O‘zligimiz qalqoni

Date:

Zamonaviy turmush tarzimizda har bir qilayotgan ishimizni, vazifalarimizni zamonga moslashga harakat qilamiz. Hech kimdan ortda qolmaslikka va doim ilg‘or bo‘lish uchun intilamiz. Lekin har bir ishda yoki vazifada zamonaviylashib ham bo‘lavermaydi. Aks holda qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish hech gap emas. Masalan, farzand tarbiyasida milliy qadriyatlarimizga tayangan holda ish olib borishimiz lozim. Odam bolasi bu yorug‘ olamda ezgulik qilish uchun yaratilgan. Shunga ko‘ra, uni tarbiyalashdan maqsad uning ongiga odamlar uchun yaxshilik qilish tuyg‘usini singdirishdan iborat. Bu oliy vazifani bajarish, albatta, ota-onaning zimmasidadir. Har birimizning farzand oldida ham o‘z burch va vazifalarimiz mavjuddir. Ayni bu haqda Kaykovusning “Qobusnoma” falsafiy asarida aniq yoritilib ham berilgan. Ya’nikim, farzand dunyoga kelganda munosib ism qo‘yish, to‘y-tomosha qilib, sunnat to‘y o‘tkazish, shu bilan birga xat-savodini chiqarib, kamolga yetishini ta’minlashimiz shart va zarur. Kasb-u kor egasi bo‘lishi, ilmli bo‘lishi mustaqil hayotga qadam tashlashi uchun zaruratdir. Bordi-yu, harbiylar ahlidan bo‘lsa, sipohiylikni o‘rgatish. Albatta, bu jihatlar haqida to‘xtalganda ko‘pchilik havoyi orzu-havasga berilishi rost. Ammo asosiy maqsaddan chalg‘imaslik, e’tibor va g‘amxo‘rlikni, tarbiyani o‘z o‘rnida berish lozim. Shu sababdan ham bu asar bugungi kunda ham axloqiy qadriyat sifatida yosh avlodni ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Farzand tarbiyasi, eng avvalo, oilada shakllanadi. Oilada tarbiyaviy muhit bo‘lmasa, ota-ona tarbiya jihatdan o‘rnak bo‘la olmasa, farzanddan yuksak natijalarni, komillikni kutishimiz mumkinmi?
Abu Rayhon Beruniy bola tarbiyasida muhit, irsiyat va tarbiya ta’sirini birdek muhim o‘rin tutishini, ayni kamolotga yetishida tarbiyaviy muhitning dolzarbligini ta’kidlaydi. Darhaqiqat, aksariyat ota-ona ilmli, ziyoli oilada farzandlarining ham yutuqlariga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Nosog‘lom muhitda esa buning aksi. Bugungi tezkor zamonda farzand tarbiyasi haqida ko‘p va xo‘b gapiramiz. Zamonaviy metodlar, texnologiyalar, psixologik yondashuvlar tilga olinadi. Shunday bir oddiy, sokin va qadimiy vosita borki, u asrlar davomida o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan — bu alladir.
Alla — bu shunchaki uxlatish qo‘shig‘i emas. U onaning yuragidan chiqqan mehr, duoga yo‘g‘rilgan orzu, kelajak sari uzatilgan ezgu tilakdir. Bola hali so‘zning ma’nosini anglamay turib ham, allaning ohangi orqali mehrni his qiladi, hayotni sezadi, o‘zini xavfsiz muhitda ekanini anglaydi.
“Tarbiya beshikdan boshlanadi” deymiz. Aslida esa tarbiya alladan boshlanadi. Chunki bolaning ilk eshitgan so‘zi, ilk tanigan ohangi — ona allasidir. Shu ohang bola qalbida sokinlik, ishonch va barqarorlik urug‘larini qadab qo‘yadi.
Allada xalqning asrlar davomida to‘plagan hayotiy tajribasi, ma’naviy qadriyatlari mujassam. Unda ezgulik, sabr, halollik, kelajakka ishonch singari tushunchalar yashirin. Bola bu qadriyatlarni anglab emas, his etib qabul qiladi. Aynan shuning uchun alla tarbiyaning eng tabiiy va eng samarali shaklidir.
Bugun ko‘plab yosh onalar esa o‘zlari alla aytishni bilmaydi yoki istashmaydimi, alla qo‘shig‘ini o‘z smartfonida qo‘yib, go‘dagini uxlatishga, tinchlantirishga odatlanishgan. Uyg‘oqligida ham telefon yoki televizor tinchlantiruchi va chalg‘ituvchi vositaga aylangan. Unutmaylikki, hech bir sun’iy ovoz onaning jonli, mehrli ovozining o‘rnini bosa olmaydi. Texnologiya bolaning e’tiborini chalg‘itishi mumkin, lekin qalbini to‘ldira olmaydi. Qalbni esa faqat mehr tarbiyalaydi.
