Bugun viloyatimizda sport sohasini rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish va eng muhimi, sohada korrupsiyaga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Yurtimizda joriy etilgan shaffof tizim, ochiq tanlovlar va adolatli saralashlar o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘linmasi tomonidan viloyatdagi sport ta’lim muassasalar rahbarlari, olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar trenerlari hamda boshqa mas’ullariga sportchilarni saralab olish, musobaqalarda korrupsiya va adolatsizlikka, tanish-bilishchilik hamda nohaqlikka, kelishuvli o‘yinlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, bu kabi holatlar kuzatilmasligi qo‘mita tomonidan kuchli nazorat ostiga olinganligi, viloyatda sport sohasida adolatlilik, shaffoflik tamoyillari asosidagi sog‘lom muhitni yaratish maqsadida izchillik asosida tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Qolaversa, kelgusida sport sohasida korrupsion holatlar kuzilgan taqdirda keskin choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida muntazam ravishda ogohlantirib kelinmoqda.
Surxon zaminidan yetishib chiqqan sportchilarning xalqaro maydonlarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishi — viloyatda sportni rivojlantirishda tanish-bilishchilik, murosasizlik yoki noxolis yondashuv emas, balki iqtidor, mehnat va intizom asosiy mezonga aylanganini ko‘rsatadi. Joriy yilning 25-30-oktyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Usi shahrida bo‘lib o‘tgan taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida -74 kg vazn toifasida ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, surxondaryolik sportchi Najmiddin Qosimxo‘jayevning oltin medalni, 7-21-noyabr Saudiya Arabistonida Islom birdamlik o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritishi bunga yorqin misoldir. Ushbu g‘alaba xolis tayyorgarlik, adolatli tanlov va sog‘lom raqobat natijasi sifatida e’tirof etilmoqda.
O‘zbekistonda shaffof va sog‘lom sport muhitini yaratish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining oldiga qo‘ygan eng asosiy vazifalardan biridir. Bu esa viloyatda sportning barqaror rivojlanishi, yangi chempionlar kamol topishi va yurtimiz nufuzining xalqaro maydonlarda yanada yuksalishiga xizmat qiladi deb ishonch bilan ayta olamiz.
Dilmurod Mamatov,
O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasining viloyat hududiy bo‘linmasi ijrochi direktori

