Denov — Hindiston: Ilm-fan yo‘lida yangi qadamlar

Date:

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik ilm-fan taraqqiyoti, zamonaviy bilim va tajribalarni almashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, agrar soha, menejment va pedagogika yo‘nalishlarida ilg‘or tajribalarni o‘rganish mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan Hindistonning nufuzli ta’lim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiyaning Denov tadbirkorlik va pedagogika institutiga tashrifi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Hindistonning Indira Gandi nomidagi qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Girish K. Chandel, agrobiznes boshqaruv bo‘limi mudiri Xulas Patxak, Menejment ta’lim va taraqqiyot instituti vitse-prezidenti Lalit Aggarval hamda Ramakrishna yuqori o‘rta ta’lim maktabi direktori Mamata Aggarvallardan iborat delegatsiya institut faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv davomida ta’lim va ilm-fan sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlar institutda kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan ta’lim jarayoni, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari, zamonaviy laboratoriyalar hamda o‘quv infratuzilmasi bilan tanishdi. Xususan, o‘quv laboratoriyalarida olib borilayotgan amaliy mashg‘ulotlar, innovatsion ishlanmalar va talabalarning ilmiy izlanishlari delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, institut huzurida faoliyat yuritayotgan Hind o‘quv markazi taqdimoti o‘tkazildi. Unda markaz doirasida amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlari, til va madaniyat almashinuvi loyihalari hamda xalqaro sertifikatlash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tomonlar markaz faoliyatini yanada kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashdi.
Delegatsiya a’zolari institutda tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarda ham ishtirok etdi. Unda agrobiznesni rivojlantirish, zamonaviy menejment yondashuvlari, pedagogik innovatsiyalar hamda raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini
yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda xalqaro grant dasturlarida birgalikda ishtirok etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti dunyoning qator davlatlaridagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatgan. O‘tgan o‘quv yilida talabalar Turkiya, Indoneziya va Rossiya Federatsiyasida akademik mobillik asosida ta’lim oldi. Joriy yilda esa yana bir guruh talabalar xorijiy universitetlarda o‘qishni davom ettirmoqda.
— Institutda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, ilmiy salohiyat va yoshlarning intilishi bizda katta taassurot qoldirdi, — deydi Indira Gandi nomidagi qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Girish K. Chandel. — Ayniqsa, agrar sohadagi amaliy yondashuv va innovatsion ishlanmalar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishimiz uchun mustahkam asos bo‘ladi.
Tashrif yakunida mehmonlar talabalar uchun mahorat darslari o‘tkazdi, shuningdek, vohaning boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishdi. Ushbu tashrif ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi
ilmiy va akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

“Surxon tongi”

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

ASIRLIKKA ELTUVCHI “ASR VABOSI”

​Insoniyat taraqqiyoti qanchalik ildamlamasin, ayrim illatlar borki, ular ham...

Raqamli davr keldi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jamiyat hayotining barcha sohalariga chuqur kirib borayotir.Raqamli...

Sahnaning “sanchig‘i” tutsa… yoxud tanlovning “tarnovi”dan ko‘zyoshlar oqmoqda

Turon teatri (yoki “Turon” truppasi) 1913-yilda Toshkentda jadid ma’rifatparvarlari...

ORZULAR QANOT YOZADIGAN KUN

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida yoshlar masalasi shunchaki ijtimoiy yo‘nalishemas,...
KunTun
KunTun