Bola ona bag‘ridagidek hech qayerda huzurbaxsh orom olmasa kerak. Holbuki, bugun shunday zamonaviy belanchaklar ishlab chiqarilganki, pultini burasangiz, alla ham aytadi, hatto tebratib, ona yo‘qligini bildirmaydi. Haqiqatan ham, shundaymikan? Axir, Ibn Sino bobomiz ona allasining tarbiyaviy ahamiyati haqida to‘xtalib, “Alla” ikki vazifani bajaradi deya bejiz aytmaganiga amin bo‘lishimiz mumkin. Bu vazifalarning birinchisi, uni tebratish orqali bolaga jismoniy orom bag‘ishlash bo‘lsa, ikkinchisi, beshikni bir maromda tebratishdan onaning mehri jo‘sh uradi, bolasiga bo‘lgan muhabbatidan onaning orzu-umidi yuragidan toshib chiqadi. Zora, aytadigan fikrlarimiz yosh onalarimizga-da yetib borib, o‘zlarini to‘g‘ri yo‘nalishga sola olishsa… ana shundagina farzandlarimizning tarbiyasi izdan chiqayotganidan qayg‘urish o‘rniga, ularni yanada fazilatli qilish haqida o‘ylarmidik. Axir, o‘g‘il-qizlarimiz xulqi yillar davomida bizning ularga singgan mehnatimiz mevasidir. Mashaqqatli mehnatning esa mevasi totli bo‘ladi.
Buyuk siymolarimiz farzand tarbiyasini hech qachon tasodifga topshirmagan. Ular tarbiyani jamiyat kelajagi, millat taqdiri bilan teng ko‘rgan. Shu bois ularning asarlarida, nasihatlarida va hayotiy qarashlarida bola qalbiga yo‘l topish, uni mehr bilan ulg‘aytirish, eng avvalo, ma’naviy poydevorni mustahkamlash g‘oyasi yetakchi o‘rinda turadi. Bu qarashlar bugun ham zamonaviy tarbiya tushunchalari bilan hamohangdir.
Xususan, farzand tarbiyasida mehr, sabr va so‘zning qudrati alohida ta’kidlanadi. Alla ana shu qudratning eng sodda, ammo eng chuqur ifodasidir. Bola ilk bor hayotni ona allasi orqali taniydi, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi farqni esa asta-sekin shu mehrli muhitda his etib boradi. Demak, tarbiya katta nasihatlardan emas, balki mayin ohangdan, samimiy munosabatdan boshlanadi.
Bugungi globallashuv sharoitida milliy tarbiya masalasi yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Turli tashqi ta’sirlar kuchaygan bir davrda farzand qalbini begona g‘oyalardan asrash uchun eng ishonchli qalqon — bu o‘zligimiz, qadriyatlarimiz va ona mehridir. Alla esa ana shu ma’naviy qalqonning ilk va eng mustahkam bo‘g‘inidir.
Xulosa qilib aytganda, buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan tarbiya haqidagi qarashlar bugun ham hayotiyligini yo‘qotmagan. Ularni zamon bilan uyg‘un holda qo‘llash, kundalik hayotimizga singdirish har bir ota-ona va tarbiyachining muqaddas burchidir. Zero, zamon ila hamnafas bo‘lgan davrda milliy qadriyat va buyuk siymolarimiz asrlar osha yig‘ilgan ma’naviy xazinaga tayansak, maqsadga muvofiq bolar edi.

Hilola Eshquvvatova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

To‘lagan soliqlarimiz qayerga sarflanyapti?

2026-yil 1-yanvardan boshlab Openbudget.uz portalida yangi modul ishga tushirildi....

8 mingdan ortiq bolaga omonat hisobvaraqlari ochildi

Prezident topshirig‘iga muvofiq, 17 yoshgacha bo‘lgan 8 ming nafardan...

“Sayrob”ga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi

Boysun tumanidagi ko‘p asrlik tarix va boy madaniy merosga...

Mahalla binosi foydalanishga topshirildi

Muzrabot tumanidagi “Yakkatol” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangidan qurilgan...
KunTun
KunTun