Mahkum ayollarning farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish va ularning parvarishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-dekabrdan 21-son jazoni ijro etish koloniyasi qoshidagi Bolalar uyi negizida hamda 42-son manzil-koloniyada 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun «Ona va bola markazlari» tashkil etiladi.
Markazlarda kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan, 5 nafargacha bolani qamrab oluvchi guruhlar tashkil etiladi. Bolalar oziq-ovqat, kiyim-kechak va zarur buyumlar bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, emlanishi va yoshiga mos rivojlanishi uchun sharoit yaratiladi.
Bolalar va onalar uchun yaratilgan sharoitlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan har chorakda monitoring qilib boriladi.
Qaror bolalarning sog‘lom rivojlanishi, munosib parvarish va maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanishini ta’minlashga qaratilgan.

