Xorazmda maktabga sochini o‘rib kelmaganligi uchun o‘quvchi qiz-u Navoiyda bog‘cha bolasiga ayovsiz tan jarohati yetkazilib ruhiy bosim berilgani haqidagi voqealar ijtimoiy tarmoq kuzatuv-chilarining diqqatini tortgan bo‘lishi aniq. Norasida go‘daklarga kuchini va jahlini ko‘rsatayotgan, o‘zini boshqara olmay, ichidagi bor zahrini mittigina jonlarga sochayotgan tarbiyachi-yu pedagoglar ta’lim maskanida ishlashga nechog‘lik haqli?!
Ammo biz bilgan va bilmagan bu kabi holatlarning aksariyati nafaqat jismoniy, balki psixologik zarba hamdir. Bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlikning oldini olish va bolaning bunday vaziyatlarga uchramasligi uchun, eng avvalo, ota-ona, ta’lim muassasasi, keng jamoatchilik vakillari hushyor bo‘lmog‘i lozim. Ayniqsa, davlat. Mamlakatimizda 2024-yilning 14-noyabr sanasida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Ushbu muhim hujjat orqali endi bolaga urish, haqorat qilish, tahdid qilish, e’tiborsizlik bilan munosabatda bo‘lish zo‘ravonlik holatiga tenglashtirilgan.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) tomonidan Multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) asosida O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holati tahlil qilinganda, 1 yoshdan14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 31 foizi zo‘ravonliksiz ta’lim usullari orqali tarbiyalanishi, 29 foizi qandaydir jismoniy jazoga,
4 foizi esa qattiq jazoga tortilishi aniqlangan. Yanayam achinarlisi, onalar va boshqa tarbiyachilarning
11 foizi bolani jismonan jazolash kerak, deb hisoblaydi. Xususan, 1-14 yosh-dagi bolalarning 60 foizi psixologik zo‘ravonlikka duchor bo‘lsa, 62 foizi ota-ona zo‘ravonligining qandaydir shakllarini boshdan kechirmoqda.
So‘rovda qatnashgan ayollarning 40,7 foizi bir qator vaziyatlarda jismoniy zo‘ravonlik qo‘llanilishini oqlagan. Shundan 37,9 foizi shahar va 43,1 foizi qishloq ayollaridir.
BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida Toshkent shahrida tashkil etilgan seminarda ta’kidlanishicha, oilaviy kelishmovchiliklar, iqtisodiy muammolar, e’tiborsizlik, jamiyatda xavfsiz muhitning yaratilmagani va yoshlarning hayotiy ko‘nikmalari shakllantirilmagani bolalar o‘rtasida zo‘ravonlikning avj olishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, har yili dunyo bo‘yicha 1 milliard bola jismoniy, jinsiy, ruhiy yoki zo‘ravonlikning boshqa turiga duch keladi. Bu har 10 nafar boladan 6 nafari zo‘ravonlikka uchraydi degani. Onalarning esa har 4 nafari bolasini zo‘ravonlik bilan tarbiya qiladi. O‘g‘il bolalar asosan jismoniy, qizlar esa majburiy turmush yoki jinsiy zo‘ravonlikdan aziyat chekadi. Eng yomoni, har 7 daqiqada bir nafar bola qurbon bo‘ladi.
Seminar davomida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio va ekspertlar guruhi yurtimizda bolalarni bu kabi zo‘ravonlikning barcha turidan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
— O‘zbekistonda keyingi besh yilda bolalar va ayollarni zo‘ravonlikdan asrash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida muhim ishlar qilindi, — deydi Rehina Kastijio. — Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, ijtimoiy himoya yagona reyestri ishga tushirildi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qamrov oshirildi, hukumat tomonidan qabul qilingan hujjatlar, imtiyoz va qo‘llab-quvvatlashlar natijasida oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydigan xotin-qizlar soni ko‘paydi, tibbiy xizmatlar sifati yaxshilanib, onalar va bolalar o‘limi kamaydi. Shuningdek, “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bilan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlanyapti. Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish chora-tadbirlari, jabrlangan bolalar huquqlari, xavf ostida bo‘lgan bolalarni himoya qilish, himoya orderi berish, ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik belgilanmoqda.
Psixologlar fikricha, odatda zo‘ravonlik deganda jismoniy zarar yetkazish tushuniladi. Biroq “Tan jarohati bitadi, til jarohati bitmaydi” deganlaridek, bolaga o‘tkazilgan ruhiy bosim izlari uning qalbidan o‘chmaydi.
Bolalikda ko‘rilgan zo‘ravonlikni “unutiladi”, “o‘tadi” deb baholash xato. Har bir bola xavfsiz, mehrga to‘la muhitda ulg‘ayishga haqli. Zo‘ravonlikni erta aniqlash va unga vaqtida aralashish nafaqat bolaning, balki jamiyatning kelajagini ham himoya qilish demakdir. Shunday ekan, bolalarning huquqini himoya qilish — hammamizning vazifamiz! Agar zo‘ravonlikka guvoh bo‘lsangiz — jim turmang. Agar o‘zingizda tarbiya uslublarini o‘zgartirish zarurligini his qilsangiz — yordam so‘rashdan uyalmang. Agar bola sizga dardini aytsa — uni eshiting, ishonch bering, himoya qiling. Zero, sog‘lom jamiyat va yorqin kelajak — zo‘ravonliksiz bolalikdan boshlanadi!
A.SAFAROVA