MUAMMONING ILDIZI QAYERDA?!

Date:

Inson hayotida oila muhim ijtimoiy institut sifatida katta ahamiyatga ega. Oila nafaqat shaxsning ma’naviy va jismoniy kamoloti, balki jamiyatning barqarorligi va kelajagi uchun ham poydevor hisoblanadi. Biroq, so‘nggi yillarda jahonning ayrim mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham erta nikoh masalasi dolzarb ijtimoiy muammo sifatida kun tartibida turibdi. Erta nikoh ko‘pincha yoshlarning ongli qaror qabul qilish imkoniyatini cheklaydi, ularning ta’lim olish, kasb tanlash va sog‘lom turmush kechirish huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu sababli, erta nikohlarning sabablari va oqibatlarini ilmiy jihatdan o‘rganish, sog‘lom oila qurishning ma’naviy, huquqiy va ijtimoiy asoslarini tahlil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Erta nikoh — nikoh yoshiga yetmagan yoki biologik, psixologik va ijtimoiy jihatdan oilaviy hayotga tayyor bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida tuzilgan nikohdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga ko‘ra, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Ammo ayrim holatlarda emansipatsiya orqali nikoh yoshini qisqartirish mumkin. Bunday holatlar faqat qonunchilikda belgilangan tartibda va tegishli sud yoki vakolatli organlar ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Erta nikohning asosiy sabablariga ota-onalarning an’anaviy qarashlari va ijtimoiy bosim, iqtisodiy qiyinchiliklar, yoshlarning huquqiy va ma’rifiy savodsizligi, oilaviy hayotga tayyorgarlik yetishmasligi hamda madaniy va diniy urf‑odatlarni noto‘g‘ri talqin qilish kiradi. Bu omillar natijasida yoshlar o‘z hayotini mustaqil rejalashtirish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Erta nikoh nafaqat shaxsiy hayot, balki jamiyatning umumiy salomatligi va rivojlanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Jismoniy jihatdan, yosh qizlar organizmi hali bola tug‘ishga tayyor bo‘lmaydi. Bu homiladorlik va tug‘ruq vaqtidagi asoratlar, bolalarda tug‘ma kasalliklar va o‘lim holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Psixologik jihatdan, erta nikohlar ko‘pincha stress, depressiya va zo‘ravonlik holatlari bilan kechadi. Yosh onalarning emotsional yetuklik darajasi past bo‘lgani sababli, bolalar tarbiyasida ham muammolar yuzaga keladi.
Erta nikohlarning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlari oilaviy munosabatlarga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, erta nikohlar natijasida qizlar ta’limni tashlashiga to‘g‘ri keladi, o‘z navbatida, er-xotin o‘rtasidagi iqtisodiy tenglik buziladi. Bunday holatlarning ko‘payishi jamiyatda kambag‘allik, ishsizlik va ijtimoiy tengsizlikning chuqurlashuviga olib keladi.
Aynan shunday muammolar fonida, joriy yil davomida respublika bo‘yicha jami 95,3 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa-da, afsuski, shu davr mobaynida 23,3 mingta nikohdan ajralish holati kuzatilgan. Bu ko‘rsatkichlar mamlakat bo‘ylab oila qurish va oilaviy munosabatlarning buzilishi tendensiyasini aks ettirib, erta nikohlar va tengsizlik kabi omillarning oilaviy baxtga tahdid solayotganini tasdiqlaydi.
Surxondaryo viloyatida tuzilgan nikohlar 2022-yilda 26,7 mingta, 2023-yilda 24,8 mingta, 2024-yilda 23,2 mingtani, nikohdan ajralishlar soni 2022-yilda 2 804 ta, 2023-yilda 3 047 ta (avvalgi yilga nisbatan o‘sish), 2024-yilda 2 893 ta (avvalgi yilga nisbatan kamayish)ni tashkil etgan. Garchi 2024-yilda ajrimlar soni bir oz kamaygan bo‘lsa-da, bu raqamlar oilalarni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni talab qiladi.
