Tunimiz osuda, kunimiz nurafshon, ko‘nglimiz xotirjam. Har soniyamizdan unumli foydalanib, o‘zimizni rivojlantirish, ertamizning istiqboli haqida o‘ylaydigan bir paytimizda dunyoning qaysidir burchagida urush, portlashlar, qing‘irbarotliklar… Shaharlar, davlatlar olov va qon ichida. Onalar faryodi, go‘daklar yig‘isi-yu otalar qalbi alam va iztirobda. Ularning ertasi qorong‘i tuman ostida, bugungi hayoti ertaga noma’lum bo‘lib turgan ayanchli vaziyatda.
Bunday voqealar tafsilotlarini kuzatar ekanmiz, shukrona keltiramiz. Ikkinchi jahon urushi qoldirgan ayanchli voqealar yodga tushaveradi. Ha, urush talafotsiz o‘tmadi. Aynan Ikkinchi jahon urushi yillarida Surxondaryo viloyatidan 53 ming 365 nafar mard, botir o‘g‘lon frontga jo‘natilgan bo‘lsa, ularning 11 mingdan ortig‘i jang maydonlarida halok bo‘lgan. Hayotlari esa hali-hamon ardog‘imizda. Ularga chuqur ehtirom ko‘rsatil-moqda. Jang-u jadallarda halok bo‘lganlar xotirasi esa sharaf ila yodga olinmoqda.
Boysun tumanidagi “Temir darvoza” mahallasida ham Ikkinchi jahon urushida qon kechib, mardonavor jang qilgan 104 yoshli qahramon Shohimardon bobo Hamroyev istiqomat qiladi. Shohimardon boboning bilagi kuchga to‘lgan yoshlik yillari insoniyat tarixidagi eng qirg‘inbarot urushga to‘g‘ri keldi. U suronli yillarda Voronej, Latviya, Litva, Estoniya kabi davlatlarni dushmandan ozod qilishga o‘z hissasini qo‘shgan. Jang-u jadallarda jasorat ko‘rsatgan otaxon frontdan qaytgach, maktabda 40 yil o‘qituvchilik qildi. “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” nishoni bilan taqdirlandi.
Qahramon bobo bilan suhbatlashsangiz, urush dahshatini his etasiz. Bobo bilan okoplarda bekinib, dushmanni mo‘ljalga olasiz-da, o‘q uzasiz. Ketma-ket o‘q yomg‘iri yog‘iladi. So‘ng sukunat… paymonasi yetgan qonga bo‘yalgan, yetmaganlar esa yashab qolish uchun kurashni davom ettiradi. Shohimardon otadan bunday voqealarni ko‘p eshitish mumkin, shunchaki otaxon so‘zlarini jon quloq bilan tinglaysiz-u, voqeaning keyingi rivojini kutasiz. Otaxon esa chuqur nafas oladi, og‘ir xo‘rsinadi. Bu holatni his etish esa yoshlar uchun anchayin murakkab jarayon. Buni urush dahshatini ko‘rgan insongina his eta oladi.
Qahramon uchun bunday voqealarni eslatish, uni qayta urushga jo‘natgandek, jang maydonlariga qaytargandek bo‘ladi. Ammo qahramonimiz bu hislarni qayta boshdan kechirishdan qo‘rqmaydi, bu uning diydasi qotganidan emas, yosh avlodga urushning yaxshi emasligini anglatishni, tinchlikning qadriga yetish kerakligini astoydil istashidan. Shu sabab, 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan qahramonimiz holidan xabar olgani kelguvchilarni sharaf bilan kutib oladi va ularga aytar so‘zlarini uqtirishga urinadi.
Sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab urush qatnashchilari hamda front ortida mehnat qilganlarning ham holidan xabar olinib, “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medallari ham o‘z egalariga topshiriladi.
80 yilki, urushlar unut…
Date: