Kun bo‘yi ish, turmush tashvishlari bilan yuramiz, qo‘limiz-qo‘limizga tegmay, mehnatdan charchaymiz. Ishdan uyga qaytganda esa uy yumushlari, kechki ovqat tayyorlash bilan kunni kech qilamiz. Endi yostiqqa bosh qo‘yay deganda esa qo‘shnining uyida bazm boshlanib qoladi. Bir kun chidasak, o‘tib ketadi deya tishni tishni qo‘yamiz. Ammo, boshqa kuni san’at maktabida o‘qiydigan qo‘shni qiz hali baqirib qo‘shiq xirgoyi qilgan, hali dutorining torlarini chertaverib, charchagan asablarimizni battar egovlagandek bo‘laveradi. Qo‘shnining eshigini taqillatishga esa odam hijolat. Ana shunday paytda qo‘shni bilan sen-menga borishdan ko‘ra huquqlaringizni eslatsangiz, bunday shovqin ko‘tarish, Ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishini aytsangiz kifoya.
Ya’ni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasiga asosan tungi vaqtda — soat 23:00 dan 06:00 gacha — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish, ya’ni baland ovoz bilan qo‘shiq aytish, musiqa chalish, tovush signallari berish, xonadonlarda, turar joylarning yo‘laklari va eshiklarida, ko‘chalarda ovozi baland qilib qo‘yilgan televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish, turar joy binolarida va ulardan tashqarida juda zarur bo‘lmagani holda shovqin chiqaruvchi ishlar qilish, shuningdek, maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzuvchi boshqa harakatlarni sodir etish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi, mansabdor shaxslarga esa — uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, boshqalarning tinchini buzishdan ehtiyot bo‘lgan, mana shunday shovqin soladigan mashg‘ulotlarni tungi vaqt — soat 23:00 dan 06:00 gacha amalga oshirmagan ma’qul.
H.Kamolova