Saodatli kunlar shukuhi

Date:

Qushlar chug‘uri eng ajoyib simfoniya, ko‘zlaringizni yumib, ohangni his etasiz, dimog‘ingizga esa bahoriy gullar ifori uriladi. Yengil shabada, quyoshning zarrin nurlari… Shu lahzadanoq yangi kun kelganini — Navro‘zni his etasiz. Navro‘z ana shunday munavvar tuyg‘ularni uyg‘otib, ko‘ngilga ajib yorug‘lik olib kiradi.

Ayni yorug‘lik, ko‘tarinki kayfiyat bilan sharqona yangi yilni kutib olishga intilamiz.

Navro‘z — milliy qadriyat-u udumlarimizning qadr topishi, yildan yilga sayqallanishi bilan yanada go‘zal, yanada tarovatli. Bu yilgi Navro‘z sayillarining “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida o‘tkazilayotgani ham shundan. Sumalak sayillari, milliy liboslarni namoyish etuvchi chellenjlar, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, milliy taomlarni targ‘ib etuvchi tadbirlar allaqachon boshlanib, bugun Navro‘z shodiyonalariga ulanib ketganidan sezish mumkinki, qadriyatlarimiz qadr topayotir. Yoshlarning-da bunda faolligi ayni maqsadlarga yetish yo‘lida to‘g‘ri pozitsiyada ekanligimizdan dalolat.

Xalqdan xalqqa, tildan tilga ko‘chib yuruvchi milliy san’atimizsiz esa ayyom to‘kis emasdek. Folklor jamoalarning badiiy chiqishlari esa ayni kemtiklikni to‘ldiradi. Siz-u bizni, barchani xursandchilik qilishga, raqsga chorlaydi. Navro‘z sayillari ham ana shunday ko‘tarinki kayfiyatda davom etib, asosiy bayram tadbirlariga ulandi. Voha ahlining quvonchiga sherik bo‘lgan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning qizg‘in tabrigi esa viloyatning asosiy bayram tantanalarini boshlab berdi. Viloyat rahbari vohadoshlarimizni, qo‘shni davlatlardan tashrif buyurib, mehmonda bo‘lib turgan tadbir ishtirokchilarini Navro‘zi olam bilan qutlar ekan, sharqona yangi yilning ilk kunlarida his etilayotgan osuda va farovon hayot bilan yurtimizda tinchlik-omonlik, qut-baraka, baxt-u saodat bardavom bo‘lishini tiladi. Shuningdek, o‘tgan bir yil davomida vohamizda amalga oshirilgan e’tiborga molik ishlar tilga olindi, yutuqlarimiz sarhisob qilinib, bundan-da yuqori natijalarni, marralarni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan holda harakat qilishimiz lozimligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, ochiq osmon ostidagi muhtasham amfiteatrda bolajonlar ijrosidagi qo‘shiqlar va go‘zal raqslar ijrosi barchaning bayramona kayfiyatiga ko‘tarinkilik ulashdi. Har bir hududning, qardosh ellarning milliy kuy-qo‘shiqlari esa quloqqa xush yoqib, tomoshasidan yosh-u keksa zavq oldi.

— Tinch va osuda yurtga bayramlar yarashadi. Biz ham Navro‘zi olamni katta tantanalar bilan xursandchilik ila o‘tkazayotirmiz, — deydi Termiz arxeologiya muzeyi ilmiy xodimasi Zulayho Narkulova. — Har bir chiqish, ajoyib bayram dasturi bizga manzur bo‘lmoqda. Ayniqsa, poytaxtimizdan tashrif buyurgan mehmonlarning birma-bir chiqib, xonish qilishlari kutilmagan va eng yaxshi sovg‘a bo‘lmoqda. Barchaga yangi kun — Navro‘z muborak bo‘lsin!

Tomoshabinlar yuzida tabassum, ko‘zlarida shodlik zohir. Har bir chiqishni o‘zgacha bir hayajon ila kutib olib, olqish-u hayqiriqlar bilan qo‘llab-quvvatlayotganlarni kuzatishning o‘ziyoq maroqli, zavqli. Do‘mbira sadosi, chanqovuzning sehrli ovozi yangrab, sahnaga Surxon vohasining folklor ansambllari o‘z chiqishlarini namoyish etdilar. Bu esa keng ommani jonlantirib yubordi. Intiqlik ila sog‘inib kutilgan ijrolarga tomoshabinlar ham qo‘shilishdi.

— Shu lahzalarda o‘zimizni raqs tushishdan to‘xtata olmayapmiz. Kun davomida sayillarda yurib, bir olam taassurot olgan bo‘lsak, asosiy bayram tadbiri esa xursandchiligimizning davomi bo‘ldi, — deydi Surxondaryo radiosi muharriri Sayyora Aliyeva. — Milliylikni, milliy san’atimizni, milliy qadriyatlarimizni sog‘ingan ekanmiz. Bugungi Navro‘z bayrami esa sog‘inchlarimizni aritib, quvonchimizni oshirdi. Bayram dasturlaridan joy olgan chiqishlar, hududlarga, turli millat va elatlarga xos bo‘lgan qo‘shiqlar bizni dunyo bo‘ylab sayohatga olib chiqqandek taassurot uyg‘otdi. Bayramdan olgan taassurotlarimiz yil davomida bizga ko‘tarinki kayfiyat ulashsa, qadriyatlarimizdan faxrlanish tuyg‘usini uyg‘otsa, ajab emas.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Hosila Rahimova, Ozoda Nursaidova, el suygan san’atkorlar Feruza Jumaniyozova, Abdurashid Yo‘ldoshevlarning tashrifi barchani xushnud aylagan bo‘lsa, yosh va umidli xonandalar Sevinch Ismoilova, Gulinur, Mirjalol Ne’matovlar ijrosidagi sho‘x kuy-qo‘shiqlar bayramga yanada o‘zgacha kayfiyat ulashdi.

 

Vatan madhi, ona yurtga bo‘lgan sof tuyg‘ular tarannumi, bahor va Navro‘z, sof hamda samimiy hislar jarang topgan har bir ijroda mujassam. Kechagi kunimizni bugun va erta bilan bog‘lovchi qadriyatlarimiz qadr topgan mana shunday ajib kunlar voha ahliga manzur bo‘lmoqda.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Banklar oltin sotadimi?

O‘zbekistonda banklarga oltin sotish va xarid qilish huquqini kafolatlovchi...

Sayohat, ma’rifat va tozalik…

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi...

Kasaba uyushmalari harakati: yubiley tantanali nishonlandi

Surxon vohasida mehnatkashlar fidokorona mehnatini e’zozlash, ularning huquq va...

Obodonlashtirish yangi bosqichda

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida hududlarni yanada chiroyli,...
KunTun
KunTun