Ommaviy axborot vositalarida tamaki va alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosini cheklashga qaratilgan tadbirlar haqida tez-tez xabar va lavhalar berib borilmoqda. Albatta, bundan maqsad mazkur huquqbuzarliklar uchun jazo muqarrarligi haqida jamoatchilikni ogohlantirishdan iborat. Mana shunday keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilayotganiga qaramay, ayrimlar yana huquqbuzarlik harakatlarini sodir etaveradi. Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Denov tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ma’suliyati cheklangan jamiyat rahbari, jamiyatga qarashli bo‘lgan savdo do‘konida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 71,2 million so‘mlik
765 dona alkogol va 80 million
500 ming so‘mlik 2 328 quti tamaki mahsulotlarini sotuvga qo‘yganligi aniqlandi. Ushbu jarayonda jami 151,6 million so‘mlik alkogol va tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda jamiyatga tegishli bo‘lgan sifatsiz va kirim hujjatlari bo‘lmagan 59 turdagi 1 359 dona alkogol mahsulotlari savdo do‘konida qonunga xilof ravishda sotish masadida saqlab kelinayotganligi aniqlanib, ular ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Endi tasavvur qilaylik, bu sifatsiz mahsulotlar iste’molchilargacha yetib borganda, ularning salomatligiga qanchalar jiddiy xavf yuzaga kelardi. Afsuski, huquqbuzarlar qilmishlarining bunday oqibatlari haqida o‘ylab ko‘rishmaydi. Ular faqat oson foyda topish ilinjida qonuniy talablarni chetlab o‘tishga urinadi, xolos.
J.Jo‘rayev
J.Omonqulov