Bugun yurtimiz yoshlari xalqaro maydonda o‘z bilim va salohiyatini namoyon etib, katta marralarni zabt etmoqda. Ana shunday iqtidorli yoshlardan biri — Qumqo‘rg‘on tumani Ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf o‘quvchisi Ashurova Shirin.
Shirin AQShning 7 ta nufuzli universitetidan tahsil olish uchun taklif oldi. Ular orasida aerokosmik muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha Embry-Riddle Aeronautical University va Syracuse University, shuningdek, University of Connecticut hamda boshqa nufuzli oliygohlar bor.
Bu yutuq — izlanish, intilish va bilimga bo‘lgan muhabbatning yorqin samarasidir. Ayniqsa, hali maktab partasida o‘tirgan o‘quvchining xalqaro miqyosdagi bunday imkoniyatlarga erishishi tengdoshlari uchun katta motivatsiya va ibratdir.
Shirinning muvaffaqiyati yoshlarimizda ulkan salohiyat borligini, aniq maqsad va tinimsiz mehnat bilan dunyoning nufuzli ta’lim dargohlari eshigini ochish mumkinligini yana bir bor namoyon etadi.

