Giyohvandlikka nisbatan “asr vabosi” deya ta’rif berilgani bejiz emas. Chunki bugungi kunda aynan shu illat tufayli insoniyat salomatligi, taqdiri va kelajagiga rahna solinmoqda. Shuning uchun nafaqat illat, balki global ofat sifatida giyohvandlikka qarshi qat’iy kurashib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida tayyorlangan rezolyutsiya 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasida bir ovozdan ma’qullandi va qabul qilindi. Mazkur rezol-yutsiya “Markaziy Osiyo davlatlarining giyoh-vandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi” deb nomlangan.
Yurtimizda ham giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasining barvaqt oldini olish, aholida ularni iste’mol qilishga nisbatan immunitetni shakllantirish orqali genofondimizga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar bartaraf etilmoqda. Jahon tajribasi negizida giyohvandlikka chalingan bemorlar uchun tibbiy-davolanish tizimi tashkil etilmoqda. Bunda, ayniqsa, 2024-yil 6-may kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani ulkan ahamiyat kasb etdi. Ushbu hujjatda ayni sohadagi davlat siyosatining istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berildi.
Farmon bilan “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya” tasdiqlandi. Milliy strategiyada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan barcha davlat organlari va tashkilotlariga mas’uliyat yuklandi.
B.Maxmatqulov,
Viloyat FVB Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi
bosh inspektori, mayor