O‘zbekning yaxshi kunlari, chin dildan sog‘inadigan bayram-u tadbirlari ko‘p. Ammo, mamlakatimizda millatimizga xos bag‘rikenglik, ma’naviy-axloqiy qarashlarimiz sababidan, adabiyot va ijod bayrami o‘zgacha shukuh va farah bilan nishonlanadi.Necha ming-ming yillarga borib taqaladigan tarixiy ildizlarimiz singari milliy adabiyotimiz ham qadim o‘tmishga ega. Bu vohada eng ko‘hna davrlardan buyon o‘tmish avlodlar mustahkam Vatan qurib, o‘chmas madaniy va ma’naviy meros qoldirishgan. O‘sha davrlardan buyon bu vohada muttasil, haqiqiy adabiyotning ilk debochasi, xalq og‘zaki ijodining gultoji bo‘lmish — terma va dostonlar kuylanib kelinadi.
Bu xalq — o‘zi azaldan shoirtabiat, dostonsevar. Ajdodlarimiz maqol-u matalsiz gapirmagan. Ular har bir so‘zini she’rga bog‘lab, she’riy ohangda ifodalagan desam, sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun muborak 75 yoshini qarshilayotgan vohadoshimiz, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ham, shubhasiz, ana shunday zakiy bir xalqning zukko shoiridir.
XX asrning boshlarida buyuk ma’rifatparvar adibimiz Abdulhamid Cho‘lpon: “Adabiyot yashasa, millat yashaydi” degan edi. Rost-da, yurt so‘ragan ne-ne fotihlar, sultonlar suron solib, bu dunyodan nom-nishonsiz o‘tib ketishdi. Ularni bugun birov yo eslaydi, yoki yo‘q. Ammo millatimiz yanglig‘ adabiyotimiz ham umrboqiylik an’anasini davom ettirib, gulgun yashnab kelmoqda.
Adabiyot shunisi bilan qadrliki, u chin ma’noda ezgulik va insonparvarlik fani hisoblanadi. Adabiyot bilan oshno pokiza ko‘ngillar zinhor-bazinhor razolat, adovat, yovuzlik bilan bitim tuzmaydi. Adabiyot o‘zi alohida bir olam. Haqiqiy ijodkorning-da o‘zi bir olam. U shu borliq olam ichra go‘yoki burgutdek parvoz aylab, ochun ichra o‘z olamini yaratadi. Shoirning o‘z “meni”, o‘z qonuniyatlari, adolat mezonlari borki, dunyoni, ijtimoiy hayotni ko‘ngil tarozisida o‘lchaydi, ezgulik yo‘rig‘i-la qaror qabul qiladi. Shoir nazdida, oyoq ostida tepkilanib, ojizgina ingranayotgan nimjongina maysaning ham o‘z qalbi, o‘z dunyosi bor. U ushbu maysalar bilan tillashadi, subhidam shudringlarida yuzini chayadi. U beadoq tunlar to tonggacha bedor yulduzlarning suhbatiga quloq tutadi, ular bilan o‘z tilida so‘ylashadi. O‘sha sirli shivirlashlar, olamning sirli gurunglari subhidamda she’rga aylanadi.
Yosh edik, qaynoq damlar edi. Qalbimizda ilk muhabbat chechaklari ko‘z ocha boshlagan yoshlik damlarimiz, otashin shoir Usmon Azimning nafis va samimiy she’rlarini o‘qib, yod olganlarimiz hamon esimda… Inson qalbida javlon uradigan ishq-muhabbat kabi sohir tuyg‘ular avvaliga yurakdan qog‘ozga to‘kiladi, keyinchalik nafis ovoz sohibasi ijrosida dardchil bir qo‘shiqqa aylanadi:
Qiynaladi oftobni kutib,
Yomg‘irlarda ivigan shahar…
…Uxlab qolding, yig‘lab,
qon yutib,
Ko‘ringanda ufqda sahar.
