Ayni kunlarda respublika miqyosida e’lon qilingan «Yong‘in xavfsizligi oyligi» doirasida keng ko‘lamli profilaktik va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur oylikdan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholi, tashkilot va muassasalarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, turli noxush holatlarning oldini olish, fuqarolar hayoti va mol-mulkini muhofaza qilishdan iborat.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan doimiy ravishda nazorat-profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda. Xususan, aholi yashash manzillari, ko‘p qavatli uylar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari hamda ommaviy bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda yong‘in xavfsizligi holati o‘rganilmoqda.
Ayniqsa, Yangi yil bayramlari arafasida elektr uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish, sun’iy archalar, bezak chiroqlari va pirotexnika vositalaridan ehtiyotsizlik bilan foydalanish oqibatida yong‘in chiqish xavfi ortishi inobatga olingan holda, aholi o‘rtasida keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
FVB xodimlari tomonidan fuqarolarga:
elektr tarmoqlari va maishiy texnika vositalaridan xavfsiz foydalanish;
isitish pechlari va gaz jihozlarini belgilangan talablar asosida ishlatish;
yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda to‘g‘ri harakat qilish va tezkor xizmatlarga murojaat etish tartibi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilmoqda.
Shuningdek, profilaktik tadbirlar davomida mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda.
Mazkur ishlar yong‘in xavfini kamaytirish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Surxondaryo viloyati FVB xodimlari doimo xushyor va sergak holda xizmat olib borib, Yangi yil bayramlarini tinch, osoyishta va xavfsiz o‘tkazishni ta’minlash yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etmoqdalar.
Yong‘in xavfsizligi — har bir fuqaroning burchi. Shu bois barchani belgilangan qoidalarga qat’iy rioya etishga, o‘z hayoti va yaqinlarining xavfsizligini asrashga chaqiramiz.
Zulfiya Sohibova,
viloyat FVB axborot xizmati yetakchi mutaxassisi

