Shogirdlari bilan sharaflanadigan ustoz

Date:

Har gal Shohida Rahmatovnaga havas bilan boqib, o‘zimga o‘zim savol beraman. ‘‘Bundan 42 yil oldin Toshkent tarafdan olis va chekka Termizga kelin bo‘lib tushganida Surxondaryoning ta’lim tizimini rivojlantirishda oldingi safda bo‘lishini yoki oddiy pedagoglikdan shunchalik ko‘p shuhrat va obro‘-e’tibor topishini ko‘z oldiga keltirganmikan? Aqalli, biror marta turmush o‘rtog‘iga poytaxtga borib yashashni taklif etganmikan?’’ Bu haqida biror bora botinib so‘ray olmaganman.

Aslida xayolimdan bunday fikrni o‘tkazishga Surxon taraflarga boshqa viloyat va shaharlardan kelin bo‘lib tushadigan ba’zi ayollar kuyovning uyida bir muddat yashab, farzand ko‘rgach, ota yurtga ko‘chib ketish istagi “bo‘y ko‘rsatishi” sabab bo‘lgan. Chunki, bu taklifni eshitgan ayrim yigitlarimiz kelin va farzandlarini olib, poytaxtga ko‘chib ketgan. Ba’zilari ota-onamni tashlab ketmayman, deya guldek oilasi bilan ajrashgan. Hayotda esa har ikki holatga ham yetarli misollar bor.

Iste’dodli pedagog Termizning tandir taftidek issiq kunlariga, afg‘on shamoli garmseliga ko‘nikib, istiqomat qilmoqda. Turmush o‘rtog‘i bilan guldek 5 farzandni kamolga yetkazib, ularning huzur-halovatidan zavq tuyib, bir etak nevaralarining sho‘x-shodon ovozi jarangiga shukrona aytib yashamoqda. Shohida Aripovaning Al Hakim at Termiziy nomidagi 1-sonli viloyat yosh fizik-matematiklar maktab-internati direktori bo‘lib ishlayotganiga ham bu yil 13 yil bo‘ldi. Tajribali ustoz o‘zining fidoyiligi, tashabbuskorligi, yoshlarni Vatanga muhabbat, an’analarga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi samarali mehnatlari hamda yetakchilik qobiliyati bilan nafaqat janubdagi viloyat, balki respublikaning barcha ta’lim tizimi xodimlari va keng jamoatchilik o‘rtasida katta hurmat qozongan. U rahbarlik qilayotgan maktab-internati 2018-yilda Xalq ta’limi vazirligining “Eng obod ta’lim muassasasi” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichida 1-o‘rinni egalladi.

Shohida Rahmatovna bilan bir gal suhbatlashib turganimda beixtiyor o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari bilan qiziqdim. Shuncha tashkilotchilik ishlari va ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib qanday qilib vaqt topganini so‘radim-u, shu zahoti “obbo, ustozga bolalarcha savol berib qo‘ydim-a”, deya xijolat chekdim. Sh.Aripova miyig‘ida kulib, lo‘nda javob berdi:

— Qizim, qayerda qanday vazifa yoki kasbda ishlasangiz ham nonini halollab yeng. To‘g‘ri, ta’lim muassasamiz katta dargoh. Uning o‘ziga yarasha zalvorli yuki bor. Eng iqtidorli o‘quvchilar keladi. Mana, o‘zingiz ham ko‘ryapsizki, ular bilan ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Katta orzu-umidlar bilan ostonamizdan ichkariga qadam tashlagan har bir o‘quvchiga yetarli zamonaviy qulaylik yaratish kerak. Ustozlarining fan sirlarini mukammal o‘rgatishi uchun ham sharoit zarur. Bu ishlarni ko‘ngildagidek bajarishning o‘zi katta mas’uliyat. Lekin, luqmam shu vazifa ketidan bo‘lgandan keyin bu ishlardan, ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib, sokin tunda qo‘llanmalar yozishga ham vaqt ajratamanda!

Sh.Aripova pedagogik faoliyati davomida matematika fani va darslarda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanishga oid 30 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, 2016-2019-yillarda viloyatda ommalashtirilgan “O‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish usullari”, “Darslarni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish”, “Samarali darsni tashkil etish usullari” kabi mavzulardagi dars ishlanmalari, shuningdek, turli mavzudagi maqolalari respublika pedagogik o‘quv to‘plamlari, “Algebra” (9-sinf), “Algebra” (8-sinf), “Geometriya” (8-sinf), “Matematika” (6- sinf) o‘quv qo‘llanmalari, ixtisoslashtirilgan maktablar uchun 9-sinf matematika darsligi (hammualliflikda), 2018- yilda ixtisoslashtirilgan maktablarning 5-sinfiga kiruvchilar uchun mo‘ljallangan risola muallifi hamdir.

Ustoz maktab-internatda “Shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari” asosida interfaol usulda dars berish, seminarlar o‘tkazish ishlarini keng yo‘lga qo‘ygani bois bu ta’lim muassasasi matematika fani bo‘yicha tayanch maktabi hamdir.

Bir so‘z bilan aytganda, Shohida Rahmatovnaning kunni tunga ulab mehnat qilishi, izlanishi maktabinternatni mamlakatdagi eng ilg‘or ta’lim muassasalaridan biriga aylantirdi.

Ta’lim muassasasi qator yillardan buyon Termiz shahridagi barcha maktablar ichida reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘ldan bermay kelayotir. Iskandar Bo‘riyev 2018-yilda matematika fanidan Bolgariyaning Burgas shahrida o‘tkazilgan musobaqada umumjamoa hisobida bitta kumush va yakka tartibda bitta bronza medali bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2020-yilda Kavkazning Adegiya shahrida o‘tgan matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadada ishtirok etib, bronza medali bilan qaytdi. Kenguru va Xalqaro Hamjihatlik olimpiadalarida ko‘plab o‘quvchilar faxrli o‘rinlarni egallamoqda.

Maktab-internat o‘quvchilari Muxlisa Shaymardonova, Ruxshona Abdurazzoqovalar Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lganligi quvonarli. Agar bitiruvchilarning sifat ko‘rsatkichiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan yili 70 foiz o‘quvchi talabalikka qabul qilindi. Bu yo‘nalishda ham viloyatdagi ixtisoslashgan maktablar o‘rtasida 1-o‘rinda turibdi. 2020/2021-yil o‘quv yilida o‘quvchilarning 81 foizi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lgani yaqqol misoldir.

— Bugun ta’limga qaratilayotgan e’tiborga mahliyo bo‘lib, dars sifatini tushirmaslik zarur, — deydi Sh.Aripova. — Aksincha, o‘quvchilarimizning barchasi to‘liq oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishiga erishishimiz lozim. Sizlar ham his etyapsizlarmi, baribir shogirdlarning baxt-u kamolini ko‘rish va ularning yutug‘i bilan g‘ururlanishning gashti boshqacha bo‘ladi. Ta’lim sohasi jonkuyarining xizmatlari munosib baholanib, “O‘zbekiston Respublikasi Xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Feruza JABBAROVA,

o‘qituvchi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Topshiriqlar ijrosi o‘rganildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan...

Xitoyda qadimgi insonning yangi turi topildi

Inson evolyutsiyasi har doim qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib kelgan....

Cho‘lponning yangi topilgan asari nashr etildi

Ma’rifatparvar bobolarimizning ijodiy merosi, ayniqsa, hali adabiy jamoatchilikka noma’lum...

Bayrog‘imiz jahon sahnasida

Chempionat va kurashlarda polvonlar yurtidan nomzodlar ishtirok etsa, sportchilarning...
KunTun
KunTun