Ya’ni, oshiq uzoq tun intiqlik bilan kutilgan sahar pallasida yomg‘irda ivigan shahar qo‘ynida qon yutib, uyquga giriftor bo‘ladi. Inja oshiqning sabr-toqati sahargacha yetmaydi, jiqqa ho‘l tosh devorli uylar singari mudroq bosib, uyquga cho‘madi. Visol yo‘lida oshiq o‘zligidan, o‘zidan kechishga tayyor. U uyqusida o‘z ma’shuqasini ko‘rayotgan bo‘lsa, ehtimol.
Ayniqsa, shoirning quyidagi she’ri muxlislari tomonidan sevib o‘qiladi. Shoirning borliq tabiat, tiriklik dunyosi haqida o‘z fikri bor; u adabiyot va she’riyatni qalb amri, umr mazmuni sifatida ko‘radi. Xulosalari esa pichoqning damidek o‘tkir, keskin va shafqatsiz:
Yulduzlarni o‘chirmoqda
gulgun shafaq,
Tong titraydi kech kuzakning quchog‘ida.
She’r yozilar… Qiynoq,
senga bo‘lsin sharaf,
Jonim, qalbim she’riyatning pichog‘ida…
Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak,
Faqat bekor bilib orom quchog‘ini,
Bu dunyoni sirga ko‘mib yashash kerak,
Qalbga sanchib she’riyatning pichog‘ini!
Shoirning qalbi mudom ilohiy ishq, she’riyat dardi bilan limmo-lim. U boshqacharoq tamoyilni bilmaydi, tan olmaydi. Otashin shoir o‘ziga qat’iy talablar qo‘yar ekan, hallolik, poklik, vatanparvalik, odamiylik, jo‘mardlik kabi pok maqsadlarni shior qilib oladi; olam va qalb go‘zalligining hilqatini, latofatini bor tabiati bilan kuylashga intiladi. Shoir insonlar tabiatidagi mutelikdan jirkanadi. “Qiynoq, senga bo‘lsin sharaf” deya hayqiradi. Qalbga sanchilgan pichoq shoirni mudom og‘riq lazzatini his qilib yashash sharafiga muyassar qiladi. U bundan cheksiz huzur, lazzat tuyadi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamovga bag‘ishlagan “Dasht haqida ballada” she’rida shoirning jamiyatda chuqur ildiz otgan ijtimoiy tengsizlikdan ozor chekkanligi yaqqol seziladi. Millatning yuziga soya solib turgan jamiyatdagi turli xil illatlar, erksizlik oxir-oqibat uni adolat va haqiqat kurashi sari otlantiradi. U bu yo‘lda adolat va haqiqat da’vo qilgan qat’iyatli qahramonga aylanadi. Bu yo‘lda unga butun borliq — tabiat ergashadi, yordamga shoshiladi:
Tog‘lar kichraydi. Pasaydi osmon.
Yashab bo‘lmaydi-ku, axir, engashib…
Jo‘nadim balandroq osmonlar tomon —
Ortimdan Boysunning dashti ergashdi…
Shoir “Yurak” she’ri orqali unga ajoyib ta’rif beradi:
Ko‘ksimda bir qush bor —
uchadi tinmay.
Yuksak-yuksaklarda uchar — ko‘rar tush…
Uchadi yarador bo‘lganin bilmay,
Uchib ketayotib o‘ladi bu qush…
Darhaqiqat, yurak oddiy mushak emas. Unda qalb va ruh mujassam bo‘lgan. Bu qush mudom qanotlarini qoqib, tinimsiz parvoz qiladi. Yurak hech halovat bilmaydi. U qalb va ruh uyg‘unligida olis manzillar sari parvoz qilib ketayotir. Uni manzilda halokat kutadi. Yurak manzil so‘ngida falokat borligini bilsa-da, tinmasdan o‘z halokati sari shiddat bilan uchaveradi. Mana, haqiqiy adabiyot, haqiqiy she’riyat. Zero, shoir ma’naviy qiyofasi — tom ma’noda betinim urib turgan yurakning o‘zginasi. Hayot qanchalik jirkanch va adolatsiz bo‘lmasin, shoirning yuragi mudom ularga qarshi turmoqqa mahkum. Yovuzliklarga qarshi, go‘yoki uning yuragi qalqon bo‘ladi.
