Hududlarda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, aholiga qulaylik yaratish, odamlarning farovon turmush kechirishi, hayotidan va amalga oshirilayotgan islohotlardan rozi holda yashashi uchun bugun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilayotgani ko‘pchilikka ayon.
Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar sidqidildan mehnat qilib, yelkasidagi mas’uliyatli vazifalarni bajarishga kirishgan. Belgilab olingan maqsad va vazifalarni, rejalashtirilgan ishlarni o‘z muddatida tugallash, amaliy harakatlar bilan har bir masalani joy-joyida hal qilib borilaversa, ana o‘shanda rivojlanish ham bo‘ladi, qilinayotgan ish ham ko‘rinib, fuqarolarning ishonchi ortadi.
Bugun Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining yetmish ikkinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishi videokonferens aloqa tarzida oʻtkazildi. Unda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar va ikkinchi chorakda har bir soha va tarmoq bo‘yicha belgilab olingan yirik loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Sessiya ishini xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Ulugʻbek Qosimov boshqarib bordi. Sessiya ishida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi, senator Odiljon Iminov ishtirok etdi.
Sessiya ishini viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov boshqarib bordi. Sessiyada yigirma ikkita masala koʻrib chiqilishi belgilangan bo‘lib, dastlab xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga bo‘shab qolgan o‘rinlariga yangidan saylangan deputatlar tanishtirildi va shu yerning o‘zida ularga deputatlik guvohnomalari topshirildi.
Sessiyada viloyat aholisi va ijtimoiy soha obyektlarini 2023-yilda energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida viloyat hokimining shaxsan o‘zi axborot berdi. Shuningdek, o‘z navbatida muqobil energiya tejovchi manbalar bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish, yaratilayotgan qulayliklar va imtiyozlar to‘g‘risida deputatlarning targ‘ibot ishlarini olib borishda faollikka chaqirdi.
Shundan so‘ng, kun tartibidan oʻrin olgan masalalar yuzasidan viloyat hokimining birinchi va tarmoqlar boʻyicha oʻrinbosarlarining 2023-yil I chorak yakuni boʻyicha faoliyat samaradorligini baholash natijalari hisobotlari hamda kelgusida belgilab olingan maqsadli vazifalari to‘g‘risidagi axborotlar tinglandi.
Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, investitsiyaviy loyihalarni kengaytirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar va ikkinchi chorakda bajarilishi rejalashtirilgan loyihalar aniq misollar bilan birma-bir ma’ruza qilindi. Deputatlarning qizg‘in savol-javoblari, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan bildirgan taklif va tavsiyalari tinglanib, mas’ullarga topshiriqlar belgilandi, ijrosi uchun muddat belgilandi.
Misol uchun, ikkinchi chorak yakunigacha viloyatimiz aholisiga yanada qulaylik yaratish maqsadida 100 ta avtobus olib kelib, aholi foydalanishi uchun topshiriladigan bo‘ldi. Viloyatda ishsizlik va ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hududlar kesimida reja-grafik asosida mehnat balansini shakllantirish bo‘yicha ham bir hafta muddat belgilangan bo‘lsa, turistik obyektlar va ularda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha ham bir qator vazifalar belgilandi.
Sessiya yakunida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishlicha qarorlar qabul qilinib, ijrosi nazoratga olindi.
Adolat MO‘MINOVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV
(surat)