Qish faslidagi qorli kunlar va ob-havoning keskin o‘zgarishi oqibatida energiya resurslariga bo‘lgan talab keskin ortmoqda. Bu esa ayrim kommunal tarmoqlarda vaqtinchalik nosozlik va uzilishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati hokimligi huzurida tashkil etilgan Maxsus shtabda kommunal xizmatlar mutasaddilari, tegishli tashkilot rahbarlari hamda maxsus brigadalar ishtirokida yig‘in o‘tkazildi. Unda aholi murojaatlarini tezkor qabul qilish, joyida o‘rganish va mavjud muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Eng avvalo, aholi hamda ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, hududlarda yuzaga kelayotgan uzilishlarni tezkorlik bilan bartaraf etish, avtomobil yo‘llari va turar joylar atrofidagi yo‘laklarni qordan tozalash, muzlamalarning oldini olish maqsadida tuz-qum aralashmalari sepish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Hozirda barcha xizmatlar kuchaytirilgan tartibda ish olib bormoqda, vaziyat Maxsus shtab tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Vohadoshlarimizdan ayni sovuq va qorli kunlarda yuzaga kelayotgan vaqtincha uzilish va nosozliklar yuzaga kelganda 1055 qisqa raqami orqali viloyat Maxsus shtabiga yoki hududlarda tashkil etilgan tuman shtablariga murojaat qilishlarini so‘raymiz. Barcha murojaatlar tezkor ko‘rib chiqilib, muammolar bosqichma-bosqich hal etiladi.

