Hamma ota-ona ham oq yuvib, oq taragan farzandi bilan faxrlanadi. Ularning borligi baxt. Ammo farzandining ortidan rahmat eshitsa, buning hayajoni, quvonchi o‘zgacha bo‘larkan, ishoning. Men ana shunday farzandidan iftixor tuygan onalarning biriman.
Husniya oilada ikkinchi farzand. Samimiy, dilkash va mehribon qiz. Orzulari osmon. U bilan birgalikda orzu qilsangiz, o‘zingizni bolalikning beg‘ubor olamiga tushgandek his etasiz. Bolani niholga o‘xshatishlari bor gap ekan. Bunga Husniyam misolida amin bo‘ldim. Dadasi kurashni sevardi, kurashlarda toblangandi ham. Nomi chiqadigan, bor kuchini ko‘rsatadigan pallada sog‘ligida muammo bo‘ldi-yu, kurash tushishni taqiqlashdi. Sport, kurash ota uchun armonga aylandi. Bu armonni esa farzandida ushalishini istadi. Husniya esa qondan o‘tdimi, sportni sevadigan qiz bo‘ldi.
Shu tariqa qizimizga dadasining o‘zlari birinchi ustozlik qildilar. Bo‘sh vaqtlari bo‘ldi deguncha yugurish, sport mashg‘ulotlari bilan band bo‘lishardi. Tezkorlik, shiddat, sport texnikalarini o‘rgangan Husniya bir necha yil sportning taekvondo, so‘ng yengil atletika turiga qatnay boshladi. Bir necha yillik mashg‘ulotlar, toblanishlar samarasiz ketmadi. U Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan V Paraosiyo o‘yinlarida 8 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu shunchaki aytiladigan yutuq emas, bu faxr bilan, iftixor bilan aytiladigan, har qanday onaning ko‘z yoshlariga, baxtli onlariga debocha bo‘ladigan yutuq. Bu
muvaffaqiyatli natijadan keyin qizim “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
U bugunning qahramoni, qahramonning onasi bo‘lish esa til bilan tushuntirib bo‘lmaydigan hodisa. Biz bo‘y cho‘zib, unib kelayotgan niholimizni to‘g‘ri tarbiya qila oldik, to‘g‘ri yo‘naltira oldik deb o‘ylayman. U shukronasi bor qiz, kitobga yo‘ldosh bo‘lgan, ma’naviy olami boy qiz. Bo‘sh vaqtidan unumli foydalana olgan, rus va ingliz tillarini-da o‘rganib, shu tillarda bemalol so‘zlasha oladigan qiz. Men tikuvchi emasmanmi, qizim ham hunarimni o‘rganib, tikish-bichishga-da usta bo‘lganini maqtanib so‘zlayman.
Qizimning shon-shuhrati dunyoni tutayotgan bir paytda ana shunday qiz o‘stirgan davlatmand ona bo‘lish baxti menga ham nasib etdi. Ayniqsa, “Yil ayoli – 2025” milliy tanlovining “Matonatli ayol” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildim. E’zozda va ehtiromdaman. Bu to‘g‘ri tarbiya, o‘tgan yillarimizning besamar ketmaganining mukofotidir. Bugun yangi yil ostonasida turib, dilda shukronalik hissini tuymoqdaman. Ertangi kunimizdan umidimiz va ishonchimiz katta. Husniya Olimpiada chempioni bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Marra yaqin, biz esa Husniya bilan birgamiz.
Nigora Sidiqova

