Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida BMT Butunjahon turizm tashkiloti 25-sessiyasining 2-kuni qizg‘in davom etmoqda. Anjuman doirasida ish boshlagan xalqaro ko‘rgazmada Markaziy Osiyo davlatlari bilan bir qatorda mamlakatimizning barcha viloyatlari sayyohlik salohiyati namoyish qilinayotir. Mazkur xalqaro tadbirda dunyoning 130 dan ortiq davlatidan vakillar ishtirok etishmoqda.
Nufuzli anjuman doirasida Surxondaryo viloyati uchun ajratilgan povilyonda namoyish etilayotgan vohaning o‘ziga xos turizm salohiyati ko‘rgazmasi tadbirning xorijiy mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘plab davlatlar bilan turizm loyihalarini birgalikda amalga oshirish, voha turlarni tashkil etish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilishi kutilyapti.
Xalqaro anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, xususan, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham ishtirok etib, tadbir doirasida qator xorijiy davlatlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
– Samarqand shahrida Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasi 25-yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada viloyatimiz ham faol ishtirok etmoqda, – deydi Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov. – Aytish joiz, mazkur xalqaro yig‘in orqali investorlar bilan qariyb 500 million dollar qiymatdagi shartnomalar imzolashga erishyapmiz. Mamlakatimizning eng janubiy hududi turizm sohasida beqiyos imkoniyatga ega.
Masalan, Fayoztepada eramizdan avvalgi I asrga oid qadimiy Budda haykali topilishi ko‘plab xorijiy davlatlar fuqarolarining viloyatimizga qiziqishini yanada orttirdi. Chet ellik hamkorlar bilan birga Termiz shahrida “Hilton” mehmonxonasini qurib, ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu loyiha tufayli Surxondaryoga 150 million dollar atrofida investitsiya kirib keladi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Surxondaryoning turizm salohiyatini namoyish etuvchi, tarixiy joylar, ziyoratgohlar, ekoturizm maskanlari kabi obyektlar bilan tanishtiruvchi www.surkhan.travel saytining ham taqdimoti o‘tkazildi.