Vatan obod bo‘lishi uchun obodlikni har kim o‘z xonadonidan, ko‘chasi va mahallasidan boshlamog‘i lozim. Ana shundagina ko‘zlangan maqsadga yetmoqlik osonroq bo‘ladi. Mahallada bir kishi tozalik ishlari bilan band bo‘lsa, albatta, mahalladoshlar tomoshabin bo‘lib o‘tib ketmaydi, balki darrov qarashishga tutinadi. Ko‘pchilik bilan esa hech bir yumush bitmasdan qolmaydi. Muzrabot tumanidagi “Bog‘i eram” mahallasida ham “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha” va “Obod xonadon” mezonlari asosida obodonlashtirish ishlariga start berildi.
Muzrabot tumani hokimi Abdurashid Ismailov, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar ishtirokida “Bog‘i eram” mahallasida “Obod mahalla”, “obod ko‘cha” va “obod xonadon” mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha kunlik bajarilgan ishlar yuzasidan shtab yig‘ilishi o‘tkazildi.
“Bog‘i eram” mahallasining ma’muriy binosi anchayin eski va ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan edi. Mahalla faollari shunga qaramay, g‘ayrat va shijoat bilan ishlashdan to‘xtagani yo‘q. Birinchi navbatda mahallaning yangi ma’muriy binosining yangidan qurish ishlari boshlab yuborildi.
Mahalla ahlining asosiy mashg‘uloti va daromad manbai qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdir. Bu esa ekinlarni baravj o‘sishi uchun yetarli suv bilan ta’minlashni talab etadi. Shu jihatdan mahalla aholisining tomorqalaridan samarali foydalanishlari maqsadida “Zang” kanalidan markazgacha 4 kilometr, shundan 0,9 kilometr ichki ariqlarni betonlash ishlari amalga oshirilayotir.
Amalga oshirilayotgan ishlarning yo’l xaritasida aholining tibbiy xizmatga ehtiyoji ham inobatga olingan. Issiq jonning issig‘i chiqadi deganlaridek, mahallaning Shodikor qishlog‘ida tibbiy maskanga ehtiyoj yuqori. Birgina ko‘rik uchun fuqarolar bir necha kilometr masofa bosishiga to‘g‘ri kelardi. Endi esa 280 ta xonadon 1406 nafar aholi istiqomat qiladigan hududda tibbiyot pukti qurilayotir. Buning uchun 250 million so‘mlik mablag’ yo‘naltirilgan.
Muzrabot tumani “Bog‘i eram” mahallasining har bir ko‘cha, xonadonlari mas’ullarga bo‘lib berilgan va ayni paytda tozalash, obodonlashtirish ishlari qizg‘in tus olgan. Ko‘chalardagi yo‘llarni ravon qilish, tosh-shag‘al to‘kish, asfaltlash choralari ko‘rilmoqda.
Muzrabot tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham mas’ullarning diqqat markzida. Shu maqsadda, tumandagi 2721 ta ehtiyojmand oilalarning har biriga 600 kilogramdan qariyb 1 ming 630 tonna ko‘mir yetkazib berish belgilangan bo‘lib, 1-sektor hududidagi barcha mahallalarga ko‘mir yetkazib berilayotir.
Ha aytgancha, mahalla hududiga kechki payt yo‘lingiz tushsa, qop-qorong‘i ko‘chalarda manzilingizga yetish ham qiyinchilik tug‘dirardi. Endi esa tamoman aksi. Tekis va ravon yo‘llar, obod ko‘chalarning naqadar fayzli ekanini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilayotir. Bu esa kechasi ham xuddi kunduziday yurishga imkon beradi.
Mahalladagi ishlar elektr tarmog‘i tortish, eski transformatorni yangisiga almashtirish bilan yakunlanmaydi. Yil yakuniga qadar 180 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish, uyushmagan yoshlar uchun mini stadion qurish ham reja qilingan. Bir so‘z bilan aytganda, qisqa fursatlarda mahalla infratuzilmasi tubdan yagilanadi va “Bog‘i eram” mahallasi eng obod mahallaga aylanadi.
Sayyora Allayeva,
Islom Mengliyev
(surat)