Ko‘pdan ko‘p tafsilotlarni ko‘rib-kuzatib, ancha yillardan beri bitta xulosaga kelganman: Denovda inson uchun qusur hisoblangan hamma narsa qilish va hattoki g‘ozday bo‘lib yurish mumkin, ammo bu yerda adolatsizlikni, ya’ni umuminsoniy qadriyatlar majmuasining ulgisi o‘laroq qaror topgan ijtimoiy mezonlarni oyoqosti qilsangiz, choyxona iboralari bilan aytganda, “oq”ni “qora” yo “qora”ni “oq” desangiz va faoliyatingizni shu asosga qursangiz, denovliklar kechirmaydilar va o‘zlari ham g‘ayrishuuriy jazava bilan boshingizga shunday kunlarni soladilarki, qochgani joy topolmay qolasiz.Ulug‘lardan Imom A’zam hazratlari qozi bo‘lmaslik uchun o‘zini jinnilikka solgan va taklifni rad etganligi uchun zindonband qilingan. Bizning zamon esa Imom A’zam hazratlari singari qozi bo‘lmoq uchun pora bermoqqa tayyor. Odamzod hozir qanday bo‘lsa, ming yil ilgari ham, tabiatan, xuddi shunday edi: poraxo‘rlik, zinokorlik, haromxo‘rlik, adolatsizlik… ehtiyojga yarasha. Imom A’zam hazratlari nega bu yo‘lni a’lo bildi?!
Tamasiz qilingan xizmat odamning ko‘ksini tog‘day ko‘taradi degan gaplarni ulamolarning kitoblarida o‘qiganmiz. Agar odamning ko‘ksi baland bo‘lsa, duch kelgan odam unga oyoq qo‘yolmas ekan-da, denovlik uddaburonlar rahmatli Yunus O‘roqovni yo‘rig‘iga yurgizolmaganligining sababi ham, balki, shundandir.
Denov tibbiyot tizimida olib borilayotgan samarali ishlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ammo bu ishlar jarayonida Yunus O‘roqovning ishtiroki ko‘zga tashlanmaydi — shunday ko‘p ishlarni, eng muhimi 3,5 mingga yaqin kishi tizimda ishlaydigan tashkilotdagi ahillik, ko‘tarinki kayfiyat, fidokorlik kabi
ishlarni amalga oshirib, 350 bemor-ga donorlik qilib, qon berib hech narsa bo‘lmaganday nazardan chetda jim turish uchun… odam qanday bo‘lishi kerak? Bosh tabib o‘z qonini kasallariga berish…
Yunus O‘roqov tumandagi katta tizimda shuncha ishlar qilsa-yu, hech narsa qilmaganday miq etmay yursa… “Farzandlaringizni halol luqma bilan boqing” degan hadislarni endi-endi o‘qiyapmiz. Harom mol, agar u tanovul etilsa, ko‘ngilni o‘ldirib, yuzni qora, iymonni parokanda qilishiga iqror bo‘lmaslikning mutlaqo iloji yo‘q.
Men ko‘p yillardan beri radio eshitaman. Ishxonamda ham radio bor. Men sizga aytsam, musiqa tinglash masalasida ba’zilardek emasman. Otajon Xudoyshukurov aytgan “Xorazm segohi”, “Katta suvoralar”ni tinglash uchun hamma ishlarimni yig‘ishtirib qo‘yaman. Dilnura Qodirjonovaning avjlari ham meni hayratga soladi. Men aytaman: endi bu avjlarga hech kimning qo‘li yetmaydi. Qabring nurga to‘lgur Dilnura mumtoz qo‘shiqlar ijrosini shu darajada balandga ko‘tarib tashladiki, uning poyida hali ko‘p yillar ming‘irlab yursak kerak. Sizga bir gapni aytayinmi, rahmatli Otajon Xudoyshukurovning, Dilnura Qodirjonovalarning avjlari odamni ko‘nglini tog‘day ko‘taradi! “Ko‘taradi” degan ibora juda g‘arib bunday qo‘shiqlarni eshitgan odam havolanadi: ana shu ibora to‘g‘ri! Ko‘ngilni havolantirish esa saodatdir: men har safar “Lison ut-tayr”ning oxiriga borganda, shunday kayfiyatga tushib qolaman. Vujudimga allaqanday kuch quyilib kela boshlaydi. Ko‘ngilning havolanishida esa gap ko‘p: qo‘ltig‘ingizdan go‘yoki qanot o‘sib chiqadi, odim otganingizda oyog‘ingiz yerdan uziladi, osmon-u falaklarga uchgingiz kelaveradi. Men aytaman: maromiga yetkazib ijro etilgan mumtoz ashula aslida zikrdir! Shuning uchun unga daxl qilish, o‘zining holidan bexabar qo‘l urish, uning o‘ziga… moslashtirib ijro etish xalqning yuragiga burov solish bilan barobar gunohdir, gumrohlikdir.
Yaxshi gapning, yaxshi so‘zning, yaxshi ashulaning g‘amxo‘ri, ichkuyari, bor — muxlislari, xalq! Ha, bu gaplar “Vatan uchun jonim fido”, degan har bir kishi uchun ibratdir. Unutmaslik lozimki, mustaqilligimiz ham mehnatdan topilgan saodat kabi, qo‘shiqdan totilgan shavq-u kitob mutolaasidan orttirilgan zavq singari ko‘ngilni havolantiradi. Bu yuksaklik, bu sharaf shu elni g‘oyatda qadrlashga hamda shu millat uchun bor g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilishga chorlayveradi. Eng oliy ne’mat ham shu erur!
Toshtemir TURDIYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

