O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Surxondaryo viloyatining olis hududida joylashgan Denov tumani, Xayrabod garnizonidagi harbiy qismda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Press-tur davomida ishtirokchilarga harbiy qism tarixi, uning tashkil etilishi va bugungi kunda milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar berildi. Mehmonlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, bilim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhit bilan yaqindan tanishdilar.

Xususan, kecha-kunduz faoliyat yuritayotgan kutubxona, zamonaviy o‘quv va mashg‘ulot xonalari, ma’naviy-ma’rifiy maskanlar, sport zali hamda dam olish hududlari katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, turli hududlardan kelgan harbiy xizmatchilar uchun tashkil etilgan baxshichilik, changqovuz chalish va chavandozlik to‘garaklari milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik, jismoniy va ma’naviy rivojlanish, shuningdek, zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar bilan ishlash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Press-tur Vatan himoyasi yo‘lida olib borilayotgan fidokorona xizmat, harbiy xizmatning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.