2025-yilning dastlabki 9 oyi davomida erkak va ayollar o‘rtasida tuzilgan 14 018 ta nikohdan 2 380 tasida ajralish holati qayd etilgan. Eng tashvishli tomoni shundaki, bu ajrimlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,8 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Bu ajralish holati har 5-6 ta nikohdan bittasi ajrimgacha borishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Ajrimlar sonining keskin o‘sishi tasodifiy emas. Bu ko‘rsatkichning ortida erta nikohlarning davom etishi va yoshlarning oila qurishga tayyor emasligi kabi tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatadi. Bu esa yoshlarga oilaviy qadriyatlar va hayot ko‘nikmalarini o‘rgatish, ularga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha va ehtiyotkor chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qiladi.
Sog‘lom oila — jamiyatning barqarorligi va millatning kelajagini ta’minlovchi asosiy institutdir.
Oila qurish faqat huquqiy ro‘yxatdan o‘tgan munosabat emas, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir. Inson hayotida oila qurish qarorini ongli ravishda, jismoniy va ma’naviy tayyorlik bilan qabul qilish lozim.
Sog‘lom oila o‘zaro hurmat va ishonch, mas’uliyat va teng huquqlilik, moddiy va ma’naviy barqarorlik hamda farzand tarbiyasida hamjihatlik va bilimli yondashuv tamoyillariga asoslanadi. Shuningdek, qonunchilikda ham oilaviy munosabatlarning barqarorligi uchun huquqiy kafolatlar belgilangan. Oila kodeksi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun va “Gender tenglikni ta’minlash strategiyasi” — bu sohadagi asosiy milliy huquqiy hujjatlardir.
Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlar va yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularni ma’naviy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shuningdek, BMTning YUNICEF (bolalar fondi) va UNFPA (aholi fondi) tashkilotlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda erta nikohlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy va amaliy dasturlar amalga oshirilmoqda.
Erta nikohlarning asosiy sababi — ma’lumotsizlik va ma’naviy tayyorgarlikning yo‘qligi. Shu bois, ta’lim tizimida yoshlar uchun oilaviy hayot madaniyati, shaxsiy mas’uliyat va tenglik haqida bilim berish juda muhim.
Maktab va texnikum-larda “Oila psixologiyasi”, “Ma’naviyat asoslari”, “Sog‘lom turmush tarzi” kabi fanlarni chuqur o‘qitish orqali yoshlarda ongli qaror qabul qilish, o‘z taqdiri uchun javobgarlik hissini shakllantirish zarur. Bundan tashqari, ota-onalar bilan ham muntazam targ‘ibot va suhbatlar olib borish, erta nikohlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ko‘p hollarda yoshlarning taqdiri kattalarning qarorlari bilan belgilanadi.
Erta nikoh — bu shaxsiy tanlov emas, balki jamiyat uchun jiddiy ijtimoiy muammodir. U sog‘lom oila qurishga, yoshlarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishiga, ta’lim va kasb sohasidagi imkoniyatlariga tahdid soladi. Sog‘lom oila qurish uchun yoshlar yetuk, bilimli, ma’naviy tayyor va mas’uliyatli bo‘lishi lozim. Bu esa ta’lim, tarbiya, ma’rifat va davlat siyosatining uyg‘unligi orqali amalga oshadi.
Yangi O‘zbekistonda sog‘lom oila, sog‘lom avlod va ma’naviy barkamol jamiyat barpo etish yo‘lida erta nikohlarga qarshi kurashish ham davlat, ham jamiyat, ham har bir fuqaroning vazifasidir.

Zebuniso Alimardonova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Qahramon”ning qiyofasi o‘zgarmoqda

Yurtimizda mahallalarni obod qilishga qaratilgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani”...

Yoshlar — ilm va innovatsiya chorrahasida

Yurtimizda Prezident tashabbusi bilan ta’lim, fan va ishlab chiqarish...

Mening hissam

Yoshlar orasida kitob o‘qish madaniyatini rivojlantirish, o‘quvchi va talabalar...

Adolat va halollik—bosh mezon

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan...
KunTun
KunTun