Esingizdami? Mashhur “Kelinlar qo‘zg‘oloni” filmida “Ozodlikka chiqqan Sharq ayollari endi hokimiyat tepasiga chiqishmoqchi” degan jumla tilga olinadi. Darhaqiqat, bugun Sharq ayollari, aynan o‘zbek ayollari barcha sohalarda erkaklar barobarida mehnat qilib, hattoki hokimiyat tepasiga ham chiqishga ulgurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bugungi kunda gender tenglik masalasi ilgari surilib, ayollar ham jahon maydonida, siyosat olamida o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘lib bormoqda.
To‘g‘ri, ayol — ojiza, jamiyat gultoji, mehr va muhabbat timsolidir. Dunyoning hech bir joyida o‘zbek ayolidek tong otguncha bedor beshik tebratadigan, farzandi uchun tandirda shirin kulchalar yopadigan, bolasining ko‘zmunchog‘ini ko‘ziga suradigan mehribon, kuyunchak ona bo‘lmasa kerak. Binobarin, ayolni e’zozlash, unga oila tayanchi, millat tarbiyachisi sifatida ehtirom ko‘rsatish, bunga uzviy ravishda onalik hamda bolalikni muhofaza qilish mustaqillik yillarida davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayni yo‘nalishda mustahkam tashkiliy-huquqiy asos shakllantirilib, xotin-qizlarning hayotiy manfaatlarini kafolatlash qamrovi tobora kengayib borayotir.

Xususan, qadriyatlarga tayangan taraqqiyot shiori ostida faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi ham ayollarni e’zozlash va ular uchun munosib shart-sharoit yaratish borasida doimo yangicha tashabbuslarga qo‘l urib, qator loyihalarni ham hayotga tatbiq etib kelmoqda. Ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni boshqaruvda qarorlar qabul qilish jaryoniga keng jalb etish, siyosatchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida partiya qoshida ikkita tuzilma, ya’ni “Ayollar qanoti” hamda “Deputat ayollar klubi” tashkil etilgani esa so‘zimiz isbotidir. Mazkur an’anani davom ettirgan holda endilikda partiya qoshida hududlarda “Siyosatchi ayollar klubi”lari ochilmoqda. Milliy tiklanish demokratik partiyasi Surxpndaryo viloyat kengashi tomonidan Termiz davlat universitetida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda “Siyosatchi ayollar klubi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida so‘z olgan Milliy tiklanish demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat kengashi raisi Saydulla Abdurayimov tomonidan “Siyosatchi ayollar klubi”ning maqsad va vazifalari, klubga a’zo bo‘lgan har bir a’zo xotin-qizlarga qo‘yiladigan talab va tavsiyalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu klub ayollar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kasb-hunarga o‘rgatish, sportga, mehnatga jalb etish, huquqiy hamda ma’naviy savodxonligini oshirish, qizlarni turmushga tayyorlash, oliy ma’lumotli bo‘lishiga undash, kambag‘al oilalardagi ayollarning jamiyatga daxldorlik hissini oshirish, shuningdek, oilalarda gazetxonlik, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish orqali har bir ayolning Yurtga, jamiyatga, qolaversa, siyosatga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishga munosib xizmat qilishi kerak, deya amalga oshiriladigan ishlar, rejalar muhokama qilinib, klub faoliyatiga doir muhim ma’lumotlar berib o‘tildi. Faol deputatlar klub faoliyati yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishib, o‘tgan davr mobaynida ushbu tuzilmalar tomonidan xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yashash va mehnat sharoitlarni yaxshilash, oilaga daxldor masalalarni hal etishning konstruktiv tizimini joriy etishga alohida urg‘u berildi.
Shundan so‘ng, partiya Markaziy kengashi O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi tomonidan tayyorlangan “To‘y bu baxtmi yoxud millatimiz illatlari” filmi namoyish qilindi. Klub a’zolari tomonidan keng jamoatchilik o‘rtasida mazkur mavzu yuzasidan reja asosida muhokamalar o‘tkazish shu bilan birga to‘y tadbirlarini ixchamlashtirishga oid takliflarni umumlashtirish yuzasidan kelishib olindi.
Adolat MO‘MINOVA