Surxon vohasida erta bahordanoq dalalarda ish qizigandan-qiziydi. Tajribali fermer va dehqonlar bu yilgi hosildan katta umid bog‘lab yerga urug‘ qadaydi. Haqiqatan ham oq oltin sanalmish paxtadan mo‘l hosil olib, rejani birinchilardan bo‘lib bajarish uchun eng avvalo, chigit ekish fursatini boy bermaslik va ekinning gurkirab o‘sishi uchun qarovini, zaruriy agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish lozim. Shu maqsadda Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oqqo‘rg‘onlik Asadbek” fermer xo‘jaligining paxta dalasida chigit ekish mavsumiga bag‘ishlab ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Seminar davomida bahorgi dala yumushlarini sifatli o‘tkazish, chigitni mo‘tadil ob-havo sharoitlarida qadab, o‘z vaqtida undirib olish yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Yer maydonlarini baraka urug‘i sepishga tayyorlash, baronalash, zamonaviy yangi seyalkada chigit ekish ishlari ko‘rsatildi.
O‘tgan yili viloyat paxtakorlari 72 ming 270 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, 290 ming 284 tonna paxta yig‘ib oldi. O‘rtacha hosildorlik 40,2 sentnerni tashkil etdi. Joriy yilda gektarlar hosildorligini yanada oshirish uchun barcha dala yumushlari sinalgan agrotexnik tadbirlar asosida olib borilmoqda.
Bu yil esa Jarqo‘rg‘on tumani dehqonlari 7 ming 140 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlaydi. Bahorning iliq kunlaridan samarali foydalanib, mavsumni sifatli yakunlash uchun paxtakorlar barcha yumushlarni otryad usulida tashkil etib, chigit qadashga kirishdi. 13 ta otryadga 100 chigit ekish seyalkasi taxt qilinib, dehqonlar uchun barcha sharoit yaratildi. “Oqqo‘rg‘onlik Asadbek” fermer xo‘jaligi 60,9 gektar maydonga urug‘ sepishni boshladi.
Seminarda sektor rahbarlari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermerlar va aloqador tashkilot rahbarlariga mavsumni tez, sifatli yakunlash uchun chigitni tuproqning tabiiy namligidan oqilona foydalanib, tizimli ekish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Surxondaryoda chigit ekish boshlandi
Date: