni yanada oydinlashtiradi. Census.stat.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tarkanmiz, nima uchun shunday nom berilganini ham bilib qo‘ying?.. Qadimgi Rimda har 5 yilda bir marta o‘tazilgan ro‘yxat soliqlar va harbiy xizmatni belgilashda asosiy vosita bo‘lgan va “census” atamasi ham Rimda kelib chiqqan. Bejiz bu so‘z tanlanmagandir, aholi qatlamini, hududning infratuzilmasini shaffofroq, ko‘zbo‘yamachilikdan xoli ko‘rsatish imkonini berar.
— O‘tgan yili Termiz tumani hokimining sayyor qabulida hududimizni suv bilan ta’minlash masalasida murojaat qilgan edim, — deydi uchqizillik D.Ravshanova. — Lekin hudud allaqachon ichimlik suvi bilan ta’minlanganligi hamda mahallada tomorqani sug‘orish uchun betonlashtirilgan suv yo‘laklari qurilib tugatilganligi haqida axborot berilganligini bildim. Shundan so‘ng, hokim o‘rganib, suv masalasini hal qilib berdi.
Ehtimol, shu singari ijtimoiy masalalar, aholi yashash sharoitini to‘laqonli aniqlash maqsadida so‘rovnomada: “uyning umumiy maydoni, qurilgan yili va tashqi devorlarda ishlatilgan materiallar”, “muhandislik kommunikatsiyalari — suv, gaz, elektr, issiq suv, isitish va internetga ulanganlik holati”, “sanitariya va gigiyena qulayliklari (hojatxona holati)” singari savollarga alohida ahamiyat qaratilgandir.

Jahonga bo‘ylashib, ko‘ramiz o‘ylashib…


BMT tavsiyasiga ko‘ra, har bir davlat har 10 yilda bir marta aholini ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak. Bu global demografik ma’lumotlarni taqqoslash imkonini beradi. O‘zbekistonda birinchi ro‘yxat 1897-yilda Turkiston general-gubernatorligi hududida Rossiya imperiyasi tomonidan o‘tkazilgan. Bu O‘zbekiston hududidagi birinchi rasmiy aholini ro‘yxatga olish hisoblanadi.
Unda aholining soni, milliy tarkibi, yoshi, jinsi va ijtimoiy holati haqida dastlabki demografik ma’lumotlar yig‘ilgan. Qo‘rqmang, sizning ma’lumotlaringiz sir saqlanadi, statistika siz uchun muammo tug‘dirmaydi. Chunki so‘nggi bor 1989-yilda o‘tkazilgan so‘rovnomalarda ishtirok etganlar ro‘yxatga olishdan so‘ng soliq oshganligini, aholini yoppasiga harbiy xizmatga jalb etilganligini eslay olmaydi. Vaholanki, o‘sha yillari O‘zbekiston hududida qariyb har 10 yilda aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
O‘zbekistonda 2026-yilgi ro‘yxat mustaqillik davrida birinchi keng qamrovli tadbir sifatida tarixiy ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish joriy yil 15-yanvardan 28-fevralgacha o‘tkaziladi. Bu tadbir Prezidentimizning 2025-yil 19-sentyabr-dagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan amalga oshirilmoqda va mamlakatning demografik, ijtimoiy-iqtisodiy hamda qishloq xo‘jaligi holatini to‘liq baholash uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, yangi davrda ro‘yxat ijtimoiy-iqtisodiy siyosat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilma rejalashtirishda asosiy manba bo‘lib qoldi.
Birinchidan, mazkur tashabbus davlat siyosati uchun asos: Ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy va infratuzilma loyihalarini rejalashtirishda foydalaniladi. Ikkinchidan, hududiy rivojlanish imkonini beradi — har bir viloyat va tuman bo‘yicha aniq demografik ko‘rsatkichlar shakllanadi.

Vaziyat xo‘jako‘rsinga ishlamaydi

Aholini ro‘yxatga olish — O‘zbekistonning kelajakdagi rivojlanish strategiyasini belgilashda hal qiluvchi bosqich. Bu jarayon orqali davlat aholining real holatini bilib, resurslarni adolatli taqsimlash imkoniga ega bo‘ladi. Shu bois, fuqarolarning faol ishtiroki va to‘liq ma’lumot berishi juda muhim.
— Termiz tumanidagi “Qo‘ng‘irot” mahallasi hududida ikkita maktab bor, lekin eski maktabda hanuz yangi o‘quv binosiga ehtiyoj saqlanib qolmoqda, — deydi Termiz tumanidagi 31-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi A.Tursunova. — Uch yildan buyon “bu yil aniq yangi bino quriladi”, degan gapni eshitamiz. Yangi ro‘yxat shakllangach, vaziyat oydinlashadi. Hududdagi bola soni hamda maktabning sig‘imi solishtiriladi va yangi binoga ehtiyoj borligi quyi bo‘g‘indan yuqoriroqqa bildiriladi.
Darhaqiqat, bu jarayon nafaqat demografik ma’lumotlarni yig‘ish, balki mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasini belgilashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Demografik ma’lumotlarning ahamiyati esa kelgusida ta’lim va bandlik siyosatini rejalashtirish uchun zarur. Masalan, yoshlar ulushi yuqori bo‘lsa, oliy ta’lim va ish o‘rinlari masalasi dolzarb bo‘ladi. Qolaversa, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar tizimini muvofiqlashtirishda muhim. Shunday ekan, ertangi istiqbolli kelajakni yaratishda faollik zarur.

Xurshid Karshiyev

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Suv tejaladi

Surxondaryo viloyatida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va hududlarning...

Yangi loyihalarga start berildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qiziriq tumaniga amalga oshirgan...

Tomorqadan samarali foydalanilsa…

Yurtimizda usta-dehqonlarni biriktirish orqali “Bir kontur — bir mahsulot”...

TEZKOR, TEJAMKOR, EKOLOGIK TOZA…

Viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, avvalo, inson qadrini...
KunTun
KunTun