Ta’lim sifatini oshirishda o‘quv jarayonini samarali tashkil etish bilan birga, o‘quvchilar davomati ustidan aniq va ishonchli nazoratni yo‘lga qo‘yish ham muhim ahamiyatga ega. Zamonaviy raqamli texnologiyalar esa bu jarayonni yanada takomillashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Muzrabot tumanidagi navbatdagi manzili Obi hayot mahallasida joylashgan 7-sonli umumta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda viloyat rahbariga sun’iy intellekt texnologiyalari bilan integratsiyalashgan, o‘quvchilarning maktabga kelib-ketishi va darslardagi ishtirokini nazorat qilishga mo‘ljallangan Face ID tizimi taqdim etildi.
Taqdimot davomida o‘quvchilar davomatini aniqlash, ularning maktabga kelishi va darslardan so‘ng qaytishini qayd etish, shuningdek, sinf xonalaridagi o‘quv jarayonlarini kuzatish imkoniyatlari amaliy misollar orqali namoyish qilindi.
Viloyat hokimi tizim imkoniyatlarini yanada kengaytirish, samaradorligini oshirish va qo‘shimcha funksiyalar bilan takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. Shuningdek, ushbu tajribani viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarida bosqichma-bosqich joriy etish, o‘quvchilar davomati ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

