Inson yashar ekan, yaxshilikka intilib, yomonlikdan qaytib yashashga harakat qiladi. Lekin “yaxshilik” va “yomonlik” tushunchalariga har kim har xil ta’rif beradi. Hayot ezgulik bilan go‘zal. Ammo ba’zan ezgulikka yovuzlik ko‘lanka soladi. “Asr vabosi” nomini olgan giyohvandlik insonning osuda hayotiga raxna solib, ongini o‘ziga bo‘ysundiruvchi zahri qotildir. Bu shunday qurolki, o‘z domiga ilintirgan odamni razolat dunyosiga yetaklaydi va bu jarayonda inson jamiyatdagi o‘rnini yo‘qota boshlaganini anglamay qoladi.
Giyohvandlik — XXI asrning global muammolaridar biriga aylanib ulgurdi. O‘rta asrlarda insoniyat hayotig; jiddiy xavf solgan vabo va o‘lat kabi ofatlar, bugung sivilizatsiya zamoniga kelib o‘z o‘rnini giyohvandlik illatiga bo‘shatib berdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz yoshlar tarbiyasi bo‘yicha o‘zimizga xos va ta’sirchan, bugungi kunga hamohang usullarni izlab topishimiz kerak. Jondan aziz farzandlarimizni buzg‘unchi va zararli g‘oyalar, jinoyatchilik, giyohvandlik, loqaydlik, ma’naviy qashshoqlik kayfiyatidan asrashimiz zarur”.
Sog‘lom turmush tarzini olib borayotgan kishi bilib-bilmay bu ko‘chaga kirib qolsa, o‘zining tinch, farovon va baxtli hayotini qora zulmatga aylantirishi ayni haqiqat. Giyohvand kishi nafaqat o‘ziga, balki yaqinlariga ham to‘xtovsiz azob beradi. Undan tug‘ilajak farzandlar esa ota-onasining xatosi oqibatida bir umrga majruhlik qismatiga mubtalo bo‘ladilar. Zero, faqat sog‘lom ota-onadangina sog‘lom zurriyod dunyoga keladi.
Sog‘lom bola esa farovon kelajak demakdir. Ba’zan giyohvandlik qurboniga aylanib qolgan insonlarning qismatini ko‘rib, ularga nisbatan nafrat, qahr va rahm tuyg‘ularining uyg‘onishi tabiiy. Ularning quriyotgan daraxt misol umri evaziga ayrim qora niyatli yovuz kimsalarning hamyoni to‘lmoqda. Qiyofasi odam, qilmishi zulm bo‘lganlarning qora og‘uni voyaga yetmagan yoshlar orasida tarqatib, uni iste’mol qilishga targ‘ib qilayotganiga jim qarab turib bo‘lmaydi, albatta.
Fuqarolik jamiyatining har tomonlama komil, sog‘lom, yuksak tafakkuri va ma’naviyati, ijtimoiy faolligi bilan ajralib turadigan namunali jamiyat bo‘lishi yo‘lida davlatimiz barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib bormoqda.
Zoxid XOJAYAROV,
Viloyat IIB JXX JTSB Kinologiya bo‘linmasi 1-kinologiya guruhi kamondiri katta serjant