Egasini topmagan sovg’a

Date:

Kelin salomga borganmisiz? Otinoyi childirmani o‘ynatgancha “Kelin salom”ni maromiga keltiradi. Aytib-aytib kelinning yangi uyidagi qarindoshlarini tanishtiradi.

O‘ylaganingizdek qarindoshlar ham kelinga yaxshi tilak ila ataganini sochishiga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri-da, shu-uncha qorako‘z oldida “quruqqina salomlashish” uyat, axir. Ana shunday to‘ylardan biridaman. Otinoyi eng avval qayinotaga salom yo‘lladi. Nigohlar qayinotani qidirardi. Qayinota ham olomon o‘rtasidan shartta chiqdi-da, kelinga eng ezgu tilaklarni bildirib, qo‘lidagi kitoblar jamlangan sovg‘ani uzatdi. Kimdir bu sovg‘a qiymatini tushundi, kimdir esa yo‘q. Tushunganlar yuzida tabassum yugurgan bo‘lsa, ba’zilar bir-biriga ma’noli qaragan bo‘ldi. Qaniydi, hamma qayinota-yu qayinonalar mana shunday ma’naviyat, ma’rifat ulashsa. Tug‘ilajak bolalarining, nabiralarining kelajagini hali dunyoga kelmasidan avval o‘ylashsa…

Menga-da, kitob sovg‘a qilishlarini xush ko‘raman. Yaqinda ham bayram kechasida kitoblar jamlanmasini tuhfa qilishgandi. Sabrim chidamay, o‘sha yerning o‘zida sovg‘a bog‘lamlarini ochib, asar nomlarini o‘qishga, bir-bir varaqlashga ham ulgurdim. Yaxshi-da, kelgusida bo‘sh vaqtimni sarf etadigan kitoblarim ayni men qidirgan va kerakli asarlar ekan. Qo‘liga tushganni o‘qib ketar ekan degan xayolga bormang, saralab o‘qiyman, tanlab-tanlab o‘qiyman. Ba’zan xarid qilaman, ba’zida esa kutubxona eshigini qoqishimga ham to‘g‘ri keladi. Kitob sovg‘a qilish uchun xarid qilganimda ham qandaydir qizg‘onchiqligim tutib, o‘zimda qoldirish haqida o‘ylab ham qolaman. Avval o‘qib chiqib, eng qadrli narsamdan ayrilgudek sovg‘a qilguvchimning qo‘llariga tutqazaman. Ba’zan do‘stlarimning qizg‘onib bermagan, ammo men izlab yurgan kitoblarini bildirmaygina ‘‘o‘g‘rilab’’ oladigan odatim ham yo‘q emas, ba’zida esa o‘qish uchun olganlarimni qaytarishni unutgan bo‘laman. Asosiysi, eng qimmatli xazinani to‘playotgandek ko‘nglimda iftixor tuyaman.

Talabalik yillarimda o‘qituvchimiz ikki talabani yoniga chaqirib, derazadan ko‘chaga boqib, nimani ko‘rayotganini so‘raganida biri chiqindilar uyumi to‘plangan joyni, bu ta’bini xira qilayotganini aytganida, ikkinchisi, qishning sovug‘ida ham quyoshning kulib boqayotganini, havoning nechog‘lik musaffo ekanini so‘zladi. Bu qarashlar negizida ham ularning hayotga qarashlari, saviyasi, estetik olami ko‘rinib turardi. Mutolaa ham insonni hayotdan zavq olishga, yomonlikni quvishga, mushohada etishga, sintez qilishga chorlaydi.

So‘zimning boshiga qaytsam, yillar o‘tib, keliniga kitob sovg‘a qilgan xonadonda mehmondaman. Tashqaridan qaraganda havas qilarli holat. Xonadonda bolajonlarning shodon qiyqirig‘i yangraydi. Kelin yumush bilan, qayinona tikish-bichish ila band. O‘g‘il ishda, oilaboshi esa ko‘zoynagini taqqancha gazeta o‘qiyapti. Men ham kelinga qarashgan bo‘ldim. U yoq-bu yoqni saranjomlagan bo‘ldim. Bir chekkadagi qog‘ozlar uyumini yig‘ish uchun engashdim. Bo‘laklarga bo‘lingan kitoblar. Buklangan muqovadagi ayol surati mulzam tortganga o‘xshab qolgandi. Ichki tomonida esa “… o‘qib-o‘rganib, mevasini farzandlaringizga ham ulashing… dadangiz…” degan yozuvlarga ko‘zim tushdiyu qo‘llarimni titroq bosdi. Shu tobda qandaydir parda ko‘tarilib, asliyatni ko‘rsatib qo‘ygandek, nodir to‘yona yer ila yakson bo‘lgandek, mevalar pishmay uzilgandek bo‘ldi. Sovg‘a egasini topmaganiga achindim, xolos.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Surxondaryoda ichki turizm yarmarkasi o‘tkazildi

Surxondaryo boy turistik salohiyatga ega hudud. Viloyatda o‘tmishdan saqlanib...

Uchinchi o‘rin bilan kifoyalanishdi

Shaxmat va shashka insonni o‘ylashga, mushohada qilishga majbur etuvchi...

MTTlar planshet va internet uzatgichlari bilan ta’minlanmoqda

Zamonaviy texnika, texnologiyalar barcha sohalarda tub burilishlar yasab, katta...

Maktab direktoridan ajoyib loyiha

Ta’lim-tarbiyada rag‘batning o‘rni nihoyatda katta. Rag‘bat yoshlarga motivatsiya beradi....
KunTun
KunTun