Quyidagi she’rida ham shoirning chin insoniylik tamoyili yaqqol namoyon bo‘ladi:
Men yo‘qman. Yolg‘onlar
meni yo‘qotdi.
Chin gaplar sevgimga
qilmadi karam.
Nega chorrahada tosh
kabi qotding,
— Endi sayr qilgin izg‘irin bilan.
Izg‘irinlar o‘ynagan yo‘lning to‘rt tarafida ham hukmron yolg‘onga to‘la dunyo adabiy qahramonni yo‘l yurishga qo‘ymaydi. Uning to‘rt tarafi ham o‘truk, yolg‘on bilan o‘ralgan. Negadir najot epkinlari, ha deganda, ko‘rinish beravermaydi. Qalb jarohati, iztirob va jabrdiydalik alangasi shoir tabiatining butun borlig‘ini azob-uqubatga giriftor qilib, keyingi qadamni tashlashga, yakuniy xulosalar chiqarishga majbur qiladi. Mavjudlik, adolatsiz ijtimoiy jarayonlar xususidagi xulosalar esa nihoyatda achchiq.
Ustozim deganing
she’rfurush chiqsa,
Suyganim deganing
erfurush chiqsa,
Podshohim deganing
elfurush chiqsa,
— Chidagin, bolam-a, chidagin,
Dardlaring taningga joylansin.
Chidagin, bolam-a, chidagin,
Ohlaring qo‘shiqqa aylansin!
Mavjud ijtimoiy tanglik vaziyatida adabiy qahramon matonat bilan sahnaga chiqadi. Bu ulkan adolatsizlik qarshisida uning chidashdan boshqa chorasi yo‘qdek, ammo yurakka tasalli beradigan birgina ilinj bor — dard chekmoq oxirgi chora emas, oxir natijada ohlari qo‘shiqqa, ulkan chaqiriqqa aylanishidan umidvor. O‘zgacha chora yo‘q. Zero, illatlar har tomonidan chirmovuqday chirmab olgan, mudroq bosgan jamiyatni, gali kelsa, dardli qo‘shiq nolasi, insonlarning qalb faryodini uyg‘otishga qodir kuchga aylanadi.
Hayot qanchalik adolatsiz bo‘lmasin, ko‘ngilga taskin beradigan ilohiy ne’matlar ham bor. Jarohatlangan yuragini qo‘ltiqlab yurgan adabiy qahramon, va nihoyat, boshidan kechirgan jabr-u sitamlardan
so‘ng Yaratganning mo‘jizalariga to‘la bahorga peshvoz chiqadi va hayratlarini quyidagi satrlarda namoyon qiladi:
O!.. Olamdan to‘kildi gunoh!
Oralagan bog‘larga sanmi —
Gullaysanmi shunaqa, Olloh,
Olloh, shunday ko‘karasanmi?
Yomg‘irlaring bir dunyo xitob!
Olam qayta yaraldi — yangi!
Mening qaysi “oh”imga javob.
Yig‘laysanmi shunaqa, tangrim?
Sen — saxiysan, mehrdir boring…
Gullashing-u yig‘lashing — oshkor…
Men — bir to‘zg‘in
maysangman, tangrim,
Men — bir qatra
yoshingman, Jabbor.
