“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!”

Date:

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining navbatdagi yilligi hamda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab turli ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Surxondaryo viloyatidagi 18-sonli umumta’lim maktabida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida tashkil etildi.

Tantanali tadbirda maktab rahbariyati, pedagoglar, o‘quvchilar, mahalla faollari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar o‘zbek tilining boy tarixi, milliy madaniyatimiz va ma’naviyatimizni shakllantirishdagi beqiyos o‘rni, shuningdek, milliy o‘zligimizni anglashdagi ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Ta’kidlanganidek, ona tiliga hurmat — milliy qadriyatlarga, ajdodlar merosiga va Vatanga bo‘lgan ehtiromning yorqin ifodasidir.

DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari ham o‘z chiqishlarida ona tilining yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda Vatan sarhadlariga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlashdagi muhim ahamiyatini alohida qayd etdilar.

Bayram dasturidan o‘rin olgan o‘quvchilarning badiiy chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Iqtidorli yoshlar ona tili, Vatan, tinchlik va istiqlolni madh etuvchi she’rlarni ifodali o‘qib, kuy-qo‘shiqlar ijro etdilar. O‘quvchi qizlar tomonidan namoyish etilgan milliy raqslar esa tadbirga o‘zgacha fayz va joziba bag‘ishladi.

Shuningdek, tadbir doirasida o‘zbek tili va adabiyotiga oid kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda mumtoz adabiyot namunalari, o‘zbek adabiyotining nodir asarlari hamda zamonaviy kitoblar namoyish qilindi. Ko‘rgazma o‘quvchilarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ona tilimizning boy imkoniyatlarini yanada chuqurroq anglashiga xizmat qildi.

Tadbir yakunida o‘zbek tili va adabiyoti fanini puxta o‘zlashtirayotgan, maktab hayotida hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashib kelayotgan bir guruh o‘quvchilar taqdirlandi.

Ularga DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi va maktab rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari hamda faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan ushbu bayram tadbiri o‘quvchi-yoshlarning ona tilimizga bo‘lgan hurmatini yanada oshirish, qalblarida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, Vatanga sadoqat ruhini yuksaltirishga xizmat qildi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Sinovlarda sinashta

Surxondaryo viloyatidagi 15 ta “Jasorat maktabi”ning chaqiruvga qadar boshlang‘ich...

Ajdodlar merosi — yoshlar nigohida

Termiz shahrida yoshlarning jadid bobolarimiz hayoti va ma’rifatparvarlik merosiga...

Fuqarolik — yangi imkoniyatlar va yuksak mas’uliyat

Denov tumanida bir guruh yurtdoshlarimizga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi...

Tabiatga mehr bolalikdan boshlanadi

“Yosh ekologlar” jamoasi a’zolari maktabgacha ta’lim tashkilotida kichkintoylarning tabiatga...
KunTun
KunTun