“Boburnoma” asari Italiyada chop etildi

Date:

“Boburnoma” nafaqat Zahiriddin Muhammad Bobur haqida, uning hayoti va ijod yo‘li, balki Boburning shaxsiyati, ichki dunyosi, tug‘yonlari haqida ham hikoya qiladi. Asarni o‘qish davomida Boburni yaxshi ko‘rib qolasiz va uning quvonchi-yu dardlariga sherik bo‘lasiz. Asar tarixiy-biografik asar bo‘lgani uchun ham o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy hayoti, tarixiy voqealar haqida ham hikoya qiladi. Ya’ni, XV-XVI asrlarda Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Hindiston va Eronda sodir boʻlgan tarixiy voqealar jonlanadi.
Ushbu asardan nafaqat o‘zbek kitobxonlari, balki dunyo ahlining-da foydalanishi, o‘qib o‘rganishi har bir vatandoshimizni quvontiradi. Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlaridan biri “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur “Boburnoma” asarini italyan tilida yuqori poligrafik sifatda chop etdi.
E’tirof etish joizki, “Boburnoma”ning ushbu nashri oʻzbek va italyan xalqlari oʻrtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
Asarni italyan tilida nashr etish jarayonlariga mazkur nashriyot rahbari Sandro Teti boshchiligidagi malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlarning katta guruhi jalb etilgan. Kitobni tayyorlashda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov va italiyalik taniqli turkolog, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrirlar sifatida ishtirok etgan.
Asarning italyancha tarjimasi Uiler M.Takstonning ingliz tilidagi tarjimasiga asoslangan boʻlib, u Bobur Mirzo yodnomalarining barcha xususiyatlarini imkon qadar koʻproq va toʻliqligicha saqlab qolgan. Zero, xotiralarning yaxlitligi XVI asr Osiyo tarixidagi asosiy qahramonlardan birining yorqin qiyofasini aniq aks ettiradi.
Ushbu nashr boburiylar davriga oid 96 ta badiiy miniatyura bilan bezatilgan. Bu suratlar oʻsha zamon uchun tarixiy, geografik, etimologik omillarni toʻliq hisobga olgan holda, kitob qahramonlarining xarakterlari va ichki dunyosini haqiqiy, realistik tarzda ochib beradigan rangtasvirning ilgʻor yoʻnalishi boʻlgan. Mashhur moʻjaz rasmlar ranglar palitrasi, nafis bezaklari va teran maʼnosi bilan ajralib turadi.
Koʻp nusxada chop etilgan “Boburnoma” kitobi Italiya va Yevropaning koʻplab kitob markazlariga taqdim qilinadi.

Oldingi sahifaQimmatga tushdi
Keyingi sahifaMavsum boshlandi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Odamlar

Qish. Shahnoza egilibgina avtobusga chiqdi. Bo‘ylari uzun, ko‘hlikkina bu...

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish...

Ipoteka krediti takror moliyalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining 12.02.2025-yildagi O‘RQ-1028-son Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga...

Bolalar maydonchasi o‘rnida

Ko‘p qavatli uylarning hovlisida bolalar maydonchasi ham quriladi. Ayni...
KunTun
KunTun