Xodim huquqlarini himoya qilishda kasaba uyushmalarining o‘rni va roli katta. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari negizida ishchi-xodimlar manfaatlari va huquqlarini himoya qilish maqsadi yotadi. Albatta, bu borada ham xalqaro standartlarga moslashish davr talabi. Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan xalqaro miqyosda kasaba uyushmalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi hamda Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federasiyasi o‘rtasida kelishuv shartnomasining imzolanishi ana shunday ishlarning amaldagi ifodasidir. Ushbu ikki davlat o‘rtasida hamkorlik Memorandumida belgilangan vazifalarning to‘laqonli ijrosini ta’minlash hamda qo‘shni davlatlar kasaba uyushmalari bilan o‘zaro tajriba almashish amaliyotini muntazam yo‘lga qo‘yish maqsadida 2023-yilga mo‘ljalangan yo‘l xaritasi ham tasdiqlangan edi. Yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, tarmoq kasaba uyushmalari faoliyati bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish maqsadida Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Tojikiston Respublikasining Xatlon viloyatida bo‘lishdi.
Delegatsiya a’zolari Tojikiston Respublikasi Avoch chegara postida tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng, viloyat markazi Boxtar shahridgi diqqatga sazovor joylar bilan tanishtirildi. Tashrif davomida viloyat kasaba uyushmalari binosida ikki do‘st birodar viloyatlar kasaba uyushmalari faollari ishtirokida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Viloyatda kasaba uyushmalari xodimlari, tarmoqlar kengashlari yaratilgan sharoitlar hamda ish faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tarmoq kengashlari hamda birlashma bo‘limlarida bo‘ldilar. Tashrif chog‘ida ikki tomonlama tajriba almashish, turli yo‘nalishlarda hamkorlikda ijtimoiy-huquqiy va sport yo‘nalishlarida kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, har bir tarmoq o‘zaro faoliyati yuzasidan statistik ma’lumotlar, axborotlar almashdilar.
Tashrifning ikkinchi kuni Xatlon viloyati Xovaling tumanida bo‘lib, tumandagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohi, Chil duxtoron majmualari ziyorat qilindi. Delegatsiya a’zolariga mazkur majmualar tarixi hamda allomalar hayoti va faoliyati, asarlari haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Keyingi manzil «Qaynar» majmuasi bo‘lib, aholi va xodimlar dam olib, u yerda xordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Delegatsiya a’zolari viloyatda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar. Kun yakunida esa Ko‘lob shahrida hokimiyat vakillari hamda shahar hokimi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda ikki mamlakat prezidentlarining tashabbusi hamda olib borayotgan odilona siyosati e’tirof etildi.
Tashrifning uchinchi kuni Ko‘lob shahridagi S.A.Xamodoniy majmuasi ziyorat qilishdan boshlandi. Shundan so‘ng, “Xulbuk” muzeyi faoliyati bilan tanishildi.
Uch kunlik tashrif davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Surxondaryo viloyati Kengashi delegatsiyasiga yuksak darajada hurmat ko‘rsatildi. Qayd etish kerakki, tashrifning eng ahamiyatli jihati mehnat munosabatlari, xodimlarning huquq va manfaatlarini himoyasi yo‘lida xalqaro onlayn seminarlar tashkil etish, sport tadbirlari o‘tkazish, tarmoqlararo tajriba almashishi masalalari yuzasidan bir qator kelishuvlarga erishildi. Tashrif yakunida delegatsiya a’zolariga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari ulashilib, tantanali ravishda kuzatildi.