(“Bahorgi bog‘” she’ri)
Ammo she’r faqat bahor haqidagi badiha, hamd-u sanolardan iborat so‘zlar tizmasi emas, satrdan satrga yuksalib borguvchi fikr — she’r boshida yengilgina qo‘zg‘algan epkin oqibatda ulkan to‘fonga aylanadi. Shoir atrof-javonibga qarab, ko‘karish, nurlarga belanib barq urib gullash, yashash davri kelganligini dil-dildan his qiladi. Zero, yer bag‘ridan bosh ko‘tarib, unib chiqayotgan har bir giyoh Yaratganning hikmati.
O, bahor ham olqish — tangridan
— Ko‘karguvchi zamoning keldi.
Telbalik qil, barq ur, yashillan,
Gulla! — nur-u bo‘yga qorishib.
Asablarim, qara, yashindan
— Jism-u jonim borar yorishib.
Hayotga bo‘lgan muhabbat, go‘zallikka tashnalik, yashashga nisbatan chanqoqlik, mehr-oqibat kabi ezgu tushunchalar qalb jarohatlarini bir shaffof siyrat bilan davolaydi. Unib chiqayotgan har bir giyohda Yaratganning jamolini bir marotaba ko‘rish istagi hukmron.
Bir ko‘rgani ro‘yingni bu choq,
Men ko‘kardim, Tangrim, ko‘kardim…
Ana shu yashash ishtiyoqi shoirni olamga o‘zgacha nigoh bilan qarashga undaydi. Ana shu ishtiyoq uni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Vatan — Surxon vohasi sari yetaklaydi. U bugun vohaga muborak — 75 yosh
bilan tashrif buyurdi. U sevimli muxlislari huzuriga butun umri davomida uni boshqargan sohir tuyg‘ular, otashin isyonkor tabiati, dilbar she’riyati, quvonch-u iztirob, muhabbat va sog‘inch, safdoshlari hamda yaqin dildoshlari bilan birga tashrif buyurdi. Unga hamroh bo‘lib, muborak yoshi bilan muborakbod etish uchun respublikamiz bo‘ylab ko‘plab taniqli ijodkorlar, do‘st va birodarlari kelishdi. Do‘st va muxlislarning ko‘pligidan Termiz shahridagi muhtasham “San’at saroyi”da o‘tirishga joy qolmadi.
O‘tgan yillar mobaynida Usmon Azim barakali ijod qildi. Uning “Insonni tushunish”, “Holat”, “Oqibat”, “Ko‘zgu”, “Surat parchalari”, “Dars”, “Ikkinchi aprel”, “Baxshiyona”, “G‘aroyib ajdarho”, “Uyg‘onish azobi”, “G‘ussa”, “Uzun tun”, “Bor ekanda, yo‘q ekan”, “Saylanma”, “Kuz” kabi she’riy va “Jodu” nomli nasriy asarlari to‘plami nashr etildi. Shuningdek, “Bir qadam yo‘l”, “Alpomishning qaytishi” dramalari hamda “Alisher Navoiy” kino qissasi, “Alpomish” kino dostoni, “Sevgi” hikoyasi va 2 qismli “Alpomish” filmlarining senariysiga mualliflik qilgan.
O‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi U.Qosimov vohadoshimiz, el ardog‘idagi shoir Usmon Azimni Surxondaryo ahli nomidan samimiy tabriklab, uning asarlarida yurtimiz go‘zalligi, xalqimiz ruhi va milliy qadriyatlarimiz chuqur ifoda etilganini ta’kidladi. Shuningdek, shoir ijodida insonparvarlik, Vatanga muhabbat va inson sha’nini ulug‘lash kabi g‘oyalar muhim o‘rin tutishini qayd etdi. Viloyat hokimi so‘zi so‘ngida Prezidentimiz tomonidan ulug‘ adibga Termiz shahridan
3 xonali yangi uy ajratilganligini mamnuniyat bilan e’lon qildi.
Tadbir davomida yozuvchi va ijodkorlar, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari shoir asarlaridan namunalar o‘qishdi. Shu bilan birga, Usmon Azimning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videolavhalar namoyish etildi.
Xolmuhammad TOG‘AYMUROD,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

