Xonadon obodligini qanday tushunamiz. Xonadon eshigidan hatlagan odamning sarishta, obod manzaraga ko‘zi tushishi, bir-biridan tavoze’li qiz-u kelinlarning xizmat bilan chopqillab yurishi, xushmuomalaligi xayolimizdan o‘tishi aniq. Ammo obod xonadon bundan-da kengroq tushunchalarni o‘zida jamlaydi. Fikrimizga esa Termiz tumanidagi “Qahramon” mahallasida istiqomat qiluvchi Babayor Xalbayevning oilasi yorqin misoldir.
Asli pedagogika sohasida tahsil olib, 7 yilgina o‘qituvchilik qilgan Babayor Xalbayevning yerga, dehqonchilikka mehri tushdi-yu, bor e’tiborini agrar sohaga qaratdi. Yer bilan tillashib, mehnatidan rohat, huzur-halovat topdi. Natija yomon bo‘lmadi. Topganini ta’limga tikdi, 6 nafar farzandi — 2 o‘g‘il, 4 qizini o‘qitdi, oliy ma’lumotli kadr sifatida yetishishi uchun hech narsasini ayamadi.
— To‘ng‘ichim Ulug‘bek neyroxirurg, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ikkinchi o‘g‘lim tadbirkorlik boshini tutdi, — deydi B.Xalbayev. — Qizlarimning kattasi doktorlik dissertatsiyasini yozayotgan bo‘lsa, biri doktoranturada, boshqasi magistr-u bakalavrda tanlagan sohasi bo‘yicha ilmiy izlanishda.
Ha, ma’naviy olami boy odamlarning xonadoni ham obod bo‘ladi. Ular vaqtning qadrini yaxshi bilishadi. O‘rganganlarini ham farzandlariga uqtirishga urinishadi. Shu sabab Babayor boboning nabiralari ham o‘qib o‘rganishda, izlanishdalar. Fan sirlari deysizmi, til o‘rganishga tirishqoqlik bilan bor e’tiborlarini qaratishgan. Ikki nabirasi bilan o‘tgan yili Malayziyada bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasiga bordi. Nabiralarining biri bronza medalining sohibi bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi beshinchi o‘rinni egallab qaytgan edi.
Boboning aytganlariga quloq tutsangiz, oddiy va kamtarin insonning hayot yo‘liga havasingiz keladi. Muvaffaqiyat formulasi oddiylikda, halollikda ekaniga yana bir bor amin bo‘lasiz. Bobo katta-katta yer maydoni bo‘la turib, undan foydalanmaydigan odamlarni yomon ko‘radi. Buni umrni zoye ketkazish deb biladi. Aslida tomorqasi bor odamni kambag‘al deb bo‘lmaydi deydilar. Bu fikrni Prezident ishtirokidagi videoselektor yig‘ilishida ham baralla aytganlarida, davlat rahbari tomonidan 2024-yil fevral oyida “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Otaxon tomorqasining
45 sotixida issiqxona tashkil etgan. Bugungi kunda ko‘chatchilikka e’tibor kuchaygan bir paytda vohaning ob-havo, iqlim, tuproq sharoitiga mos bo‘lgan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon kabi sabzavot va poliz hamda gul ko‘chatlarini yetishtirib kelmoqda. Qahramonimizning xonadoniga tashrif buyursangiz, o‘zingizni mo‘jaz agroturizm maskaniga tushib qolgandek his etishingiz aniq. Ayniqsa, Termiz tumaniga ziyorat bahonasiga kelgan mehmonlar ham B.Xalbayev xonadoniga borib qolsa, bir-ikki soat qolib ketadi, ekin ekish, parvarishlash jarayonlarini maroq bilan kuzatadi. Zavq-shavq oladi.
Xonadonda esa har kuni ish qizg‘in. Barcha foydali va zavqli mehnat bilan band. Tomoshaga kelgan qo‘ni-qo‘shnilar ham nimagadir qarashib yuborganini bilmay qoladi. Bunday mehnat esa charchoq emas, maroq beradi kishiga.
Ha aytgancha, B.Xalbayev tashkil qilgan issiqxonasi ortidan mahallasidagi 12 nafar ishsiz fuqaroni ish bilan ta’minlagan.
— Mahallamizdagi ayollar, yoshlar daftaridagi xotin-qizlar, qolaversa, migratsiyada bo‘lib qaytgan va ishsiz yurganlarni-da ish bilan band qildik. Ular bilan bir oiladek, hamjihatlikda mehnat qilmoqdamiz, — deydi qahramonimiz.
Bu yil Babayor Xalbayev uchun unutilmas bo‘ldi. U kishi ham “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” ko‘rik-tanlovida ishtirok etdi. Hududiy bosqichlardan o‘tib, respublikagacha bordi. Katta koshonalar saroyida, tumonat odam ichida o‘z taqdimotini qildi. Taniqli estrada yulduzlarining chiqishlari, oliy darajada tayyorgarlikning guvohi bo‘ldi. Raqobat esa kuchli, manaman degan ishtirokchilarning bari avtomobil yutishga,
50 million so‘mlik mukofotning egasi bo‘lishga kelgan. Surxondaryodan borgan oddiygina dehqon bobo esa ishtirok etib, tomosha qilganlarining o‘zini katta baxt tuyib o‘tirgan bir paytda tanlovning “Obod xonadon” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rin sohibi sifatida Termiz tumani, “Qahramon” mahallasida istiqomat qiluvchi xonadon egasi Xalbayev Babayor Mamatovich deya e’lon qilishsa bo‘ladimi?! Bunday kutilmagan e’tirofdan har qanday odam gangib qolishi hech gap emas. Albatta, Babayor Xalbayev ham o‘sha lahzada ming hayajon va xursandchilik ila “Damas” rusumli avtoulovning kalitini qabul qilib oldi.
Yutuq, e’tirof eng yaxshi motivatsiya aslida. Bu insonni yanada yuqori marralarga yetaklaydi, orzulari parvoziga shaylaydi. Babayor Xalbayev ham o‘tib borayotgan yildan mamnun bo‘lib yangi yilga odimlamoqda. Niyati esa katta — o‘z ishini kengaytirib, tomorqasida dehqonlar maktabini tashkil etish. Ko‘ngillilarni o‘qitib, o‘z bilim va tajribasini ommlashtirmoqchi. Dehqonchilik sirlarini o‘rgangan esa kredit olib, tadbirkorlik va dehqonchilik sari dadil qadam tashlashi, kambag‘allikdan farovon hayot sari yuz burishi mumkin.
Sayyora ALLAYEVA

