Avval test, so‘ngra tanlov… faqat sirtqi ta’lim yo‘q

Date:

Har o‘quv yili yakuni bitiruvchi yigit-qizlarning hayajoniga yo‘g‘riladi. Abituriyentlikning zavqi-yu shavqi ham, mashaqqatli kunlari ham nihoya topib, oltin davr sari odimlash istagi yuraklarni junbishga keltiradi. Yoshlarning oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirib, yillar davomida orzu qilgan niyatlariga erishish ilinji ortarkan, sinov jarayonlaridagi o‘zgarish va yangiliklardan boxabar bo‘lishga intiladi. — Qaysi soha bo‘lmasin, unda bilimli kadr faoliyat olib borsa, u yerdagi ishda o‘sish bo‘ladi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga o‘n, yuz barobar ko‘p foyda keltiradi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi Surxondaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Yoqub Karimov. — Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino bundan ming yil oldin: “Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir bo‘ladigan qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi”, deb bejiz aytmagan. Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni ko‘ra olish fazilatlarini, yoshlarimizdagi g‘ayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, ko‘zlagan marralarga, albatta, yetamiz.
Darhaqiqat, “chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi” deganlaridek, har yili abituriyentlarni o‘nlab savollar qiynaydi, o‘ylantiradi: “Bu yil qaysi yo‘nalish o‘tish bali past bo‘lar ekan?”, “Qaysi yo‘nalishga ko‘proq o‘rin ajratilgan ekan?” va hokazo.Joriy yilgi qabul jarayonlari 5-iyun sanasidan boshlandi. Bu yilgi tanlov jarayonlari qanday kechadi? Qanday o‘zgarishlar abituriyentlarni kutmoqda?
— 2025/2026-o‘quv yilida ham davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi, — deydi agentlikning viloyat bo‘limi boshlig‘i Yoqub Karimov. — Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab, oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. Oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
Demakki, davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi 2 bosqichda amalga oshiriladi:
1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi.
2-bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydilar. Kollej va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.
— 2025/2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarida 1 million nafarga yaqin abiturient ro‘yxatdan o‘tishi kutilmoqda, — deydi Yoqub Karimov. — Test sinovlarini yopiq turdagi katta sig‘imli binolarda o‘tkazilmoqda. Shundan kelib chiqib, joriy yilda test sinovlarini o‘tkazish uchun viloyatimizda 11 ta yopiq turdagi katta sig‘imli binolar tanlab olindi hamda ularning reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishildi.
Joriy yilgi test sinovlari uchun Termiz shahridagi 4 ta muassasaning 6 ta binosida va Denov tumanidagi 5 ta muassasaning 5 ta binosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
— Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi binosi 1-2-binolar sifatida tanlab olingan bo‘lsa, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining, Termiz shahar bolalar, o‘smirlar sport maktabining hamda Termiz olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining sport zallari Termiz shahridan imtihon topshiruvchilar uchun tayyor holga keltirilgan, — deydi Yoqub Karimov. — Shuningdek, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti sport zali, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti tadbirkorlik boshqaruvi fakulteti sport zali, Denov Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi sport zali, Denov tumani bolalar, o‘smirlar sport maktabi sport zali hamda Denov tumani 2-son kasb-hunar maktabi (sobiq Denov akademik litseyi) sport zallari Denovdan imtihon topshirishni maqsad qilganlar uchun tanlab olingan. Viloyatda jami 11 ta binoda 1 smenada 3390 nafar, bir kunda 6780 nafar abituriyent uchun joylar tayyorlanmoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida guruh nazoratchiligiga nomzodlarni keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali tanlab olish yo‘lga qo‘yildi. Shu maqsadda viloyatimizdan joriy yilning yanvar-fevral oylarida elektron platforma orqali 616 nafar talabgor guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
— Ushbu talabgorlar uchun maxsus o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi va ular o‘quv yakunida test sinovidan o‘tkazildi, — deydi Yoqub Karimov. — Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar bilan suhbat o‘tkazilib, Termiz shahridan
103 nafar, Denov tumanidan 94 nafar jami 197 nafar guruh nazoratchisi sifatida tanlab olindi. Bundan tashqari gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida 9 nafar surdotarjimon pedagoglarni test sinovlari jarayoniga jalb etish uchun shartnomalar tuzildi.
Ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi 2024-yil 21-dekabrda ma’lum qilingan. Test topshiriqlari soni, baholash mezoni va javoblar varaqasi namunasi 2023-yil 5-mayda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan.
— Abituriyentlar oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 5-iyundan 25-iyungacha (shu kuni ham) Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi, — deydi bo‘lim boshlig‘i. — Agentlik tomonidan abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun doimiy xizmat ko‘rsatadigan 1195 qisqa raqamli murojaatlar markazi faoliyat yuritmoqda.
Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha va turli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha (masalan: kunduzgi, kechki va masofaviy) tanlovda ishtirok etish huquqi berildi. Abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab, dastlab, davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyat berildi.
— 2025/2026-o‘quv yili qabulida ham abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so‘ng majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi, — deydi Y.Karimov. — Qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy va professional ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Xorijiy fuqarolarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish belgilangan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. Magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklariga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasi bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi. Shundan Surxondaryo viloyatiga 155 ta kvota ajratilgani bu davlatimiz tomonidan xotin-qizlarga bo‘layotgan katta e’tibordir.
2021-yil 15-iyuldan boshlab talabalar o‘qishini ko‘chirishning quyidagi tartibi joriy qilindi, unga muvofiq:
— talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (shu jumladan, xalqaro reytinglarda birinchi mingta o‘rindan birini egallagan) oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda:
— talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi;
— test sinovlari va kasbiy (ijodiy imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari joriy yil 15-iyulga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi. O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi;
— test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda oliy ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;
— talabalar o‘qishini xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.
Bu yil viloyatimizdan test topshirilishi kutilayotgan abituriyentlar soni 80 000 dan oshishi, Test sinovlari esa 12 kun davom etishi kutilmoqda.
Salohiyatli kadrlarni oliy ta’lim tizimi tayyorlab beradi. Shu bois har bir yosh o‘zi tanlagan sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishi uchun oliy ta’lim tizimiga o‘qishga kiradi. U yerda ham nazariy, ham amaliy bilimlarni oladi. Va natijada yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi. Shunday ekan, sinovlardagi shaffoflik ertangi porloq kelajak asosi, yetuk kadrlarning saralanishida muhim vositadir.

X.KARSHIYEV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xavfsizlikni ta’minlash muhim qadam

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, turli favqulodda vaziyatlarning...

RUXSATNOMA OLMAY  FOYDALANMANG!

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi viloyat hududiy sho‘basi, viloyat Elektromagnit moslashuv xizmati...

“E-auksion.uz” — ochiq savdo maydoni

Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari...

Kamchiliklar bartaraf etildi

Jarqo‘rg‘on tumanida davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotimizning barcha...
KunTun
KunTun