Ekologik muvozanatni ta’minlash, chang-to‘zonlarning oldini olish bo‘yicha viloyatimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bu toza havodan nafas olishimiz, sog‘lom hayot kechirishimiz uchun juda muhim. Qolaversa, uzoq umr ko‘rishning kafolati ham shunda. Afsuski, xalq tili bilan aytganda “afg‘on shamoli” nafaqat sog‘ligimizga, obodligimizga, tozaligimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgani ayni haqiqat. So‘nggi yillarda esa bu holat anchayin bosilganiga ko‘pchilik amin bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham ayni jihatlarga muhim e’tibor qaratilgan. Turgan gapki, Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyatimizda 10 ming gektar maydonda “yashil makon”, “yashil belbog‘” yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa ekologik muvozanatni ta’minlab, chang-to‘zon ko‘tarilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Termiz tumani, “Xalqobod” mahallasida, M-39 avtomagistraliga yaqin hududdagi 8 gektar maydonda “yashil makon” barpo etilayotganining boisi ham shundan. Ushbu ezgu tashabbusga viloyat ahli qo‘lni qo‘lga bergan holda hamjihatlikda o‘z hissasini qo‘shishga kirishgan. Muntazam ravishda hasharlar tashkil etilib, ko‘ngilli aholi, tashkilot, idora va “mahalla yettiligi” a’zolari tomonidan 4 mingdan ortiq iqlimga mos manzarali ko‘chatlar ekildi.Ushbu ko‘chatlar chang-to‘zonni ushlab qolish, yerning meliorativ holatini yaxshilash va aholi uchun sog‘lom ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.
Albatta, har jihatdan rivojlangan, havosi tozasi, manzarasi dillarni quvnatguvchi hududda turizm ham rivojlanadi. Ayni tashabbuslarga hamohang tarzda tumanda yangi g‘oya va loyihalar ham amalga oshirilmoqdaki, bu foydadan xoli emas.
Surxon daryosining Termiz tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida, M-41 avtomagistralining Termiz shahriga kirish nuqtasiga tutash hududda zamonaviy va yirik investitsion loyiha — “Obi hayot park” majmuasi barpo etilmoqda. Hududdagi mavjud daraxtlar va yashil maydonlarni asrab-avaylash, tabiatga zarar yetkazmagan holda loyiha yechimlari moslashtirib olib borilayotgani esa loyiha qiymatini yanada oshiradi. Umumiy qiymati 50 million AQSH dollari bo‘lgan majmua Surxondaryo bo‘yidagi 20 gektar bo‘sh maydonda barpo etilib, aholi dam olishi, turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
— Ilmiy kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shamol yo‘nalishlari bo‘ylab barpo etilayotgan yashil hududlar chang-to‘zonning tarqalishini sezilarli darajada pasaytiradi, — deydi viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi matbuot kotibi Temur G‘oyibnazarov. — Ayniqsa, iqlimga mos, ildiz tizimi kuchli bo‘lgan daraxt va butalarning ekilishi tuproqning mustahkamlanishiga, havodagi zararli zarrachalarning ushlanib qolishiga yordam beradi. Viloyat bo‘ylab olib borilayotgan ushbu tizimli ishlar nafaqat bugungi ekologik muhitni yaxshilash, balki kelajak avlodlar uchun barqaror va sog‘lom hayot sharoitini yaratadi.
“Afg‘on shamoli” CHEKINADI…mi?!
Date:

