Hurmatli Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasini yo‘llashga bag‘ishlangan tadbirda so‘nggi to‘qqiz yilda el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganimiz, iqtisodiyotimiz yangidan shakllanganligi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoyaning kengaytirilganligi, qonun ustuvorligi mustahkamlanganligi, eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Ijtimoiy himoyaning kengaytirilgani misolida viloyatimizda 723 ta mahallada 680 nafar ijtimoiy himoya xodimlari o‘z ish faoliyatlarini olib bormoqdaki, bir so‘z bilan aytganda, islohotlar aniq amaliy natijaga aylandi. So‘zimiz tasdig‘i sifatida tobora yangicha qiyofa kasb etayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis markazlari, maktab, bog‘cha va shifoxonalar, obod ko‘cha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar salmog‘i misol qilish mumkin.
Islohotlarni samarasi o‘laroq 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erisha oldik. Birgina vohamizda ham mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri yuksalib, mahallalarimizda 4 300 nafar “mahalla yettiligi” xodimlari va mahalla bankirlari ish faoliyatlari tashkil etildi. Shuningdek, viloyatdagi barcha mahallalarda katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli uch nafar faol nuroniyni beshta kambag‘al oilaga biriktirish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish hamda mahallada sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga jalb etildi.
Mahalla ahil bo‘lsa, jamiyat hamjihat va tinch bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi. Shu bois, Prezidentimizning 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilgani xalqimizni yanada ruhlantirdi.
2026-yilgi davlat dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topishini va oldimizga qo‘ygan maqsadlarni faqat o‘zimiz – katta hayotiy tajribaga ega mahalla raislari va faollari, hurmatli nuroniylarimiz, opa-singillarimiz, serg‘ayrat yoshlarimiz, ziyolilarimiz, ishbilarmon tadbirkorlarimiz, Vatan posbonlari, bir so‘z bilan aytganda, butun xalqimiz bilan birgalikda amalga oshiramiz.
Birinchi ustuvor yo‘nalish – mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat. Zotan, yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Hozirgi vaqtda qaysidir mahallada yo‘l, qaysi birida suv yoki elektr masalasi, boshqasida bog‘cha, maktab, tibbiyot, yana birida uy-joy bilan bog‘liq masalalarga alohida-alohida yechim berilmoqda. Ochiq aytish kerak, buning o‘zi bilan mahalladagi barcha masalalarni to‘liq hal qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun joriy yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etilishi ayni ko‘ngildagi tashabbus bo‘ldi. Jumladan, viloyatimizda Denov, Qiziriq va Muzrabot tumanlari tanlab olinib, ulardagi hamma mahallada barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratiladi. Joriy yilda 100 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilib, bog‘cha, maktab, poliklinika, shuningdek, ichki yo‘llar quriladi va ta’mirlanadi, kanallar beton bilan qoplanadi, sel-suv ombori barpo etiladi. Qolaversa, viloyatdagi 30 ta sharoiti og‘ir mahalladagi ishlar ham shunday tashkil qilinadi. Ularda bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi. Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Hokimlarga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirib, tejalgan mablag‘ni aholi o‘rtaga qo‘ygan masalalarni hal qilish uchun ajratishga ruxsat etilgani ham ibratli ishlarga debocha bo‘ldi. Bu orqali tumanlar byudjetida yiliga 5 trillion so‘mlik qo‘shimcha manba shakllanadi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanishi, kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘mni viloyatlarning o‘ziga berilishi, eng muhimi, bu mablag‘larning har bir so‘mi aholi uchun qo‘shilgan qiymat yaratadi. Shu bois, bu pullar qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish o‘rinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yo‘naltirilib, bunda qaysi mahalla raisi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri loyiha qilib, uni asoslab bersa, zarur mablag‘ni olishi mumkin bo‘ladi.
2026-yilda “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish uchun 5 trillion so‘m kredit va kredit foizining milliy valyutada 10 foizgacha, xorijiy valyutada 4 foizgacha bo‘lgan qismi Tadbirkorlik kompaniyasidan qoplab berilishi, buning uchun ham byudjetdan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Natijada mahallalarda 100 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, bunda har bir mahallada 40 tadan mikroloyihani amalga oshirib, aholini ishli qilish uchun mahalla bankirlari va hokim yordamchilariga joriy yilda yana
7,5 trillion so‘m resurs ajratiladi. Ushbu yilda aholini, xususan, xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinib, bunga 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi, mahalla yoshlarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida maktab kutubxonalarini har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanishi ham elning ma’naviy olami boyishiga xizmat qilajak.
Oziq-ovqat mahsulotlarini xalqimizga barqaror narxda yetkazib berish ham to‘liq isloh qilinib, bozorlarimizni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil-o‘n ikki oy barqaror narxda ta’minlash uchun 2026-yildan doimiy intervensiya tizimiga o‘tiladi. Hududlardagi “Oziq-ovqat jamg‘armalari”ga ajratiladigan resursni
2,5 barobar ko‘paytirib, 500 milliard so‘mga yetkazilishi, vohamizda meva-sabzavotga ixtisoslashgan mahallalarda sig‘imi 100 tonnagacha bo‘lgan kichik sovutkichli omborlar barpo etilishi ham har bir mahalla raisi va hokim yordamchisi, mahalla bankiri uchun dolzarb vazifasiga aylandi.
Avvalo, 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi. Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari; 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari; 200 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi; 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi, platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va ko‘rib chiqish muddatini nazorat qilish sun’iy intellekt orqali amalga oshiriladi. Sodda qilib aytganda, mahalladan tortib respublika darajasida hal bo‘ladigan har bir masalaning ijrochisi, muddati, resursi bir joyda ko‘rinib turadi, 2026-yilda Namangan, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahri, shuningdek, ulardagi tuman va mahallalarda qurilish, adliya, oliy ta’lim, soliq idoralari va ularning viloyat, tuman bo‘limlarida ushbu platforma to‘liq sinovdan o‘tkaziladi.
Bu kabi islohotlar mahalla yettiligi uchun ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Saydulla ABDURAIMOV,
O‘zbekiston mahallari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

