Jamoatchilik — bu jamiyat hayotining ko‘zgusi, fuqarolar ovozi, ularning manfaat va ehtiyojlarini ifoda etuvchi kuchli ijtimoiy institutdir. Har qanday davlat islohotlari, yangi dasturlar, qonun va tashabbuslarning zamirida inson manfaati, uning qadr-qimmati va farovon turmushi yotadi. Shu bois, bugungi kunda jamoatchilikning fikri va roziligi har qanday qaror uchun mezon vazifasini bajarayotir.Shu jihatdan qaralganda, jamoatchilik eshituvi – bu fuqarolar bilan davlat o‘rtasidagi ochiq muloqot maydoni bo‘lib, davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar yoki boshqa tashkilotlar tomonidan rejalashtirilayotgan loyihalar haqida aholiga axborot berish, ularning fikr va takliflarini o‘rganish maqsadida o‘tkaziladi. Bu esa ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlovchi muhim vosita sanaladi.
Vaqti-vaqti bilan o‘tkazilayotgan jamoatchilik eshituvlari mavjud muammolarni aniqlash, ularning yechimini jamoatchilik bilan birgalikda ishlab chiqish hamda amaldagi siyosatning inson manfaatlariga qanchalik mos kelayotganini baholashda muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, bunday eshituvlar orqali mas’ullar faoliyatiga jamoatchilik bahosi beriladi.
Shu maqsadda, Termiz shahridagi Matbuot uyida “Yuksalish” harakati viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan monitoring natijalariga ko‘ra, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Davlat dasturining hududlarda jamoat transporti tizimini rivojlantirish;
umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish hamda olis va chekka hududlarda yashovchi o‘quvchilar uchun bepul avtobuslar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Jamoatchilik eshituvida jamoatchilik guruhi a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Bajarilgan ishlar yuzasidan viloyat Transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari axboroti tinglandi. Fikr almashinuvi va ochiq muloqot ruhida o‘tgan eshituvda joylardagi mavjud holatlar, taklif va muammolar muhokama qilinib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bugungi kunda jamoatchilik eshituvlari islohotlarning qanchalik hayotga tatbiq etilayotgani, ular inson manfaatlariga xizmat qilayotganiga bevosita jamoaning o‘z bahosini berishiga imkon bermoqda. Bu esa davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kuchaytirish yo‘lida muhim qadamdir.
Tadbir so‘ngida Jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan belgilangan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha aniqlangan muammolar yuzasidan zarur taklif va tavsiyalar berildi.
Gulmira Amirova,
“Yuksalish” harakati viloyat hududiy bo‘limi rahbari